Munofiq bo‘ladimi

Assalomu alaykum! Bir do‘stimning aytdi u bir ma’ruzadan eshitgan ekan bir inson gunox ish qilib yurib keyin tavba qilib bu ishni qilaymayman endi desada va yana o‘sha ishni qilib qo‘ysa u odam munofiq bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Unda munofiqning bir alomati paydo bo‘lgan bo‘ladi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: آيَةُ الْمُنَافِقِ ثَلَاثٌ: إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ، وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ، وَإِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da bersa, bajarmaydi, omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy).
Lekin bu uning tushkunlikka tushishiga sabab bo‘lmasin, balki o‘zini Allohning ibodatiga ursin, gunohi uchun tavba qilsin. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ لَمْ تُذْنِبُوا لَذَهَبَ اللهُ بِكُمْ وَلَجَاءَ بِقَوْمٍ يُذْنِبُونَ فَيَسْتَغْفِرُونَ اللهَ فَيَغْفِرُ لَهُمْ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar gunoh qilmasangiz, Alloh sizlarni ketkazib, o‘rningizga gunoh qilib, istig‘for aytadigan bir qavmni keltirur va ularni mag‘firat qilur», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Gunoh sodir etmagan banda bo‘lishi mumkin emas. Ojiz banda doimo gunoh qilish ehtimoli ostida yashaydi. Shuning uchun banda doimiy ravishda istig‘for aytib turishi lozim. Ana o‘shanda bandaning siniqligi va Alloh taoloning afv va mag‘firati namoyon bo‘ladi. Ammo zinhor-bazinhor bu hadisi sharifdan gunoh qilishga da’vat ma’nosini tushunmaslik kerak. عَنْ زَيْدٍ مَوْلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَنْ قَالَ أَسْتَغْفِرُ اللهَ الْعَظِيمَ الَّذِي لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيَّ الْقَيُّومَ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ، غُفِرَ لَهُ وَإِنْ كَانَ فَرَّ مِنَ الزَّحْفِ Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlolari Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Albatta, u kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim «Astag‘firullohal aziymallazii laa ilaaha illaa huval-Hayyal-Qayyuma va atuubu ilayhi», desa, mag‘firat qilinadi. Hatto urushdan qochgan bo‘lsa ham», deganlarini eshitgan ekan».
Duoning ma’nosi: «Hayy va Qoyyum bo‘lgan, O‘zidan boshqa iloh yo‘q Ulug‘ Allohga istig‘for aytaman va Unga tavba qilaman». Vallohu a’lam!

13 May 2022, 21:42 | Savol-javoblar | 157 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar