Bomdod namozi jamoat vaqti

Assalomu alaykum! Man Moskvada ishlayman. Kvartirada 4 kishi turamiz. Bomdod namozini jamoat bo‘lib o‘qiymiz. Xozir bomdod vaqti 2:25 da quyosh 4:34 da. Savolim shuki biz 2:25dan uyg‘onishni boshlaymiz, to xamma bita-bitta taxorat olguncha soat 3 bo‘lib qoladi. Ba’zida undan xam o‘tib ketadi. Shunday paytlarda jamoatni kutmay o‘zim o‘qib olsam bo‘ladimi yoki jamoat bo‘lib o‘qigan afzalmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Jamoatning savobi ulug‘. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُما، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: صَلَاةُ الْجَمَاعَةِ تَفْضُلُ صَلَاةَ الْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِينَ دَرَجَةً. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ  Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jamoat namozi yolg‘izning namozidan yigirma etti daraja afzaldir», dedilar».
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Demak, jamoat namozining fazli gohida yigirma besh, gohida yigirma etti daraja ustun bo‘lar ekan. Bunday farq masjidning uzoqligi, namozxonning ixlosi yoki imomning taqvosiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, jamoat bilan namoz o‘qishnig fazli beqiyos kattadir. عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَعْظَمُ النَّاسِ أَجْرًا فِي الصَّلَاةِ أَبْعَدُهُمْ فَأَبْعَدُهُمْ مَمْشًى، وَالَّذِي يَنْتَظِرُ الصَّلَاةَ حَتَّى يُصَلِّيَهَا مَعَ الْإِمَامِ أَعْظَمُ أَجْرًا مِنَ الَّذِي يُصَلِّي ثُمَّ يَنَامُ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ  Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlarning namozdan eng katta ajr oladigani 
(masjidga) yurib keladigan masofa uzoq bo‘lganidir. Imom bilan namoz o‘qishga intizor bo‘lganning ajri namozni o‘qib bo‘lib, uxlaganning ajridan ulug‘dir», dedilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu ham jamoat namozining fazlini ko‘rsatadi. Kishi jamoat namoziga qanchalik uzoqdan kelsa, shunchalik ko‘p ajr oladi. Imom bilan jamoat namozini o‘qishni kutib o‘tirgan odam ham savobga erishadi. Shuning uchun ham doimo jamoat bilan namoz o‘qishga harakat qilishimiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:54 | Savol-javoblar | 175 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar