Jamoatga chiqishim shartmi?

Assalomu alaykum! Men chet elda yashayman. Uyim domning 3-etajida, shundoq pastga tushishimga masjid bor. Unda doimiy namoz ovozi eshtilib turadi. Shunday holatda bir kunda besh mahal namozni jamoat bo‘lib o‘qishim kerakmi yoki bir kunda 2-3 mahal chiqsam ham bo‘ladimi? O‘zim ham uyda farzni o‘qigim keladi ba’zida. Bularning mazhabi shofe’iy.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Jamoatga chiqing. Jamoatning zarurligini quyidagi hadisdan o‘qing.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَدَ نَاسًا فِي بَعْضِ الصَّلَوَاتِ فَقَالَ: لَقَدْ هَمَمْتُ أَنْ آمُرَ رَجُلًا يُصَلِّي بِالنَّاسِ، ثُمَّ أُخَالِفَ إِلَى رِجَالٍ يَتَخَلَّفُونَ عَنْهَا، فَآمُرَ بِهِمْ فَيُحَرِّقُوا عَلَيْهِمْ بِحُزَمِ الْحَطَبِ بُيُوتَهُمْ، وَلَوْ عَلِمَ أَحَدُهُمْ أَنَّهُ يَجِدُ عَظْمًا سَمِينًا لَشَهِدَهَا يَعْنِي الْعِشَاءَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
وَفي رِوَايَةٍ: إِنَّ أَثْقَلَ صَلَاةٍ عَلَى الْمُنَافِقِينَ صَلَاةُ الْعِشَاءِ وَصَلَاةُ الْفَجْرِ، وَلَوْ يَعْلَمُونَ مَا فِيهِمَا لَأَتَوْهُمَا وَلَوْ حَبْوًا، وَلَقَدْ هَمَمْتُ أَنْ آمُرَ بِالصَّلَاةِ فَتُقَامَ، ثُمَّ آمُرَ رَجُلًا فَيُصَلِّيَ بِالنَّاسِ ثُمَّ أَنْطَلِقَ مَعِي بِرِجَالٍ مَعَهُمْ حُزَمٌ مِنْ حَطَبٍ إِلَى قَوْمٍ لَا يَشْهَدُونَ الصَّلَاةَ فَأُحَرِّقَ عَلَيْهِمْ بُيُوتَهُمْ بِالنَّارِ
 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zi namozlarda bir qancha odamlarning yo‘q bo‘lganini bilib:
«Batahqiq, men bir kishini odamlarga namozga o‘tib berishini, namozga kelmay, orqada qolayotganlarga o‘zim borib, ularning uylariga o‘tin bog‘lamlarini qalab turib, ustilaridan yoqib yuborishlarini amr qilishga qasd qildim. Agar birlari semiz go‘shtli suyak topsalar, unga hozir bo‘lar edilar», dedilar. Ya’ni, Xuftonga, demoqchilar.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatda:
«Munofiqlarga eng og‘ir namoz Xufton va Bomdod namozlaridir. Agar u ikkisidagi narsani bilganlarida, emaklab bo‘lsa ham kelar edilar. Batahqiq, namozga amr qilib, u qoim qilinganda bir kishini odamlarga namoz o‘qib berishini buyurib, so‘ngra o‘zim o‘tin bog‘lamlarini ko‘targan odamlar bilan namozga hozir bo‘lmagan odamlarning oldiga borib, ustilaridan uylariga o‘t qo‘yib yuborishni qasd qildim», deganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdan jamoat namoziga bormaslik qanchalar yomon ekanligi ko‘rinib turibdi. Aks holda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam undaylarni uyiga qamab turib, ustidan o‘t qo‘yib yuborishga qasd qilmas edilar. Xufton va Bomdod jamoatlariga hozir bo‘lmaganlar bir o‘rinda munofiq deb atalishi ham jamoat namozining shariatimizdagi ahamiyatini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Emaklab bo‘lsa ham kelar edilar», deyishlari ham qattiq gapdir.
Buni Xufton va Bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qiganlarga beriladigan savobni bilganlarida yoxud bu ikki namoz jamoatini tark etganlarning gunohi va uning oqibati nima bo‘lishini bilganlarida, emaklab bo‘lsa ham kelar edilar, deb tushunmoq lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:40 | Savol-javoblar | 146 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar