4955 savoldagi taloq haqida

Assalomu alaykum! 4955-savol haqida. Men “taloqsan, taloqsan, taloqsan” deganman. Birinchi taloq tushib, qolganlari bekor bo‘lar ekan. Shayx Muhammad Sodiqning “Baxtiyor oila” disklarida ham eshitganman. 4955- savolda “taloqsan, taloqsan, undan keyin uch taloqsan” deyilgan ekan. Axir taloq desa nikoh buziladi. Buzilgan nikohga uch taloq qanday tushadi? Meni nikohim joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Juda yaxshi savol beribsiz. Taloqsan, taloqsan, taloqsan – deganda oraga uch taloq tushadi. Mabodo er qasam ichib men birinchi taloq tushishini xohlaganman, ikkinchi va uchinchisini taloq qo‘yish maqsadida emas, balki birinchi taloq qo‘yganimni xabarini berish maqsadida aytganman desa qozi “uch taloq tushgan” deb hukm qilaveradi. Mabodo o‘zi bilan Allohning o‘rtasida niyati rost bo‘lsa boshqa gap. Agar hech qanday niyat qilmagan bo‘lsa, hatto xabar berish niyatini ham qilmagan bo‘lsa, oraga uch taloq tushaveradi. Siz aytgan bir taloqdan keyin ikkinchi taloq tushmaydi degan gap mutlaqo boshqa masala. Ulamolarning “kinoya so‘zi bilan masalan “Sen meni xotinimmassan” degan so‘zidan keyin “Uyinga ketaver” degan gapni aytsa, birinchisida taloq tushib ikkinchisida tushmaydi degan so‘zlaridan olingan. Bu o‘rinda birinchi taloq kinoiy bo‘lib undan boin taloq tushadi, ikkinchi so‘zdan ham boin taloq tushadi, “Boinga boin ilashmaydi” qoidasiga asosan ikkinchi taloqni e’tiborga olinmaydi. “TLQ” harflari ishlatilib aytilgan taloqda esa raj’iy taloq tushadi. Uni ortidan aytilgan taloqlar hammasi tushaveradi. Shu qoidani ahli ilmlardan 95% ham ajrata olishmaydi. Bir taloq qo‘yilgandan keyin xotin iddaga o‘tiradi. Shu muddat ichida xotinning ustiga qo‘yilgan taloq shak-shubhasiz tushaveradi. Chunki u bir jihatdan uning xotini hisoblanib turadi, nafaqasi ham erning zimmasida bo‘ladi, hatto o‘sha muddatda boshqa erga tegsa nikohi ham bog‘lanmaydi.
Yuqoridagi masaladan o‘zingizni savolingizga xulosa chiqarib olavering. Mabodo masalaning arabiy iboralarini so‘rasangiz uni ham jo‘natishimiz mumkin. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:21 | Savol-javoblar | 174 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar