O‘lik tug‘ilgan bola ham kutadimi

Assalomu alaykum! Agar go‘dak o‘lsa u ota onasini jannat ostonasida kutadi va onamsiz jannatga kirmayman deb turadi degan gap bor. Shu to‘g‘rimi? Mani xam farzandim 9 oylikda o‘lik tug‘ildi, ona sutimni bermagan bo‘lsam xam man uning onasiman deyishga xaqqim bormi va jannatda mani kutadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bunday holatlarda musulmon kishi shariatga og‘ishmay amal qiladi va quyidagi hadisning bashoratidan umid qiladi.عن مُعاذِ بنِ جبلٍ رضيَ اللهُ عنه عن النبيِّ صلَّى اللهُ عليهِ وسلم قالَ : وَالَّذِيْ نَفْسِيْ بِيَدِهِ إِنَّ السِّقْطَ لَيَجُرُّ أُمَّهُ بِسَرَرِهِ إِلَىْ الجَنَّةِ إِذَا احْتَسَبَتْهُ. رواه ابن ماجه  Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, siqt(nobud bo‘lgan homila) kindigi bilan onasini jannatga tortib kiradi. (Onasi bola vafot qilgan vaqtida uning) savobini umid qilsa” dedilar".
Ibn Moja rivoyati. قال النووي رحمهُ الله : موتُ الواحدِ من الأولادِ حجابٌ منَ النار ، وكذا السقطُ  Imom Navaiy rahmatullohi alayh:
“Farzandlardan birortasining vafoti (ota-ona uchun) do‘zaxdan to‘siqdir. Shuningdek tug‘ilmay nobud bo‘lgan homila ham” deganlar.
Imom Termiziy Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Alloh taolo «Ey o‘lim farishtasi, sen bandamning farzandining – ko‘zining qorachig‘ining, qalbining samarasining jonini oldingmi?» deydi. Farishta «Ha», deydi. Alloh «U nima dedi?» deb so‘raydi. Farishta «Senga hamd va istirjo aytdi», deydi. Shunda Alloh taolo «Jannatda unga bir uy bino qilinglar va «Hamd uyi» deb nomlanglar», deydi», deganlar.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Birortangizning oyoq kiyimining ipi uzilsa ham istirjo aytsin», deydilar.
 Demak, inson kattayu kichik har bir ko‘ngilsiz hodisada – ko‘zining qorachig‘i, jigarbandi – bolasi o‘lganda ham, oyoq kiyimining ipi uzilganda ham sabr qilishi kerak. Musibat etgandan keyin darhol istirjo‘ aytib, sabr qilish, «Hamma narsa Allohniki va bari Allohga qaytadi», degan e’tiqodni mahkam tutish kerak. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 18:03 | Savol-javoblar | 169 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar