Namoz o‘qimay tursammikin

Assalomu alaykum! Alxamdulillax 3 yildan buyon namoz o‘qiyman. Iloji boricha o‘z vaqtida ado qilishga xarakat qilyapman. Shu boiz qish kunlari asr namozi qazo bo‘lmasligi uchun xam ish joyimni o‘zgartirdim. Savolim quyidagicha. Keyingi paytlarda peshin, shom va xufton namozlarini o‘qishda yuragim siqilib ketyapdi. O‘zimni yomon xis qilyapman. Bir xayolim xozircha namozni to‘xtatib tur, pensiyaga chiqqanda o‘qiysan deydi. Lekin namozni tashlab qo‘ymaslik uchun faqat farz namozlarni o‘qib yursam bo‘ladimi? Gunoxkor bo‘lib qolmaymanmi? Bu ishim uchun Allohni qaxriga uchramaymanmi, astaxfirullox.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz bunaqa qilib shaytonga engilmang. Shayton avval sunnat namozlaringiz keyin esa farzlarni keyin esa iymoningizni olishga o‘tadi. Siz mahkam bo‘lib, namozlarni to‘liq o‘qing. Qachon shayton shunaqa vasvasa qilganida o‘zingizni majburlab ko‘p namoz o‘qing. Qazolaringizni o‘qing. Keyin quyida kelgan hadisdagi duoni namozlaringizdan keyin doimo o‘qib, Allohdan O‘ziga ibodat qilishda yordam so‘rab turing: عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَخَذَ بِيَدِهِ وَقَالَ: يَا مُعَاذُ إِنِّي وَاللهِ لأُحِبُّكَ أُوصِيكَ يَا مُعَاذُ لاَ تَدَعَنَّ فِي دُبُرِ كُلِّ صَلاَةٍ تَقُولُ اللَّهُمَّ أَعِنِّي عَلَى ذِكْرِكَ وَشُكْرِكَ وَحُسْنِ عِبَادَتِكَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining qo‘llaridan ushlab:
«Ey Muoz, Allohga qasamki, albatta, men seni yaxshi ko‘rurman. Ey Muoz, men senga har bir namozdan keyin «Allohumma a’innii alaa zikrika va shukrika va husni ibaadatik» demoqligingni tark qilmaslikni tavsiya qilaman», dedilar».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatdagi duoning ma’nosi:
«Ey bor Xudoyo, menga zikringni, shukringni va ibodatingni go‘zal qilishga O‘zing yordam bergin».
Ushbu hadisdan olinadigan foyidalar:
1. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning fazilatlari.
2. Birovni yaxshi ko‘rgan odam muhabbatini izhor qilib aytishi mumkinligi.
3. Talab qilinmasa ham ma’noni ta’kidlash uchun qasam ichish mumkinligi.
4. Ustoz o‘z shogirdiga so‘ramasa ham zikrni o‘rgatib borishi kerakligi.
5. Ushbu zikrning fazli va uni namozdan keyin aytib yurish zarurligi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 06:02 | Savol-javoblar | 176 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar