Majburiy yaqinlik qilish

Assalomu alaykum! O‘zini majburlab yaqinlik qilish mumkinmi? Masalan savob qilish maqsadida beva ayolga uylansayu, lekin yaqinlik qilish uchun maxsus dori vositalarini ichishga majbur bo‘lsa. Bunday nikoxni davom ettirish qanchalik to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Baxtiyor oila” kitobida quyidagicha keladi: Jinsiy ojizlik haqida Jinsiy ojizlik arab tilida «aniyn» deyiladi va ayolni istamaydigan erkakka va erkakni istamaydigan ayolga nisbatan ishlatiladi.
Shar’iy istilohda esa, jinsiy olati bo‘lsa ham, ayollarga yaqinlik qila olmaydigan yoki juvonga yaqinlik qilib, bokiraga yaqinlik qila olmaydigan, ba’zi ayolga yaqinlik qilib, boshqasiga qila olmaydigan erkak «aniyn» deyiladi.
Bu ojizlik uning yaratilishidagi zaiflik, qari bo‘lganligi yoki sehrlangan bo‘lishi oqibatida vujudga kelishi mumkin. Ana shunday odam uylanganidan keyin aybi zohir bo‘lganda qanday hukmlar bo‘lishini quyida keladigan matnlar orqali o‘rganamiz.
Er yaqinlik qila olmaganiga iqror bo‘lsa, hokim unga bir qamariy sana muhlat beradi. Ramazon va ayolning hayz kunlari ham hisob. Ikkovidan birining bemorlik muddati bunga kirmaydi. Agar o‘sha yil davomida ayolga etisha olmasa va ayol talab qilsa, oralarini ajratib qo‘yadi. Shunda bir boin taloq tushadi.
Jinsiy ojizligi uchun xotinga jinsiy yaqinlik qila olmagan holatda erga shariat hukmi bo‘yicha bir yil muddat beriladi. Chunki jinsiy ojizlik o‘ta nozik xastalikdir. Unga davo topish ham oson emas. Faqat vaqt o‘tishi bilan, xotirjamlik asosida bir natijaga erishish mumkin.
Har kimning mizoji har xil bo‘ladi. Ba’zi erkaklar jinsiy ma’noda yozda yaxshi qo‘zg‘alsalar, ba’zilari qishda yaxshi qo‘zg‘aladilar. Bir yil muddat berishda esa, to‘rt faslning to‘liq o‘tishiga imkon berilgan bo‘ladi. Shundan so‘ng ham jinsiy ojizlik davom etaversa, ayolga ajrim haqqi beriladi. Jinsiy qoniqish haqqi ado etilmaganidan keyin, ayol mazkur haqqa ega bo‘ladi.
Jinsiy ojiz kishi uchun bir yil muddat berish hukumatga bu masala arz qilingan kundan boshlab bo‘ladi. Ammo, er bir marta bo‘lsa ham jinsiy aloqaga yaragan bo‘lsa, ojiz hisoblanmaydi.
Shunga ko‘ra unga xotini bilan ajrashish, mahr berish haqida hamda shunga o‘xshash boshqa ishlarda majburlovchi hukm qilinmaydi. Xotin ajrashishni xohlasa, qoziga arz qilib, xulu’ yo‘li bilan ajrashadi.Agar xilvati sahiha bo‘lgan bo‘lsa, ayol to‘liq mahrga haqli va idda vojib bo‘ladi.
Oralarida jinsiy yaqinlik bo‘lmaganligi bu narsalarga ta’sir qilmaydi. Xoli qolishning o‘zi mahr va iddani vojib qiladi.
Agar ikkovi ixtilof qilishsa, ayol juvon yoki bokiraligi e’tiboridan ayollar nazar solishadi. Agar «juvon ekan» deyishsa, er qasam ichadi.
Jinsiy aloqa bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi haqida masala ko‘tarilganda er va ayol ixtilofga tushdilar. Er «Bo‘lgan» deydi, ayol esa «Bo‘lgani yo‘q», deydi. Bunday holatda tajribali ayollar xotinning juvon yoki qiz ekanini ma’lum uslublar ila aniqlaydilar. Misol uchun, ular: «Ayol juvon ekan», dedilar. Bunda er o‘z gapining tasdig‘i uchun, ya’ni xotiniga jinsiy yaqinlik qilgani haqidagi gapda rostgo‘y ekanining isboti uchun qasam ichishi lozim bo‘ladi.
Birinchi holatda ayol aslida juvon edi. U: «Er menga yaqinlik qila olmadi», degan da’vo ila undan ajramoqchi. Er esa buni inkor qilmoqda. Qoida bo‘yicha, inkor qilgan odam qasam ichadi.
Ikkinchi holatda ayol bokira edi. Ammo tekshiruvda juvon chiqdi. Shu bilan birga, «Er menga yaqinlasha olmadi» degan da’voni qilmoqda. Ammo, ayollarning uni juvon deganlari er unga yaqinlashganligiga hujjat bo‘la olmaydi. Chunki qizlik pardasi sakrash, yiqilish va shunga o‘xshash boshqa sabablar bilan ketgan bo‘lishi ham mumkin. Shu boisdan er o‘z gapini tasdiqlash uchun qasam ichishi lozim bo‘ladi.
Agar er qasam ichsa, xotinning haqqi botil bo‘ladi.
Ya’ni mazkur ikki holatda er qasam ichsa, xotinning ajrashish haqqi botil bo‘ladi.
Agar qasam ichishdan bosh tortsa yoki ayollar «Xotin bokira ekan», deyishsa, erga bir yil muhlat beriladi.
Berilgan muhlatdan keyin ham ixtilof qilishsa, xuddi avvalgiga o‘xshash taqsim bo‘ladi. Erning qasam ichishi ila ayolning haqqi avvalgi marta botil bo‘lgani kabi botil bo‘ladi.

Shuningdek, ayol muhlatdan keyin erni ixtiyor qilsa ham, haqqi botil bo‘ladi. Avvalgi holatda muhlat berilgan bo‘lsa, bu holatda ayolga ixtiyor beriladi.
Ya’ni, ma’lum muhlat berilgandan keyin yana ixtilof paydo bo‘lib, masala qaytadan avvalgi vaziyatga kelsa, ixtiyor ayolga beriladi. Xohlasa, mazkur er bilan yashashda davom etadi, xohlasa, ajrashib ketadi.
Axta ham muhlat berilishida jinsiy ojizga o‘xshaydi.
«Axta» deganda moyaklari ishdan chiqqan odam ko‘zda tutiladi. Bu holat qay uslub ila paydo bo‘lganining farqi yo‘q.
Olati kesilgan (er) ayolning talabiga binoan darhol ajratiladi.
Chunki muhlat berishdan foyda yo‘q. Bunday odamning jinsiy yaqinlikka qodir bo‘lishidan umid yo‘q. Yuqorida zikr qilingan ayblardan boshqa holatlarda:
Ikkovlaridan biriga boshqasining aybi sababidan ixtiyor beriladi.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, jinnilik, moxov, pes, ayolning farjida o‘simta bo‘lishi holatlarida nikoh buzilmaydi.
Erkakning taloq qilish haqqi bo‘lganligi uchun unga bu kabi holatlarda ajrashishni talab qilish haqqi berilmagan. Ayolda taloq haqqi bo‘lmaganligi uchun unga mazkur ajrashishni qozi orqali talab qilish haqqi berilgan.
Ayb tufayli er‑xotin orasini ajratish masalasini atroflicha va chuqur o‘rganib chiqqan ulamolarimiz xulosa tariyqasida quyidagilarni aytganlar:
Ayblar qovusha olish yoki olmaslik jihatidan ikkiga bo‘linadi:
1. Qovushishdan man qiladigan ayblar.
Bunga erkakdagi olati kesilganlik, jinsiy ojizlik, bichilganlik, ayolning jinsiy a’zosida bez, o‘simta kabi to‘siq bo‘lishi kabi omillar.
2. Qovushishni man qilmaydigan ayblar.
Bunga nafrat qo‘zg‘ovchi va yuqadigan pes, moxov, sil va jinnilik kabi kasalliklar kiradi.
Umumiy qilib olganda esa, er‑xotinda ajrashishga sabab bo‘ladigan ayblar uchga bo‘linadi:
1. Erkakning jinsiy holatiga xos ayblar.
Jinsiy olatning kesilgan bo‘lishi, ishlamasligi, bichilgan bo‘lishi yoki qarilik va boshqa bemorliklar tufayli jinsiy aloqaga qodir bo‘lmaslik.
2. Ayolning jinsiy holatiga oid ayblar.
Farjning yo‘li to‘siq bo‘lishi.
Farjda suyak yoki bez bo‘lib, jinsiy aloqaga mone’lik qilishi.
Farjda lazzatni man qiluvchi narsa bo‘lishi yoki yomon hid chiqaradigan bo‘lishi va boshqa shunga o‘xshash ayblar.
3. Erkak va ayollar uchun mushtarak bo‘lgan ayblar.
Jinnilik, pes, moxov, peshobni tuta olmaslik, xunasalik kabi ayblar shu jumlaga kiradi.
Aybga binoan ajratish haqida fiqhiy mazhablar turli holatlarga qarab, turlicha hukmlar chiqarganlar.
Ular, holatga qarab, alohida-alohida o‘rganiladi va shundan keyin oxirgi xulosaga kelinadi.
Lekin ayb tufayli ajratishga oid umumiy shartlar bor.
1. Ajrashni talab qilayotgan tomon nikoh ahdi tuzilayotgan paytda aybdan bexabar bo‘lishi shart. Agar o‘sha vaqtda u aybni bilgan bo‘lsa, ajrashish haqidagi talab haqqiga ega bo‘lmaydi. Chunki aybni bilib turib, nikohga rozi bo‘lish aybga ham rozi bo‘lish alomatidir.
2. Aqdi nikohdan keyin ham aybga rozi bo‘lmagan bo‘lishi shart. Avval aybni bilmagan bo‘lsa ham, aqdi nikohdan keyin aybni bilib turib, rozi bo‘lgan bo‘lsa, ajrashishni talab qilish haqqidan mahrum bo‘ladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 15:48 | Savol-javoblar | 216 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar