Eski gunohlar esga tushib siqilaman

Assalomu alaykum! Meni anchadan beri bir narsa qiynaydi. Tayinli bir javob topaolmayapman. Savolim shuki folbinga yoshligimda borganman, gunohligini tushunib etganimdan keyin juda ko‘p tavba qildim, istig‘forlar aytaman, hozirgacha. Meni qiynayotgan narsa namoz va ro‘zalarim qabul bo‘ladimi yo‘qmi degan fikr hayolimdan ketmaydi. You tube kanallarida shirk keltirgan abadiy do‘zaxga bazi savol javoblarda kechiriladi deyilgan. Yaqinda bir odam folbinga borganning yani mushrikning namozi nima kerak deb qoldi. Namoz o‘qishni boshlasam shu fikr keladi, foydasi yo‘qmi degan. Haqiqatdan ham namoz o‘qisam ham o‘qimasam farqi yo‘qmi? Men endi nima qilishim mumkin? Tavbani to‘xtatganim yo‘q. Shu gunoh kechiriladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Tavba qilib tavbangizda sobit turgan bo‘lsangiz namozlaringizni qabul bo‘lishidan umid qilamiz. Vasvasaga berilmang, namozlaringizni vaqtida o‘qing. Bu gaplar shaytonning vasvasasi. Siz astoydil tavba qiling va hayotingizni davom ettiring. Gunohga tavba qilgandan keyin esga tushsa, istig‘for aytish kerak. Astoydil tavba qilgandan keyin ezilaverish kerakmas. Bu Alloh taoloning G‘affor sifatini mensimaslikka kiradi. Inson chin dildan bir bora tavba qilsa, albatta Alloh taolo uning gunohini kechiradi. Chunki Qur’oni Karim va hadis shariflarda, tavba qiluvchining gunohi kechirilishi haqida Alloh taolo va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va’da berganlar. Alloh taolo va’dasiga xilof qiluvchi Zot emas. Chin dildan tavba qilgandan keyin gunohini eslab ezilaverish Alloh taoloning “G‘affor” ya’ni o‘ta mag‘firatli ekanligini qadrlamaslik bo‘ladi. Siz ulug‘ bir insonning oyog‘ini bosib olsangiz va chin dildan, samimiy kechirim so‘rasangiz, u kishi kechirishini aytsa, siz yana qayta-qayta kechirim so‘raverishingiz u kishining o‘ta kechirimsiz, ginachi va pastkashga chiqargan bo‘lasiz. Qolaversa shayton Odam alayhissalomga dushman bo‘ldi va qiyomatgacha keladigan farzandlaridan qasos olishga qasam ichdi.
Alloh taolo “Sod” surasida marhamat qiladi : قَالَ فَبِعِزَّتِكَ لَأُغْوِيَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ ۝ إِلَّا عِبَادَكَ مِنْهُمُ الْمُخْلَصِينَ ۝ 82. U: «Sening izzating ila qasamki, men ularning barchasini yo‘ldan ozdirajakman.
83. Ulardan tanlangan bandalaringgina mustasno», – dedi.
Iblis Alloh taoloning izzati ila qasam ichib, Odam bolalarini qiyomat kunigacha ig‘vo qilishni qasd etdi. Shu bilan birga, Allohga ixlos qilgan, Alloh taolo tanlab olgan bandalarga ig‘vosi ta’sir qilmasligini ham aytib qo‘ydi. Insonni shaytonning ig‘vosidan saqlovchi qalqon uning Allohga ixlos bilan ibodat qilishidir. Allohga ixlos bilan ibodat qilmaganlar esa iblisning ig‘vosiga uchrashi turgan gap. Iblisning ig‘vosiga uchganlarning oqibatini Alloh taolo o‘sha paytdayoq e’lon qilib qo‘ygan. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Shaytonning tabiati xuddi jirkanch bir kishiga siz tarafingizdan bir xatolik o‘tsa, u hadeb sizni aybingizni yuzingizga solib, ezib tushkunlikka tushirgani kabidir. Siz bunga hech parvo qilmang.  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:30 | Savol-javoblar | 159 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar