Zulmmi?

Assalomu alaykum! Tibbiyot xodimi bo‘lganim uchun shu savolni yozyapman. Agar, farzand xolati (yoshi…) etsayu, turmush qurmagan bo‘lsa va shu sabab kasal bo‘lsa, shu ota-ona tomonidan zulmmi? Ko‘p hollarda ota-ona orzu havas deb odamlar ko‘rsinga va nom qozonishni o‘ylab to‘yni kechiktirishadi va natijada farzandlarini qiyin ahvolga solib qo‘yishmoqda. Masalan, bir qiz 28da ekan, turmush qurmagan. Undagi belgilar turmush qurgach yo‘qolishi deyarli ko‘rinib turibdi. Yoki yigitlarda jinsiy organ kasalliklari(xar xil kino ko‘rish) hisobiga ham kelib chiqadi. Shunga batafsil javob bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dini va xulqidan rozi bo‘ladiganidan sovchi kelsa nikohlab beringlar. Aks holda katta fasod bo‘ladi” deganlar. Siz aytgan narsa o‘sha fasodlardan biri. Ustozimiz rahimahulloh ham ushbu hadisni sharhlab quyidagicha deganlar: عَنْ أَبِي حَاتِمٍ الْمُزَنِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا جَاءَكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ فَأَنْكِحُوهُ، إِلَّا تَفْعَلُوا تَكُنْ فِتْنَةٌ فِي الْأَرْضِ وَفَسَادٌ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، وَإِنْ كَانَ فِيهِ؟ قَالَ: إِذَا جَاءَكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ فَأَنْكِحُوهُ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ Abu Hotim al-Muzaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon sizga o‘zingiz dinidan va xulqidan rozi bo‘lgan kishi kelsa, unga (so‘raganini) nikohlab bering. Agar shunday qilmasangiz, er yuzida fitna va fasod bo‘lur», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, agar unda (faqirlik va hokazo) bo‘lsa ham-a?» deyishdi. U zot «Qachon sizga o‘zingiz dinidan va xulqidan rozi bo‘lgan kishi kelsa, unga (so‘raganini) nikohlab bering», deb uch marta aytdilar». Termiziy rivoyat qilgan va hasan, degan. Alloh oliy va bilguvchiroqdir. Sharh: Bu hadisi sharifdan dini va xulqi yaxshi bo‘lgan yigit eng munosib kuyov bo‘lishi qattiq ta’kidlanganligi kelib chiqmoqda. dini va xulqi rozi bo‘ladigan darajadagi kishi tomonidan bir odamning qizi kelinlikka so‘rab kelinsa-yu, berilmasa, er yuzida fitna va fasod ish qilingan bo‘lishi uqdirilmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu gapni eshitib, «Agar u odam kambag‘al yoki rag‘bat qilinmaydigan boshqa sifatlarga ega bo‘lsa ham-a?» degan ma’nodagi savolni berganlarida u zot oldingi gaplarini uch marta qayta takrorlashlari kishidagi dindorlik va xulqi yaxshilik naqadar ulug‘ sifat ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Biz, mo‘min-musulmonlar kuyov tanlash paytida ushbu nabaviy maslahatlarga amal qilsak, albatta, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz. Endi kelinlikka nomzod ham, kuyovlikka nomzod ham surishtirib bo‘lindi. Sifatlari, dinu diyonati, odob-axloqi va odamgarchiligi o‘rganildi. Ana shu ma’lumotlarga qarab, oila qurishga niyat qilinadi. Mazkur so‘rab-surishtirish orasida fotiha ushatilib, to‘y boshlab yuborilaveradimi? Kelinlikka va kuyovlikka nomzodlar bir-birlarini to‘ydan oldin ko‘rishlari gunoh hisoblanadimi? Yoki ba’zi birlar aytganidek, yoshlar bir-ikki yil birga yurib, bir-birini sinab ko‘rishlari kerakmi? Islomda yuqorida so‘ralgan ikkala uslub ham noto‘g‘ri hisoblanadi. Bir-birini ko‘rmasdan, oila qurish yaxshi emas. Buni quyida keladigan hadisi shariflardan o‘rganamiz, inshaalloh. Bir-birini ko‘rmagan kishilar yuz ko‘rishganlarida bir-birlariga yoqmay qolishlari ham mumkin. Ikkinchidan, sifatlari surishtirilganda boshqani ko‘rsatib, nikohga boshqani olib kelish xavfi ham bor. Boshqa odamning suratini ko‘rsatib, tamoman o‘zga kishini nikohlamoqchi bo‘lganlar ham topiladi. Shuning uchun oila qurmoqchi bo‘lgan ikki taraf avval bir-birlarini ko‘rganlari ma’qul. Lekin bu ba’zi dindan bexabar g‘ayridinlarning «Oila qurmoqchi bo‘lgan yoshlar bir-ikki yil sinashib, keyin nikohdan o‘tishlari kerak», degan gaplarini tasdiqlash emas. Bu Islomda mutlaqo joiz emas, harom narsadir. Balog‘atga etgan er va ayolning xoli qolishlari hech mumkin emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam agar begona erkak va ayol xoli qolsalar, uchinchilari shayton bo‘lishini ta’kidlaganlar. Eng qizig‘i, mazkur «sinash» davrida har ikki tomon ham maqsaddagi sinovga erisha olmasligini tajriba isbot qilmoqda. Sinashib turmush qurganlarning oilasi tezroq va ko‘proq buzilishini hamma ko‘rib-bilib turibdi. Chunki har ikki taraf ham «sinash» davrida o‘z kamchiliklarini berkitishga, o‘zida yo‘q fazilatlarni ham bor qilib ko‘rsatishga jon-jahdi bilan urinadi. Oqibatda ikki tomon ham bir-birini aldaydi, bir-biriga «farishta» bo‘lib ko‘rinadi. Lekin qalbakilik umr bo‘yi davom etishi mumkin emas. Nikohdan keyin ikki tomon ham tezda o‘zining haqiqiy basharasini ochadi. So‘ngra kelishmovchiliklar chiqadi va oila buziladi. Faqat «sinash» davridagi harom-xarish yurish, gunoh, ba’zi hollarda zino, zinodan ortgan farzand qoladi, xolos. Shuning uchun ham Islomda bu ishga ruxsat berilmaydi. So‘rab-surishtirsin, shariat belgilab bergan doirada ko‘rib, o‘rgansin, shuning o‘zi etarli bo‘ladi. Bu masalaga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari qiziqtirganlar, tavsiya qilganlar. Shuning uchun ham barcha hadis kitoblarimizda va ko‘pgina fiqh kitoblarimizda sovchi qo‘ymoqchi bo‘lgan paytda bir-birini ko‘rish haqida alohida boblar bor. Jumladan, ushbu kitobimizda ham. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!
28 Aprel 2022, 00:40 | Savol-javoblar | 89 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar