Xufton vaqti kirsa yu

Assalomu alaykum! Men Qoraqalpag‘iston respublikasi Nukus shaxrida yashayabman. Bu erga dexqonchilik qilish uchun kelganmiz. Bu erda hammayoq dala maydonlik. Taqvim bo‘yicha xufton namozi kirsa ham quyosh botgan joyda ozgina qizil yorug‘lik bo‘ladi. 30 daqiqalardan keyin yo‘qoladi. Xozir xufton namozi 22:15da kiradi. Men shu 22:15 xuftonni o‘qisam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! "Kifoya" kitobida quyidagicha kelgan.
Shomniki undan to shafaq g‘oyib bo‘lguncha. U qizg‘ishlikdir va bunga fatvo berilgandir.
Imom Muslim Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Modomiki shafaq g‘oyib bo‘lmasa, shomning vaqti bor», deganlar.
Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga namozning vaqtlarini ko‘rsatganligi haqidagi hadisda: «So‘ngra shomni quyosh botib, ro‘zador iftor qiladigan paytda o‘qidi. So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi», deyilgan. Demak, shom namozining vaqti ushbu ikki vaqt orasida bo‘ladi. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ وَقْتِ الصَّلَوَاتِ فَقَالَ: «وَوَقْتُ صَلَاةِ الْمَغْرِبِ إِذَا غَابَتِ الشَّمْسُ مَا لَمْ يَسْقُطْ الشَّفَقُ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ  Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozlar vaqti haqida so‘raldi. Bas, u zot:
«…Shom namozining vaqti quyosh g‘oyib bo‘lgandan shafaq tushguncha», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
5. Xufton va undan keyin vitr – ikkisi ham mazkur vaqtdan to fajrgachadir.
«Mazkur vaqtdan» degani shom namozining vaqti tugagandan keyindan boshlab, deganidir.
Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga namozning vaqtlarini ko‘rsatganligi haqidagi hadisda «So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi», deyilgan.
Bunda xuftonning avvalgi vaqtida o‘qilgani haqida so‘z bormoqda. Oxirgi vaqti esa bomdodning vaqti kirguncha davom etaveradi. Bunda xufton bilan birga vitr namozining vaqti bir xil. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:21 | Savol-javoblar | 174 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar