Hayvon ichidan chiqqan kofe

Assalomu alaykum! Abror Muxtor Aliy domlaning bir videosida Amerikada ishlab chiqariladigan Kofe lulua nomi shundayroq edi adashmasam tayyorlanishi kofeni itga edirib ahlatidan tayyorlanadigan ekan. Shuni istemoli joiz dedilar. Hech tasavvur qila olmayman, qanday qilib joiz bo‘ladi? Isbot deb molni ichidan chiqqan quruq donni istemoli joizligiga qiyos qildilar. It bilan molni farqi kattaku?! Mollardagi mikroflora bilan itdagini solishtirib bo‘lmaydi. Itni nafasi najasku, qandayisiga ahlati joiz bo‘ladi?! Agarchi quruq bo‘lgan taqdirda xam. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ibn Obidin rahmatullohi alayh “Rddul muhtor” kitoblarida “Tatarxoniya”dan naql qilib, “Agar tuya, qo‘y va echkining qumqalog‘ida arpa topilsa, uni yuviladi va uch bor quritiladi va eyilaveradi. Molni tezagining ichida topilsa eyilmaydi. “Fathul qodiyr”da “Chunki molni tezagi quruq bo‘lmaydi” deganlar. So‘ng “Tatarxoniya” kitobida “Al Kubro”dan naql qilinib: “Bu borada biroz tafsilot bor. Ichidagi najosat singib ishishi va ishmasligiga bog‘liq. Bu borada qo‘y, tuya kabi hayvonlarning qattiq qumqalog‘i bilan mollarni tezagi barobardir. Ya’ni najosatni shimib ishib qolsa ikkisining ichidan tushsa ham eyilmaydi. Najosatni o‘ziga shimib olmasa ikkisining ham ichidan tushganini eyilaveradi” deyilgan. Biz qahva u jonvorni ichiga tushganidan keyin uning oshqozonidagi najosatni shimib olish yoki shimib olmasligini bilmaymiz. Ammo o‘sha hayvonlarga edirib qahva tayyorlovchilar “Muayyan bir hayvonni ichidan tushsa shunday ta’mga ega bo‘ladi, boshqa hayvonlarga edirib orqasidan chiqqanlarida qahva bunday ta’mga ega bo‘lmaydi” deyishlaridan qahva o‘sha hayvonni ichida ba’zi bir narsalarni shimib olishiga dalolat qiladi. Agar shimib olsa eyish joiz bo‘lmay qoladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:48 | Savol-javoblar | 165 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar