Muammoli savdo

Assalomu Alaykum! Fazilatli Shayx janoblari Sizga va barcha yaqinlaringizga Alloh taoloning rahmati va barokotlari bo‘lsin!Shayx janoblari Siz taqdim etayotgan risolalarni o‘qib o‘rganish jarayonida shariatimiz axkomlari haqida juda ko‘p ma’lumotlar olmoqdamiz, buning uchun Sizga alohida minnatdorlik izhor etamiz. Lekin, xayot davom etar ekan turli tuman vaziyatlar bo‘lib turishi tabiiy xol. Shu kecha kunduzda «Moliyaviy inqiroz» degan yangi termin paydo bo‘ldi. Bu vaziyatdan foydalangan ba’zi bir ustasi faranglar savdo sotiq ishlarida ham turli tuman yangiliklarni o‘ylab topmoqdalar. Savolimiz huddi ana shu mavzu haqida. Tirikchilik ishlari bilan ba’zi davlatlarga borib savdo qilishga to‘g‘ri keladi. Xarom xarishga aralashib qolmaslik maqsadida Sizning savdo masalalariga atab yozgan kitoblaringizni astoydil qunt bilan o‘qib boramiz. Ammo, xayotimizda aqlimiz etmayotgan va man’balardan qidirib topib bo‘lmayotgan vaziyatlarga uchrab turibmiz. Bunday holatlarda esa, nima qilishni bilmay xayronmiz. 1-holat. Misol uchun Rossiya davlatini olsak u erda pul birligi RUBL hisoblanadi. Aytaylik bizni firmamizning hisob raqamida 10.000 Rubl pulimiz bor va shu pulga mol sotib olmoqchimiz. Lekin, mol egasi pulni hisob raqam orqali emas, balki naqd pul ko‘rinishida to‘lashni so‘ramoqda. Bu xolatda hisob raqamdagi pulimizni naqd pulga aylantirish kerak bo‘ladi. Bankga borib hisobimizdagi pulni naqd pulga aylantirib berish so‘ralsa, ular xozir naqd pul yo‘q deb javob berishadi. Ana shunday vaziyatda «ustasi farang uddaburonlar» paydo bo‘lishadi va hisob raqamdagi pulni bir zumda naqd pulga aylantirib berish xizmatini taklif qilishadi. Ular, hisob raqamimizdagi 10.000 rublni o‘zlarini firmalari xisob raqamiga o‘tkazishimizni, ular esa bizga 10.000 rubl o‘rniga naqd 8.500 rubl berishlari mumkinligini aytishadi. Ya’ni, bizni puldan 15 % kam.Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hisob raqamdagi 10.000 rublga 8.500 naqd rubl sotib olinmoqda. Har ikkala pullarni jinsi esa, bir hil ya’ni rubl.Ma’lum bir pul birligini misol uchun Rublni Dollarga yoki Evroga almashtirishda ularni qiymatiga qarab, «Sarroflik» qoidalariga rioya qilgan holda almashtirish mumkinligini o‘qib o‘rgandik. Lekin, axamiyat bergan bo‘lsangiz bizni vaziyatda masala boshqacharoq turibdi.Savol: Shayx janoblari bu erda «Tilloga-tillo, kumushga-kumush…o‘xshashiga-o‘shxash, tengma-teng va qo‘lma-qo‘l», degan hadisga zid ish bo‘lmayaptimikan? Savolimizni yanada aniqroq beradigan bo‘lsak, bu savdo RIBO aralashgan savdoga kiradimi yoki yo‘qmi ? Ikkinchi vaziyat esa undan ham battarroq.2-holat. Aytaylik qo‘limizda 10.000 rubl naqd pulimiz bor. Lekin, sotib olmoqchi bo‘lgan tovarimizni faqatgina pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish mumkin. Shu sababli qo‘limizdagi naqd 10.000 rublni firma xisob raqamiga tushirish uchun bankga olib boramiz. Bu erda ham «ustasi farang uddaburonlar» ga duch kelamiz. Ular, bizning 10.000 rubl naqd pulimizni olib, uni o‘rniga firmamiz xisob raqamiga 11.000 rubl pul tushirib berishga tayyor ekanliklari aytishadi. Ya’ni, pulimiz ustiga 10% foyda berishni taklif qilishmoqda. Bunday bo‘lishiga sabab, yuqorida aytib o‘tganimizdek xisob raqamdagi pulni naqd pulga aylantirishda ular 15% kam pul taklif qilishgan edi. Bu erda ham pullarni jinsi bir hil ekanligiga e’tibor berishingizni so‘raymiz.Savol: Shayx janoblari bu savdoda «Bas, kim ziyoda qilsa yoki ziyoda qilishni talab qilsa, batahqiq, riboga yo‘l qo‘yibdi. Uni oluvchi ham, beruvchi ham baribir», degan hadisga zid ish bo‘lmayaptimikan. Savolimizni yanada ochiq oydin qilib beradigan bo‘lsak, bu savdolar RIBO savdosiga kiradimi yoki yo‘qmi? Shayx hazratlari bu muammolar kundalik xayotimizda juda ham ko‘plab uchrab turganligi, savdo sotiq ishlarimizni esa, shariat qonun qoidalariga muvofiq olib borish eng oliy maqsadimiz bo‘lganligidan Sizdan iltimos! Bu savollarimizga biz uchun tushunarli bo‘lgan aniq yo‘nalishni ko‘rsatib berishingizni umid qilamiz.Alloh taolo Sizga va barchalamizga barokotli umr, halol rizq, sog‘lik salomatlik, tinchlik, xotirjamlik va iymon halovatini nasiyb etsin. Omiyn !
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
1. Ribo aralashadi.2. Bu ham mumkin emas. Sizlar o‘sha 10% ziyodani kambag‘al odamlarga berib yuboringlar.

27 May 2022, 05:48 | Savol-javoblar | 180 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar