Kalimai raddul kufr haqida

Assalomu alaykum! Yaqinda masjiddagi imom juma maruzasida “Kimda kim kalimai raddul kufrni har kuni yuz martadan o‘qisa unga o‘nta qulni ozod qilganlik savobi beriladi” dedilar va shu haqida xadis keltirdilar. Shu gap rostmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ushbu hadis “Al-Adab Al-Mufrad” kitobida kelgan. عَنْ لَيْثٍ قَالَ: أَخْبَرَنِي رَجُلٌ مِنْ أَهْلِ الْبَصْرَةِ قَالَ: سَمِعْتُ مَعْقِلَ بْنَ يَسَارٍ يَقُولُ: انْطَلَقْتُ مَعَ أَبِي بَكْرٍ الصِّدِّيقِ رَضِي اللهُ عَنْهُ إِلَى النَّبِي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقَالَ: «يَا أَبَا بَكْرٍ، لَلشِّرْكُ فِيكُمْ أَخْفَى مِنْ دَبِيبِ النَّمْلِ». فَقَالَ أَبُو بَكْرٍ: وَهَلِ الشِّرْكُ إِلَّا مَنْ جَعَلَ مَعَ اللهِ إِلَهًا آخَرَ؟ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ، لَلشِّرْكُ أَخْفَى مِنْ دَبِيبِ النَّمْلِ، أَلَا أَدُلُّكَ عَلَى شَيْءٍ إِذَا قُلْتَهُ ذَهَبَ عَنْكَ قَلِيلُهُ وَكَثِيرُهُ؟» قَالَ: «قُلِ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ أَنْ أُشْرِكَ بِكَ وَأَنَا أَعْلَمُ، وَأَسْتَغْفِرُكَ لِمَا لَا أَعْلَمُ Laysdan rivoyat qilinadi:
«Basra ahlidan bir kishi menga shunday deb xabar berdi: «Ma’qil ibn Yasorning shunday deganini eshitdim:
«Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan birga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordim. Shunda u zot:
«Ey Abu Bakr! Shirk ichingizda chumolining o‘rmalashidan ham maxfiydir», dedilar.
Abu Bakr:
«Shirk Allohga boshqa ilohni sherik qilish emasmi?» dedi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, albatta, shirk chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir. Men senga shirkning ko‘pini ham, ozini ham ketkazadigan narsani o‘rgatib qo‘yaymi? Ayt: «Allohim! Men Sendan bilib turib shirk keltirishdan panoh so‘rayman va bilmay qilib qo‘yganimga istig‘for aytaman», dedilar».
Sharh: 
Ushbu duo bilan banda shirkning ko‘pidan ham, ozidan ham xalos bo‘lar ekan. Bilib turib shirk keltirishdan panoh so‘raymiz, bilmay shirk keltirgan bo‘lsak, mag‘firat so‘raymiz.
Ulamolarimiz boshqa rivoyatlarda bu duoni kuniga uch marta o‘qib turish kerakligi aytilganini ta’kidlaydilar.
Shirkning chumoli o‘rmalashidan ham maxfiyroq bo‘lishi riyokorlik, odamlar eshitsin, deyish va o‘zidan faxrlanish orqali bo‘ladi. Kishi o‘zini yaxshi bilmagunicha, bu razilatlar undan ketmaydi.
Banda o‘zini biladigan bo‘lsa, maqtovlarning barchasi Alloh taologa xos ekanini tushunib etadi. Unday banda o‘ziga berilgan fazl, jamol, kamol va mol Alloh taoloning unga berib qo‘ygan omonati ekanini anglagan bo‘ladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:53 | Savol-javoblar | 165 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar