Tirnoqqa mash tortish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, savolim nojoiz bo‘lsa oldindan uzr so‘rayman. Izlash xizmatidan topa olmadim. Bir  hamkasbim “ayollar tahorat olgach lak (tirnoq bo‘yog‘i) surtib ustidan xuddi maxsiga mash tortgandek mash tortib, bir necha kun (to lak o‘chishni boshlamaguncha) ustidan tahorat olib, ibodat qilish mumkin” deb qoldi. Shu masalaga oydinlik kiritib bersangizlar. Oldindan tashakkur.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Dinimizda bunday gap umuman yo‘qdir. Bu gapni chiqargan ayol muslimalarni ibodatsizlikka yoki qilgan ibodatlarini xabata bo‘lishga chaqirgan bo‘ladi. “Ayollar tahorat olgach lak (tirnoq bo‘yog‘i) surtib ustidan huddi oyoqqa mahs tortgandek mahs tortib, bir necha kun (to lak o‘chishni boshlamaguncha) ustidan tahorat olib, ibodat qilish mumkin” deb gap chiqargan ayolga shu ishni qilgan barcha ayollarning gunohlari hech qanday kamchiliksiz yozilishda davom etaveradi. Chunki bir bora g‘usl vojib bo‘lgan ayol o‘sha lak ustidan mash tortib yuraversa, janobatdan poklangan bo‘lmaydi. Lak surkalgan tirnoqlarga tahorat va g‘uslda suv tegmaydi. Qolaversa o‘zicha fatvo beruvchilar haqida Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda batafsil bayon qilingan. عَنْ عُبَيْدِ الله بْنِ أَبِي جَعْفَرَ عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرؤُكُمْ عَلىَ النَّارِ. رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ Ubaydulloh ibn Abu Ja’fardan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Fatvoga jur’atli bo‘lganingiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», dedilar». Dorimiy rivoyat qilgan. Kim do‘zaxga tushishdan qo‘rqmasa, parvo qilmasdan to‘g‘ri kelgan fatvoni aytaveradi. Ushbu ta’limotlar musulmonlarning avvalgi avlodlari tomonidan yaxshi o‘rganib chiqilgan, ularga amal qilingan va ular asosida maxsus qoidalar ishlab chiqilgan edi. Abdurrohman ibn Abu Laylo bir masalani so‘rab bilib olish uchun bir yuz yigirmata sahobiyga murojat qilganini, ularning hammasi o‘zidan boshqadan so‘rashni tavsiya qilganlarini rivoyat qilgan. O‘zidan ilmliroq kishining borligini bilgan olim ham o‘zi fatvo bermay mazkur bilmliroq kishidan so‘rashni maslahat berishi qoidaga kiritilgan. Musulmonlar ushbu qoidaga qarshi chiqqanlarga nisbatan murosasiz kurash olib borganlar va shuning uchun ham, turli ixtiloflar hamda balo ofatlardan saqlanganlar.(“Din nasihatdir” kitobidan). Vallohu a’lam!
27 Aprel 2022, 14:24 | Savol-javoblar | 64 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar