Jumaga erta borish

Assalomu alaykum! Bir domlaning maruzalarida eshittimki jumaga erta kelgan odamning xar bir qadamiga bir yillik ro‘za va bir yillik taxajjud namozini o‘qiganlik mukofoti berilar ekan. Domla to‘g‘ri aytilarmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! JUMAGA YuRIB BORIShNING FAZLI عَنْ أَوْسِ بْنِ أَوْسٍ الثَّقَفِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ غَسَّلَ يَوْمَ الْجُمُعَةِ وَاغْتَسَلَ، ثُمَّ بَكَّرَ وَابْتَكَرَ، وَمَشَى وَلَمْ يَرْكَبْ، وَدَنَا مِنَ الْإِمَامِ فَاسْتَمَعَ وَلَمْ يَلْغُ، كَانَ لَهُ بِكُلِّ خُطْوَةٍ عَمَلُ سَنَةٍ، أَجْرُ صِيَامِهَا وَقِيَامِهَا  رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ Avs ibn Avs as-Saqafiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Juma kuni yuvsa va g‘usl qilsa, so‘ngra erta borsa, piyoda yurib, (ulov) minmasa, imomga yaqinroq o‘tirsa va tinglasa, behuda (harakat) qilmasa, uning har bir qadamiga bir yilning amali berilur, uning ro‘zasi va bedorligi ajri berilur», dedilar». 
Sunan egalari rivoyat qilgan.
Sharh: Juma namozi oson yo‘l bilan ulkan savoblar ishlab olish uchun qulay fursat ekanini oldin ham aytib o‘tgan edik. Ushbu hadisi sharifda ba’zi bir ish bilan, eng muhimi, niyat bilan piyoda yurib borish ila har bir bosgan qadam uchun bir yillik ibodatning, ro‘zasi-yu tungi bedorlik ibodatining savobiga sazovor bo‘lish mumkinligi haqida so‘z bormoqda. Mazkur ulug‘ maqomga erishish uchun quyidagi ishlar qilinishi kerak.
1. «Kim Juma kuni yuvsa».
Ya’ni, yuvishi kerak bo‘lgan narsalarni yuvsa. Xususan, sochini yaxshilab yuvishni ulamolarimiz ta’kidlaganlar.
2. «G‘usl qilsa».
Bu haqda ko‘p gapirildi.
3. «Erta borsa».
Ya’ni, Juma uchun niyat bilan erta borsa. Bu ham oldin gapirib o‘tildi.
4. «piyoda yurib, (ulov) minmasa».
Hadisi sharifdagi ayni shu jumla uni ushbu biz o‘rganayotgan «jumaga yurib borishning fazli» bobida keltirilishiga sabab bo‘lgan.
Ya’ni, jumaga savob umidida piyoda yurib borishlik fazilatli ish ekan. Albatta, sog‘-salomat inson piyoda yurib namozga borsa, har taraflama o‘ziga foyda bo‘lishi turgan gap.
5. «imomga yaqinroq o‘tirsa».
Albatta, imomga yaqin o‘tirishda yaxshiliklar ko‘p. Jumladan, avvalgi safdan o‘rin oladi, xutba, qiroat va duolarni yaxshi eshitadi. Eng muhimi, katta ajru savoblarga ega bo‘ladi.
6. «tinglasa».
Ya’ni, jumaga borgan odam tinglash lozim bo‘lgan xutba, qiroat va duolarni yaxshilab tinglasa. Xususan, juma kuni xutbadagi va’z - nasihatni tinglash, o‘rnak olish o‘ta muhim ish hisoblanadi.
7. «behuda (harakat) qilmasa»
Chunki ozgina behuda harakat ham, o‘sha harakatni qiluvchini ham, uning atrofidagi boshqa jumaga kelganlarni ham chalg‘itib, ko‘pgina foydalardan bebahra qiladi.
Hadisi sharifda ushbu etti ishni amalga oshirgan musulmonlarga ulkan xayr-barakalar va’da qilinmoqda, zotan, Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«uning har bir qadamiga bir yilning amali berilur, uning ro‘zasi va bedorligi ajri berilur», dedilar».
Bas, shundoq ekan ushbu ishlarni har juma ixlos bilan ado etib, va’da qilingan ajr-savoblarni olishga harakat qilaylik. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 06:22 | Savol-javoblar | 164 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar