Internet tarmoqlaridan foydalanish

Assalomu alaykum! Hozirgi paytda ayol kishi internet tarmoqlarida sinfdosh, yoki kursdosh, umuman tanish erkak kishi bilan gaplashish jozmi? Agar joiz bo‘lsa qayday doirada so‘zlashish kerak? Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! INTERNET ODOBLARI «Internet» so‘zi ajnabiy tildagi qisqartirilgan jumla bo‘lib, tilimizda «xalqaro ma’lumotlar to‘ri» degan ma’noni anglatadi. Ammo bu nom ixtiyor qilinganidan keyin internetning tinmay rivojlanishi oqibatida u faqat ma’lumotlar taqdim va qabul qilish bilan cheklanib qolmay, bundan ham katta hajmdagi ishlarni olib borishga xizmat qiladigan bo‘lib ketdi. Hayotning barcha sohalarida internet yordamida osonlik, arzonlik va tezlik foydalari ko‘zlanadigan bo‘ldi. Tasavvur qilish uchun birgina misol keltirishning o‘zi kifoya qiladi, deb o‘ylayman. Havo yo‘li bilan safarga chiqmoqchi bo‘lgan inson oddiygina chipta olish uchun chiptaxonaga borishi, navbatda turib, chipta olishi, agar chipta u istagan kunga topilmasa, ortiga qaytib ketishiga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu ish internet orqali amalga oshirilsa, juda ko‘p foyda ko‘riladi, ya’ni uyda o‘tirib, chipta sotib olinadi. Vaqti kelganda, aeroportda uchishdan oldin avtomatdan elektron chiptasini oladi. Bu ish avvalgisiga solishtirib ko‘rilsa, vaziyat ayon bo‘ladi. Chiptaxonaga borib, ovora bo‘linmaydi. Navbatga turilmaydi. Ustiga-ustak, arzonga tushadi. Chunki chiptaxona binosi, chiptachi, binoni isitish, sovutish, yoritish uchun ketadigan, yo‘lkira va shunga o‘xshash xarajatlar tejab qolinadi. Bunga o‘xshash foydalar juda ko‘p bo‘lib, biz keltirganimiz oddiy bir misol edi. Shuning uchun hozirda hamma xalqlar internetni rivojlantirish borasida qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rmoqda. Bu ishga to‘g‘anoq bo‘luvchi omillardan xalos bo‘lish yo‘llarini axtarmoqda. Internetdan foydalanuvchilar kun sayin ko‘payib bormoqda. Hamma ushbu osonlik va qulaylikdan bahramand bo‘lishga oshiqmoqda. Ammo shu bilan birga, internetga bog‘liq muammolar ham ko‘payib va jiddiylashib bormoqda. Barcha sohalardagi kabi, internetning foydalari muqobilida zararlari ham ko‘payib bormoqda. Internetda foydali ma’lumotlar bilan bir qatorda zararli, buzuq ma’lumotlar ham tarqalmoqda. Aqiydaga putur etkazuvchi, fohishabozlik va behayolikni targ‘ib qiluvchi, axloqsizlikni tarqatuvchi va shunga o‘xshash inson zotiga or keltiruvchi ishlarni targ‘ib qiladigan saytlar ko‘payib bormoqda. Ba’zi odamlar internet orqali bir-biriga tuhmat qilmoqda, haqoratlab, so‘kishmoqda, bir-birini sharmanda qilmoqda va hokazo. Aynan internet orqali nafaqat axloqiy buzuqliklar, balki siyosiy, ijtimoiy, moliyaviy, ilmiy va boshqa ko‘pgina sohalarda ham jinoyatlar sodir etilmoqda. Qo‘pol qilib aytganimizda, internet mazkur qabohatlarni amalga oshirishni osonlashtirmoqda. Aytib o‘tilgan ushbu gaplardan ko‘rinib turibdiki, internet ham ikki taraflama – ham yaxshilikka, ham yomonlikka xizmat qilishi mumkin narsaga aylandi. Bizning vazifamiz uni yaxshilikka xizmat qildirib, yomonlikka boshlamasligi choralarini ko‘rish, uning zararlaridan chetlanishga harakat qilishdir. Buning uchun esa dinimizning umumiy ta’limotlari asosida internetdan foydalanish odoblarini yo‘lga qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Albatta, internet nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan vosita bo‘lgani uchun oldinlari musulmon ulamolar bu masalani xayollariga keltirishlari ham mumkin emasdi. Hozirga kelib esa internet va unga bog‘liq masalalar zamonamizning musulmon ulamolari oldiga tegishli muammolarni ko‘ndalang qilmoqda. Bu masalalar qanchalik tez hal qilinsa, shunchalik yaxshi bo‘lishi oydin bo‘lib turibdi. Quyidagi sahifalarda e’tiboringizga taqdim etilayotgan ma’lumotlar mazkur sohadagi izlanishlarda kamtarona bir urinish bo‘lishidan umid qilamiz. Internetdan foydalanish odoblari Quyida xalqaro zamonaviy aloqa va axborot vositasi bo‘lmish internetdan foydalanishning ba’zi umumiy odoblari haqida qisqacha so‘z yuritamiz: Internetdan foydalanmoqchi bo‘lgan odam niyatni yaxshi qilgan bo‘lishi kerak. Albatta, musulmon inson har bir narsada bo‘lgani kabi, internetdan foydalanishda ham faqat yaxshilikni, shariatda ruxsat berilgan narsalarga muvofiq ish qilishni niyat qilishi lozimdir. Ana shundagina bu ishidan foyda topadi, ko‘zlagan maqsadiga erishadi. Internetdan olgan foydasiga qo‘shimcha ravishda, dinining ta’limotlariga amal qilgani uchun savob ham oladi. Agar diniy ta’limotga amal qilmay, niyatini yaxshilasa-yu, internetdan faqat yaxshilik yo‘lida foydalansa, o‘sha olgan foydasi qoladi, ammo savob olmaydi. Chunki bu ishiga diniy ta’limot asosida yaxshi niyatni aralashtirmadi. Musulmon kishi bir yaxshilikni niyat bilan qilsa, bir savob oladi, o‘sha niyatiga amal qilganida esa, savobi o‘n marta ko‘payadi. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فِيمَا يَرْوِي عَنْ رَبِّهِ تَبَارَكَ وَتَعَالَى قَالَ: إِنَّ اللهَ كَتَبَ الْحَسَنَاتِ وَالسَّيِّئَاتِ ثُمَّ بَيَّنَ ذَلِكَ، فَمَنْ هَمَّ بِحَسَنَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْهَا كَتَبَهَا اللهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كَامِلَةً، وَإِنْ هَمَّ بِهَا فَعَمِلَهَا كَتَبَهَا اللهُ عَزَّ وَجَلَّ عِنْدَهُ عَشْرَ حَسَنَاتٍ إِلَى سَبْعِمِائَةِ ضِعْفٍ إِلَى أَضْعَافٍ كَثِيرَةٍ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam O‘z Robblari taboraka va taolodan rivoyat qilib aytadilar: «Albatta, Alloh yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo‘ydi. So‘ngra o‘shani bayon qildi. Kim bir yaxshilikni qasd qilsa-yu, uni amalga oshirmasa, Alloh buni O‘z huzurida komil bir yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar uni qasd etib, amal ham qilsa, Alloh azza va jalla uni O‘z huzurida o‘ntadan etti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha marta ko‘p qilib yozadi», dedilar». Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar. Internetga kirishdan oldin vaqtni zoe qilmaslik uchun umrning qadrini esga olish, uning har lahzasi hisobli ekanini, qiyomat kunida hisob-kitob bo‘lishini esga olish zarur. Aynan ushbu his-tuyg‘u bo‘lmagani uchun ko‘pchilik internetda soatlab vaqtini, aziz umrining g‘animat kunlarini zoe qilishni o‘ziga ep ko‘rmoqda. Uzoq vaqt davomida, sakkiz-o‘n soatlab internetda o‘tirganlar o‘ziga xos xastaliklarga chalinganlari haqidagi xabarlar behuda tarqalmagan bo‘lsa kerak. Musulmon inson esa doimo, jumladan, internetdan foydalanishda ham umrining har lahzasi borasida oxiratda so‘ralishini zinhor unutmaydi. عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِىِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: لَا تَزُولُ قَدَمَا ابْنِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عِنْدِ رَبِّهِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ خَمْسٍ: عَنْ عُمْرِهِ فِيمَ أَفْنَاهُ، وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَ أَبْلَاهُ، وَمَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ، وَمَاذَا عَمِلَ فِيمَ عَلِمَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Qiyomat kuni odam bolasining qadami to undan besh narsa haqida: umrini nimaga sarflagani, yoshligini nimaga ketkazgani, molini qaerdan kasb qilgani va nimaga sarflagani, bilganiga qanday amal qilgani haqida so‘ralmagunicha, Robbining huzuridan uzilmaydi». Termiziy rivoyat qilgan. Internetga kirishdan oldin ish rejasini yaxshilab tuzib olish kerak. Har bir ishdagi kabi, internetdan foydalanishda ham yaxshilab tuzilgan reja asosida ish yuritish lozim. Maqsad va ko‘zlangan foyda aniq bo‘lsin. Kirish niyat qilib turilgan saytning nomi tayyor bo‘lsin. Shunga o‘xshash barcha kerakli narsalar, ma’lumotlarni oldindan aniqlab olish zarur. O‘tirib olib, «nima qilsam ekan», degan xayollarni surish vaqtning zavolidir. Internetda ishlashni «Bismillahir rohmanir rohiym» bilan boshlash va ish boshlashda o‘qiladigan duolardan bilganicha o‘qish kerak. Musulmon kishining har bir ishni boshlaganda albatta «Bismillahir rohmanir rohiym» deyishi kerakligi ko‘plab hadislarda ta’kidlangan. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: كُلُّ أَمْرٍ ذِي بَالٍ لَا يُبْدَأُ فِيهِ بِبِسْمِ اللهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ أَقْطَعُ. رَوَاهُ عَبْدُ الْقَادِرِ الرَّهَاوِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «E’tiborli har bir ish «Bismillahir rohmanir rohiym» bilan boshlanmas ekan, u kesikdir», dedilar». Abdulqodir Rahoviy rivoyat qilgan. Internetda ko‘riladigan, o‘qiladigan va eshitiladigan narsalarning barchasi shariat ruxsat bergan narsalar bo‘lishi shart. Zotan, musulmon insonning hamma erda, barcha zamonlarda va barcha vaziyatlarda qiladigan gap-so‘zlariyu, ish va faoliyati shariatga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. Ammo, ming afsuslar bo‘lsinki, saytga kiradigan ba’zi odamlar hayotda o‘zlariga ravo ko‘rmaydigan narsalarni saytda bemalol ep ko‘rishadi. Ular o‘zlaricha, «bu ish hayotdagi saviyada emas-ku», degan xayolga borishlari mumkin. Aslida esa bu noshar’iy ishlarni saytda o‘ziga ravo ko‘rganlarning axloqiy saviyasida nuqson bor. Hayotda odamlar uni ko‘rib-bilib turgani uchun, o‘zgalar gapirmasin deya o‘zini yomonlikdan tiygan bo‘ladi. Saytda esa odamlar ko‘rmaydi ham, bilmaydi ham. Buning ustiga, saytda ismini ham o‘zgartirib, tamoman biror kishi tanimaydigan bo‘lib oladi. Demak, uning shariat talablariga amal qilishi xo‘jako‘rsinga, to‘g‘riroq aytganda, munofiqlikka asoslangan bo‘ladi. Shuning uchun ham saytga kirgan har bir inson o‘zining musulmonlik burchini unutmasligi kerak. Odamlar ko‘rmasa ham, Alloh taolo ko‘rib turganini esdan chiqarmaslik lozim. Odamlar bilmasa ham, Alloh taolo bilib turganini muntazam his etib turish zarur. Alloh taolo G‘ofir surasida marhamat qiladi: «U Zot ko‘zlarning xiyonatini ham, ko‘kslar yashirgan narsalarni ham bilur» (19-oyat). Alloh taolo bilmaydigan hech narsa yo‘q. U Zot hamma narsani biladi. Hatto «U Zot ko‘zlarning xiyonatini ham...» biladi. Ya’ni kimningdir birovga bildirmasdan, o‘g‘rincha ko‘z qirini tashlaganini ham biladi, hisobga olib qo‘yadi. U Zot «...ko‘kslar yashirgan narsalarni ham bilur». Hech kimga bildirmasdan, dilda tugib qo‘yilgan narsalarni ham Alloh taolo juda yaxshi biladi. Shunday bo‘lganidan keyin, boshqa narsalarni bilishida aslo shak-shubha yo‘qdir. Odamlar bundan ogoh bo‘lsinlar. Demak, fahsh va beodoblikni targ‘ib qiluvchi, befoyda mashg‘ulotlarga, vaqtni behuda o‘tkazadigan narsalarga ixtisoslashgan saytlarga kirmaslik talab etiladi. Sayt egalarining ma’naviy-ma’rifiy huquqlariga to‘la rioya qilish chin musulmonlik burchidir. Bunga pul to‘lab kirish lozim bo‘lgan saytlarga haq to‘lamasdan, o‘g‘rincha kirish, ko‘chirib olishga ruxsat berilmagan narsalarni ko‘chirib olish, ko‘chirib olinganda manba ko‘rsatilishi lozim bo‘lganida, ko‘rsatmaslik kabi ishlar kiradi. Bu kabi ishlarning barchasi gunohdir. Chunki bu birovning ma’rifiy-ma’naviy mulkini talon-taroj qilishdan iboratdir. Boshqacha qilib aytganda, ma’rifiy-ma’naviy o‘g‘rilik va qaroqchilikdir. Bunday ishlar harom ekaniga ulamolar bir ovozdan fatvolar chiqarishgan. Ishxona yoki boshqa biror shaxsning internetidan ruxsatsiz foydalanish mumkin emas. Ba’zi kishilar ishxonaning internetidan o‘z shaxsiy manfaatlari uchun foydalanishni o‘zlariga ep ko‘rishadi. Bunda ikki taraflama mulohaza qilinadigan ish sodir bo‘ladi. Bir tarafdan – ishxonaning internetga to‘laydigan mablag‘i shaxsiy manfaat uchun sarflanadi. Ikkinchi tarafdan – ishxonaning ishini bajarish o‘rniga ish vaqtida o‘z manfaatini ko‘zlab, mas’uliyatdan qochish yuz beradi. Boshqa odamning internetidan foydalanish borasida ham shunga o‘xshash gapni aytish mumkin. Shuning uchun ulardan faqat haq egasining ruxsati bilan va zarurat yuzasidangina foydalanish mumkin. Dam olish tanaffusida kerakli ma’lumotni olish, elektron pochtani tekshirib ko‘rish kabilarga ruxsat beriladi. Bolalarning internet va kompyuterdan foydalanishini oqilona va e’tibor bilan yo‘lga qo‘yish kerak. Avvalo, bola ota-onasi va kattalarning ruxsatisiz internet va kompyuterdan foydalanmasin. Bolalarni bunday paytlarda qarovsiz qoldirmaslik, nazardan qochirmaslik lozim. Ular foydalanadigan jihozlar hammaning ko‘z o‘ngida turadigan bo‘lsin. Yo‘qsa, ko‘zni shamg‘alat qilib, istalmagan, buzuq yoki befoyda narsalarga o‘zlarini urishlari mumkin. Bolalarning internet va kompyuterda o‘ynaydigan o‘yinlari zehnni charxlaydigan, ma’rifiy foyda beradigan, odob-axloqqa chorlaydigan bo‘lishi chorasini ko‘rish lozim. Bolalarning vaqti zoe bo‘lmasligi haqida muntazam bosh qotirish ham esdan chiqmasligi lozim. Yuqorida o‘tgan mulohazalarda bir kishining saytga kirib, undan foydalanishi haqida so‘z bordi. Ammo internetda boshqa xizmatlar, turli tarmoqlar va faoliyatlar ham bor. Albatta, bular haqida ham batafsil so‘z yuritilishi juda zarur. Internetdagi aloqa odoblari Internetda chat, forum, feysbuk, tvitter kabi o‘zaro aloqa olib borishga xizmat qiluvchi vositalar orqali kishilar bir-birlari bilan yozishma, so‘zlashma, suratli muloqotlar olib borish imkoniyatlariga ega bo‘lishgan. Ular ushbu imkoniyatlarni ishga solib, ko‘pgina hojatlarini ro‘yobga chiqarish, ma’lumot almashish, bilmaganini so‘rab o‘rganish, yangi do‘st va sheriklar orttirish kabi ko‘pgina manfaatlarga ega bo‘lishmoqda. Ammo shu bilan birga, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, bu sohada ham o‘ziga yarasha muammolar, mushkulotlar va ko‘ngilsiz voqealar paydo bo‘lmoqda. Masalan, begonalarning bir-birlari bilan ushbu vositalar orqali olib borgan aloqalari natijasi o‘laroq, nikohga va’da berish, birovga tuhmat qilish, kimnidir zinoda ayblash, so‘kish kabi ishlar kelib chiqmoqda. Shuningdek, er-xotinlarning ushbu vositalar orqali olib borgan aloqalari natijasi o‘laroq taloq, bir-birini zinoda ayblash, nasabni inkor qilish kabi o‘ta ahamiyatli hukmlar ham sobit bo‘lmoqda. Ushbu vositalar orqali bir necha taraflarning olib borgan muloqotlaridan so‘ng bir-birini ommaviy ravishda kofir, fosiq, fojir deya hukm chiqarish, fahsh ishlarga chaqirish, sehr va folbinlikka chorlash, pora va’da qilish, video orqali avratlarni namoyish qilish, shaxsiy, diniy, ijtimoiy holatlarni masxara qilish kabi o‘ta jiddiy holatlar ham paydo bo‘lmoqda. Internetdagi ushbu tarmoqlar orqali vaqtni zoe qiluvchi ko‘ngilxushliklarga oid narsalar, ovozli va suratli yozuvlar tarqatilmoqda. Turli o‘yinlar va musobaqalar, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari joriy qilinmoqda. Shuningdek, internetdagi ushbu tarmoqlar orqali ilmiy va moliyaviy muomalalar ham keng miqyosda olib borilmoqda. Afsuski, mazkur aloqalarning barchasida shariatga xilof bo‘lgan, qonunbuzarlik hisoblangan ishlar to‘lib-toshib yotibdi. Turli axloqiy, moddiy, ma’naviy jinoyatlar sodir etilmoqda. Bularning hammasini tartibga solish, kishilarni to‘g‘ri yo‘lga solib, noto‘g‘risidan qaytarish lozim bo‘lmoqda. Bu borada hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va boshqalar etarli ishlar olib borishmoqda. Shu bilan birga, musulmonlarga bu boradagi shar’iy odoblarni ham bayon qilib borish zaruratga aylandi. Quyida internetdagi aloqa odoblariga doir ayrim fikr-mulohazalarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz. Bu borada oldin aytib o‘tilgan har bir amal-ishdagi kabi yaxshi niyat qilish, Alloh taoloning ismi ila ish boshlash, umrni behuda zoe qilmaslik kabi narsalarni takrorlab o‘tirmaymiz. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda o‘ziga tanlagan ismning go‘zalligiga e’tibor berish lozim. Internetdagi o‘zaro aloqalarda har bir kishi o‘ziga ma’lum taxallus qo‘yib olishi odat tusiga kirgan. Aslida o‘zining asl ismi bo‘lgani yaxshi. Lekin turli sabablarga ko‘ra, taxallus tanlab olsa ham bo‘ladi. Faqat taxallus tanlashda o‘zining beodobona gap va ishlariga parda qilish niyati bo‘lmasligi shart. Taxallus tanlaganda chiroyli va zavq bag‘ishlaydigan ismlarni tanlash kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning ismlari umidbaxsh, ezgulikni ifoda qiladigan bo‘lishiga katta e’tibor berganlar. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda shariat ruxsat bergan narsalarga amal qilib, man qilgan narsalardan chetda bo‘lish asosiy qoida bo‘lishi zarur. Bu qoida musulmon insonning barcha qiladigan ishlariga ham tatbiq qilinadi. Jumladan, internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishida ham shunday bo‘lishi talab etiladi. Ba’zi kishilar muomala holati bir oz o‘zgargani tufayli internetdagi muomalalarga engil-elpi qarashadi, bu esa mutlaqo noto‘g‘ridir. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishdan yaxshilik va taqvoda hamkorlik qilish hamda yomonlik va dushmanlikda hamkorlik qilmaslik shior qilib olinishi zarur. Zotan, musulmon inson hayotining barcha sohalarida ushbu shiorga doimo amal qilib yashashga intiladi. Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang» (2-oyat). Ushbu mo‘’jazgina jumla dunyodagi barcha hamkorliklar uchun asosiy qoida hisoblanadi. Islomda hamkorlikning bosh sharti yaxshilik va taqvodir. Agar shu shart vujudga kelsa, hamma bilan hamkorlik qilinaveradi. Ammo qaerda gunoh va yomonlik bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, hamkorlik qilinmaydi. «Islom.uz» portali tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimida mazkur portal forumi ishtirokchilari so‘z so‘rashdi. Ularning vakili so‘zga chiqib, forumda o‘zlari namoz haqida ichki musobaqa o‘tkazganlari va g‘oliblar aniqlangani haqida xabar berdi. Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni qizlar egallashibdi. Bu narsa internetning ijtimoiy tarmoqlarida «yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik»ning eng go‘zal namunasidir. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishdan foydali maqsadni ko‘zlash va befoyda ishlardan chetda bo‘lish lozim. Musulmon inson o‘ziga berilgan umr ne’mati aziz ekanini, undan unumli foydalanish o‘zining muqaddas burchi ekanini, oxiratda uning har bir lahzasidan so‘ralish borligini bir zum ham unutmasligi darkor. Shu e’tibordan internetga kirib olib, behuda narsalarga soatlab vaqt sarflash qattiq qoralanadi. عَنْ عَلِيِّ بْنِ حُسَيْنٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ مِنْ حُسْنِ إِسْلَامِ الْمَرْءِ تَرْكَهُ مَا لَا يَعْنِيهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ Ali ibn Husayn roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, kishining o‘zi uchun befoyda narsalarni tark qilishi Islomining husnidandir», dedilar». Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar. Hayotimizga diqqat bilan nazar soladigan bo‘lsak, kishilarning ko‘p vaqti, zehn-zakovati, aql-idroki va imkoniyatlari behuda narsalarga sarf qilinayotganini ko‘ramiz. Behuda narsalardan chetda bo‘lgan kishi faqat foydali ish bilan mashg‘ul bo‘layotganini yaxshi anglab etishimiz lozim. Binobarin, befoyda ishlardan o‘zimizni hamisha chetda tutishimiz kerak bo‘ladi. Musulmon insondan vaqti, kuchi, aqli va zehn-zakovatini faqat foydali narsalarga sarflashi talab etiladi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: اِحْرِصْ عَلَى مَا يَنْفَعُكَ وَاسْتَعِنْ بِاللهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Senga manfaat beradigan narsaga ishtiyoqmand bo‘l va Allohdan yordam so‘ra!» Muslim rivoyat qilgan. Internetdagi o‘zaro aloqalardan juda ko‘p manfaat va foydalar olish mumkin. Chunki ko‘pchilikning ichida turli narsalarni biladigan, tajribasidan o‘tkazgan kishilar bo‘lishi mumkin. Masalan, yaqinda ovoz yozish studiyasini tashkil qilayotgan yigitlarda bir muammo paydo bo‘ldi. Hamma shartlar joyiga keltirilishiga qaramay, ovoz tiniq yozilmas edi. Bir necha mutaxassis taklif qilindi. Eng katta mutaxassislar ham kelib, muammoni hal eta olishmadi. Shundan rus tilidagi internet tarmoqlarga kirib, muammoning echimini izlashga qaror qilindi. Bu ishni tajribada ko‘rgan bir kishi ma’lum qo‘shimcha jihozni qo‘yishni taklif etdi va jihoz haqida ma’lumot berdi. O‘sha kishi aytgan narsa olib kelib qo‘yilgan edi, ovoz yozish studiyasi kutilganidan ham yaxshi tarzda ishlay boshladi. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda musulmon insonning o‘ziga taqvoni, yaxshilikni va go‘zal xulqni lozim tutishi talab etiladi. عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: اتَّقِ اللهِ حَيْثُمَا كُنْتَ، وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا، وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Qaerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir. Bu uni o‘chiradi. Odamlarga husni xulq ila muomala qil», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bu hadisi shariflarida uchta ulkan ishni lozim tutishni nasihat qilmoqdalar: 1. «Qaerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil». Banda qay makonda bo‘lsa ham, qanday holda bo‘lsa ham doimo Allohga taqvo qilishni tark etmasligi lozim. 2. «Yomonlikka yaxshilikni ergashtir. Bu uni o‘chiradi». Banda bilmasdan biror yomonlikni qilib qo‘ysa, darhol o‘sha yomonlik ketidan yaxshilik qilib, mazkur yomonlikni o‘chirib yuborishi zarur. 3. «Odamlarga husni xulq ila muomala qil». Mo‘min-musulmon banda barcha odamlar bilan husni xulq ila muomalada bo‘lishi kerak. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda nomahramlar masalasida juda ehtiyot bo‘lish kerak. Bu narsada ehtiyot bo‘linmagani uchun, juda ko‘p muammolar kelib chiqmoqda. Ayrim yigit-qizlarning internet orqali muloqotda noshar’iy aloqalarga o‘tib ketayotganlari kuzatilmoqda. Shuningdek, internet aloqasidagi tushunmovchiliklar yoki odobdan chekinishlar oqibatida oilali kishilar orasida ajralishgacha etib borilmoqda. Ushbu satrlar sohibiga ayollardan kelgan maktublarda eri nomahram ayollar bilan internet orqali topishib, buzilib ketgani haqida shikoyat qilinsa, erkaklardan kelgan yozuvlarda xotinining xuddi shunga o‘xshash ishni qilganda, qo‘lga tushgani bayon etilgan. Musulmon kishilarga bu ish mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Nomahramlar bir-birlari bilan shariat bo‘yicha oddiy holatlarda o‘zlarini qanday tutishsa, internetda ham shunday yo‘l tutishlari kerak. Shariat qoidalariga amal qilgan holda ilmiy ma’lumotlar almashishsa, bilmagan narsalarini so‘rab javob olishsa, shunga o‘xshash boshqa beg‘araz maqsadlarini amalga oshirishsa, hechqisi yo‘q, bundan faqat foyda bo‘ladi. Ammo o‘zaro «elektron muhabbat» aloqalarini o‘rnatishlari haromdir. Mabodo bunday aloqa o‘rnatish niyati tug‘ilib qolsa, avval oila a’zolari bilan maslahatlashib, so‘rab-surishtirib, shariat qoidalari asosida jiddiy ish ko‘rish lozim bo‘ladi. Bo‘lmasa, ikki yosh internet orqali bir-birini aldashi, ustarog‘i soddarog‘ini yo‘ldan urishi va oqibatda umr savdosi bo‘lmish nikohda umr bo‘yi armonga aylanadigan ishlar sodir bo‘lishi turgan gap. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda ish aynan internet orqali nikohlanishgacha etib bormasligi kerak. Ba’zi odamlar turli sabablarga ko‘ra, telefon yoki internet orqali shar’iy aqdi nikoh qilishni (bizdagi nikoh o‘qitishni) o‘zlariga ravo ko‘rishmoqda. Ba’zilar esa bu ishning shariatda joiz yoki joiz emasligini so‘rashadi. Yana birlari bu ishni amalga oshirganlari haqida xabar berishadi. Ushbu masalada ulamolar orasida ham bir oz ixtilof bor. Ammo ko‘pchilik yangi aloqa vositalari, jumladan, internet orqali nikohlanishga ruxsat bermaydi. Ular bunda nikohning shartlari, jumladan, guvohlar mavjud bo‘lmasligini dalil qilishadi. Yana ham chuqurroq ketganlar esa: «Hamma shartlar mavjud bo‘lsa ham, mazkur vositalar ila nikoh o‘qitish durust emas, chunki bu ish nikohning muqaddasligiga putur etkazadi», deyishadi. Ular Alloh taolo iyjob va qabulni, guvohlar hozir bo‘lishini va boshqa shartlarni bejizga joriy qilmaganini aytishadi. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda yolg‘on ishlatmaslik, soxtakorlik ila uydirma xabarlar, suratlar va videolavhalar tarqatmaslik talab etiladi. Internetdagi imkoniyatlar ko‘payib ketganini ba’zilar suiiste’mol qilishga o‘tishgan, yolg‘on xabarlar, suratlar va videolavhalar tarqatishga odatlanishgan. Bunda o‘z maqsadiga erishish ham, odamlarni mayna qilish ham, yaxshilikka chaqirish niyati ham bo‘lishi mumkin. Ammo nima bo‘lganda ham, buni qilmaslik kerak. Islomda bu kabi ishlar qattiq qoralanadi. Misol uchun, Qur’oni karimni behurmat qilgani uchun qiyofasi o‘ta jirkanch holatga o‘zgarib qoldi, deya bir qizning surati e’lon qilindi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Ehtimol, bu narsa sodda odamlarga ta’sir qilishi mumkin. Lekin Qur’oni karim bu kabi «yordam»larga muhtoj emas. Shuning uchun ham soxtakorlik ila to‘qilgan mazkur xabar ulamolar tomonidan qoralandi. Qur’oni karimni ehtirom qilish kerakligini o‘z yo‘li bilan tushuntirish lozim. Shuningdek, internet orqali go‘yo Ka’bai Muazzama ustida uchib yurgan farishtalarning videolavhasi ham tarqatildi. Bu ham yolg‘ondan, soxtakorlik bilan to‘qilgan narsa. Farishtalar doimo hamma erda mavjudligiga barcha musulmon ummati iymon keltiradi. Ammo ularni videoga olishga iymon keltirishmagan. Bu shart ham emas. Agar ushbu narsaning keragi va foydasi bo‘lganida, avvaldan aytilgan bo‘lardi. Farishtalarga g‘aybdan iymon keltirishning o‘ziga xos hikmati bo‘lgani uchun, Alloh taolo bandalaridan aynan shuni talab qilgan. Uchinchi misol: AQShning sobiq prezidenti J.Bush minbarda gapirayotib, Islomga va musulmonlarga qarshi gapini ayta olmay, tutilib qolgani haqidagi videolavha namoyish etildi. Bu ham keragi yo‘q narsa. Avvalo, bu narsa haqiqat bo‘lganida, barcha ommaviy axborot vositalari hamma yoqqa tarqatgan bo‘lardi. Qolaversa, dinimizda har qancha dushman bo‘lmasin, biror kimsaga nisbatan adolatsizlik qilish, yolg‘on to‘qish, odamlarga soxta xabar tarqatishga ruxsat yo‘q. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda xuddi ko‘z ko‘zga tushib turgandek, o‘zini odob va axloq ila tutish lozim. Bu xildagi aloqa ko‘pchilik bilan bo‘layotganini zinhor unutmaslik kerak. Mazkur aloqa yozishma orqali bo‘lsa, yozuv qoidalariga to‘liq amal qilib, o‘zining yuksak madaniyatini ko‘rsatish kerak. Yozuvlarining bexato ekanini tekshirib ko‘rishi lozim. Agar aloqa ovozli yoki suratli bo‘lsa, buning ham rioyasini qilish kerak. Musulmon kishidan chiroyli va madaniyatli bo‘lib ko‘rinish va so‘zlash talab etiladi. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda notanish kishilarni «siz»lab, ularga alohida hurmat ko‘rsatish kerak. Voqe’likda ham shunday bo‘ladi. Notanish kishi bilan aloqaga kirishganda, hurmatini joyiga qo‘yib, alohida ahamiyat va e’tibor bilan muomala qilinadi. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda bahs-munozara har qancha qizisa ham, birovga ozor berishga bormaslik kerak. Ba’zi odamlar haddidan oshsa ham, musulmon odam o‘zini bosishi va o‘zidan ketganlarga e’tibor bermasligi va ularga nasihat qilishi lozim. Mingta baqir-chaqirdan ko‘ra bitta hikmatli so‘z ustun turishini biror daqiqa ham unutmaslik zarur. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda behuda tortishuvlarga yo‘l qo‘ymaslik, beodobliklarga qarshi kurashish yaxshi ishdir. Ba’zi odamlar behuda tortishishga o‘ch bo‘ladi. Tortishish uchungina bahs-munozaralar qo‘zg‘aydi. Boshqalarning jig‘iga tegishni yaxshi ko‘radi. Biz, musulmonlar ana shunday kishilar toifasidan bo‘lmasligimiz va ularga qarshi kurashishimiz lozim. «Islom.uz» forumida ham dastlab shu qabildagi ishlar sodir bo‘lib turdi. Keyin o‘zimga berilgan savollarga javob berish davomida forum nimaligini, undan ko‘zlangan maqsadlarni tushuntirdim. Forumdagi muloqotlarda ham odobga rioya qilish kerakligi, agar bu narsalar bo‘lmasa, forumni yopib qo‘yish afzalligini aytdim. Asta-sekin holat yaxshilanib bordi. Forum ishtirokchilari bir-birlariga nasihat qilishdi. Bunday holatni istamaganlarning forumdan chiqishini talab etishdi va bunga erishishdi ham. Hozir, menimcha, mazkur forumda juda yaxshi ruhiyat, odobli munosabatlar hukm surmoqda. Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda savdo ishlari olib borilsa, oldin buning tafsilotini yaxshi o‘rganib olish shartdir. Internet orqali savdo qilishda oddiy holatdagi savdoning shar’iy qoidalari bilan birga, qo‘shimcha qoidalar ham bor. Internetda tilla va kumushning, pullarning savdosini qilib bo‘lmaydi. Chunki bu xil savdolarda qo‘lma-qo‘l ayirboshlash shartdir. Internet orqali esa bu ishlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Shu bilan birga, internet qalloblari odamlarni aldash uchun o‘ziga xos «internet-savdolari»ni o‘ylab topishgan. Birgina misol tariqasida quest.net nomli internet bozorini olishimiz mumkin. Sirtdan qaraganda, bu narsa odamlarga qulaylik tug‘dirish, savdo molini arzonlashtirish uchun tuzilganga o‘xshaydi. Tarmoqli savdo nomini olgan bu ish aslida qalloblikdan boshqa narsa emas. Ammo sodda odamlarni aldashga juda ham qulay. Qabulimga ba’zi kishilar kelib, mazkur savdo haqida savollar bera boshlashdi. Kishilarning taqdim qilayotgan ma’lumotlari uzuq-yuluq edi. Ammo ularning barcha axborotlarini qo‘shib, umumlashtirilganda, to‘laroq tasavvur hosil bo‘ldi. Shuning e’tiboridan, bu savdo joiz emas, degan javob berildi. Bu gap odamlar orasida tarqalib, so‘rovchilar yana ko‘paydi. Oxiri shu ishni yuritayotganlar kelib, o‘zlari tushuntirib bermoqchiliklarini aytishdi. Ularga o‘xshaganlarning kimligini bilganim uchun, yozma ravishda murojaat qilishlarini so‘radim. Ancha vaqt o‘tganidan keyin yozma tushuntirish va murojaat olib kelishdi. So‘ngra ularga javob berdim. Ular esa boshqa shayxdan olgan narsasini ko‘rsatib, odamlarni aldashda davom etaverishdi. Kishilarda ikkilanish paydo bo‘lib qoldi. Ba’zilarning haligi «shayx»ni men bilan adashtirganlari ma’lum ham bo‘ldi. Shunda biz internetda bor haqiqatni e’lon qildik. Oxiri mazkur quest.net tashkilotchilari qalloblikda ayblanib, mahkamaga tortildi. Shuning uchun bunga o‘xshash ishlardan juda ehtiyot bo‘lish kerak. Oldin har bir narsaning, ishning halol yoki haromligini, dindagi hukmini yaxshilab o‘rganib olib, keyin unga qo‘l urish kerak. Quyida internet tarmog‘ida aqdnomalar tuzishga oid Islom Hamkorligi tashkilotining Islom Fiqhi akademiyasi tomonidan qabul qilingan qarorning tarjimasini e’tiboringizga taqdim qilamiz: «Islom hamkorligi tashkilotining Islom Fiqhi akademiyasi BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM Islom Fiqhi akademiyasining kengashi Saudiya Arabistoni podshohligining Jidda shahrida 1410 hijriy yilning 17-23 sha’bon – 1990 milodiy yilning 14-20 martida bo‘lib o‘tgan anjumanida akademiyaga yangi aloqa vositalari orqali tuzilgan aqdnomalar xususida taqdim etilgan ilmiy bahslarni ko‘rib chiqdi. Bunda aloqa vositalarida erishilgan taraqqiyot, ular orqali ish yuritilganda moliyaviy muomalalar va tasarrufotlarni tezlikda olib borish va aqdnomalar tuzish e’tiborga olindi. Shuningdek, faqihlar gap-so‘z, yozishma, ishora va xabarchi orqali aqdnoma tuzish haqida aytgan gaplar, hozir bo‘lganlar orasida aqdnoma tuzishda – vasiyat, vakillik va vasiylikdan boshqalarda – majlis bir bo‘lishi shartligi, iyjob va qabul o‘xshash bo‘lishi, ikki aqd tuzuvchidan birining aqdnomadan yuz o‘girmagan bo‘lishi, iyjob va qabulning urfga binoan ketma-ket bo‘lishini yodda tutgan holda quyidagilarga qaror qildi: Birinchidan: bir joyda bo‘lmagan, biri ikkinchisini ko‘zi bilan ko‘rmaydigan va so‘zini eshitmaydigan ikki g‘oyibning orasida yozishma, xabar yuborish yoki elchi orqali aqdnoma tuziladigan bo‘lsa (telegramma, teleks, faks, kompyuter ekrani ham shunga kiradi), ushbu holatda iyjob etib borgan odam uni qabul qilsa, aqdnoma tuzilgan bo‘ladi. Ikkinchidan: bir-biridan uzoqda turgan ikki taraf orasida bir vaqtning o‘zida telefon yoki telegraf orqali aqdnoma tuzilsa, ikki hozir bo‘lgan kishi orasida tuzilgan kabi bo‘ladi. Ushbu holatga debochada ishora qilingan, faqihlar qilgan asl qarorlarning hukmi o‘tadi. Uchinchidan: e’tiroz bildiruvchi ushbu vositalar ila chegaralangan muddatga iyjob sodir qilsa, u o‘sha muddat asnosida iyjobida qolishi lozimdir. Uning bundan qaytishga haqqi yo‘q. To‘rtinchidan: yuqorida o‘tgan qoidalardan nikoh (unda guvohlar shart qilingani uchun), sarroflik (qo‘lma-qo‘l bo‘lishi shartligi uchun), salam savdosi (sarmoyani oldindan berish shartligi uchun) mustasnodir. Beshinchidan: soxtakorlik, aldamchilik va xatoga yo‘l qo‘yish kabilarni isbot qilishda umumiy qoidalarga amal qilinadi (Alloh biluvchidir)». Elektron pochta odoblari Internetda yo‘lga qo‘yilgan xizmatlardan biri elektron pochtadir. Bu xizmat orqali kishilar asosan bir-birlariga maktublar va turli ma’lumotlar yuborishadi. Ilgaridan bu ma’noda xizmat qilib kelayotgan oddiy pochta bilan elektron pochta orasida juda katta firq borligi hammaga ma’lum. Oddiy pochta orqali biror maktub yoki kitobni yuborsangiz, havo yo‘li orqali eng tez tarzda etkazishga katta miqdorda pul to‘lasangiz ham ko‘zlagan odamingizga bir necha kunda etib boradi. Elektron pochtada esa uyingizdan chiqmay istalgan hajmdagi maktub yoki kitobni dunyoning eng olis burchagiga ham bir zumda etkazish mumkin. Albatta, elektron pochta juda katta qulaylik, bu haqda fikr yuritgan kishi uchun Alloh taoloning ulkan ne’matidir. Ammo, ming afsuslar bo‘lsinki, ushbu ne’matning qadrini bilmagan ba’zi noshukrlar mazkur elektron pochtadan foydalanishda suiiste’molga yo‘l qo‘yishyapti. Unda noshar’iy, odob-axloqqa zid faoliyatlar olib borishmoqda. Ba’zilar kishilarni aldab, katta miqdordagi mablag‘ni aytib, «Sizga katta yutuq chiqdi, uni shaxsan o‘zingiz kelib, qabul qilib olishingiz kerak. Siz faqat chipta sotib olishingiz uchun pulni bizga yuborsangiz bo‘ldi, sizga chiptani o‘zimiz jo‘natamiz», degan mazmunda maktub yozishadi. Oqibatda aldov yo‘li bilan chiptaga ketadigan pulga ega bo‘lib olishadi. Yana bir toifa aldoqchilar qaerdandir ayol-qizlarning manzillarini olib, ularga shilqimlik bilan har xil maktublar yozishadi. Bunday nobakorlik tufayli tinch oilalar buzilmoqda, iffatli ayollar tuhmatga qolishmoqda. Uchinchilari esa birovni haqorat qilib, turli bo‘htonlar uyushtirishni yo‘lga qo‘yishadi. Haqiqiy ismlarini yashirib, suvdan quruq chiqishga urinishadi va hokazo. Albatta, bunday ishlarga chek qo‘yish, kishilarni, ayniqsa yoshlarni to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘llash zarur. Bu sohadagi ishlar esa kishilarni elektron aloqa tizimidan foydalanishda va o‘zaro muomalada odobli bo‘lishga chaqirish bilan bo‘ladi. Quyida bu boradagi ayrim mulohazalarimizni siz, muhtaram o‘quvchilar ila baham ko‘rmoqchimiz: Elektron pochta va u orqali muomala qilishni xuddi jonli muloqot kabi his etish kerak. Elektron pochta orqali qilinadigan muomalaning osonligi, unda o‘zining kimligini yashirish qulayligi kishini aldab qo‘ymasligi kerak. Musulmon kishi ko‘z ko‘zga tushib turmagan paytda o‘ziga turli beodobliklarni ravo ko‘rmasligi lozim. Uning bunday noma’qul ishini odamlar qo‘rmagani bilan ularning Robbi ko‘rib-bilib, hisobini qilib turganini unutmasligi kerak. Elektron pochta orqali shariat man qilgan ishlardan birortasiga qo‘l urmaslik shart. Bunga birovlarni aldash va o‘zgalar haqqiga xiyonat qilish, yolg‘on xabarlar tarqatish, uyatli, fahsh gaplarni yozish, nomahramlarga ruxsat berilmagan narsalarni jo‘natish, turli suratlar va lavhalarni tarqatish kabi narsalar kiradi. Elektron pochta orqali notanish odamlarga turli xabarlarni tarqatish ham odobdan emas. Hozirda elektron pochtani ochsangiz, turli notanish shaxslarning keraksiz maktublari birin-ketin chiqib kelishini ko‘rasiz. Bular pochta egasining dilini xira, o‘zini ovora qiladi. Ularni o‘chirishga vaqt ketadi. Mazkur surbetlardan qutulish uchun turli texnik moslamalar izlashga tushadi. Ular ham istaganidek yordam bera olmaydi. Hatto ba’zi odamlar mahkamalarga (sudga) murojaat qilishgacha bordilar. Birovning elektron pochtadagi unvonini (manzilini) o‘zining ruxsatisiz birovga berish man etiladi. Unvon bilmasdan uning egasi yoqtirmaydigan yoki unga dushman bo‘lgan odamga berib qo‘yilishi mumkin. Buning oqibatida turli ko‘ngilsizliklar kelib chiqishi ehtimoli kuchayadi. Elektron pochta orqali nomahram kishilar bilan shariatda ruxsat berilmagan yozishmalar olib borish haromdir. Bu gap ikki jinsdagi shaxslarga barobar joriydir. Ushbu odobga rioya qilmaslik oqibatida oilalarda katta muammolar kelib chiqayotgani ko‘pchilikka sir emas. Elektron pochta orqali muomalani yuksak darajadagi Islom odobi asosida olib borish talab etiladi. Musulmon inson hamma joyda, hamma vaqtda, barcha bilan faqat go‘zal muomala qilishga odatlanishi kerak. O‘zi bilan muomalada bo‘lgan har qanday shaxsda faqat o‘ta go‘zal taassurot qoldirishi lozim. Bu narsa elektron pochtadagi muomalasida ham barq urib turishi kerak. Elektron pochta orqali taloq va shunga o‘xshash boshqa mas’uliyatli ishlarni hal qilishga shoshilmaslik lozim. Ba’zi odamlar shoshilib bu kabi ishlarni sodir etib qo‘yishadi-da, keyin «Elektron pochta orqali xotiniga «Taloq», desa, taloq tushadimi?» deb so‘rab-surishtirib yurishadi. Bunga o‘xshash ishlarda mutlaqo shoshilmaslik, etti o‘lchab, bir kesish kerak bo‘ladi. (“Ijtimoiy odoblar” kitobidan). Vallohu a’lam.

20 Aprel 2022, 19:44 | Savol-javoblar | 221 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar