Laylatul qadr duolari

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, muborak ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin. Sizlardan laylatul qadr kechasida o‘qiladigan duolarni o‘rgatishingizni so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: اللَّهُمَّ عَافِنِي فِي جَسَدِي، وَعَافِنِي فِي بَصَرِي، وَاجْعَلْهُ الْوَارِثَ مِنِّي، لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ الْحَلِيمُ الْكَرِيمُ، سُبْحَانَ اللهِ رَبِّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ، وَالْحَمْدُ ِللهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Allohim! Menga jasadimda ofiyat bergin. Menga ko‘zimda ofiyat bergin. Uni mendan voris qilgin.
Haliym va Kariym bo‘lmish Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Ulug‘ arshning Robbi pok bo‘ldi. Olamlarning Robbiga hamd bo‘lsin», der edilar».
Sharh: 
Har banda uchun tani sog‘lik va ko‘zi ofiyatda bo‘lishi ulkan ne’matdir. Bu dunyodan sog‘-salomat, to‘rt muchasi but ravishda o‘tish katta baxtdir. Shuning uchun ushbu narsalarni so‘rab, duo qilib turish kerak. وَعَنْهَا قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَرَأَيْتَ إِنْ عَلِمْتُ أَيُّ لَيْلَةٍ لَيْلَةُ الْقَدْرِ مَا أَقُولُ فِيهَا؟ قَالَ: قُولِي اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي  Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Ey Allohning Rasuli! Ayting-chi, agar Laylatul qadr kechasi qaysi kecha ekanini bilsam, unda nima deyman?» dedim.
«Allohim! Albatta Sen afv qiluvchi va karamlisan. Afvni yaxshi ko‘rasan. Bas, meni afv qilgin», degin», dedilar».
Sharh: 
Albatta, Laylatul qadr kechasi duoning qabul bo‘lishi eng qulay fursatlardan biri ekanini hamma yaxshi biladi. Bu savolni boshqacha qilib, «Duo eng qabul bo‘ladigan vaqtda qaysi duoni qilay?» desak ham bo‘ladi.
«Afv» so‘zi lug‘atda tark qilish, o‘chirish va yo‘q qilish ma’nolarini ifoda etadi.
Ulamolar afvni quyidagicha ta’riflaydilar:
Munoviy: «Afv bir narsani tanovul qilishni qasd etish va gunohni o‘tib yuborishdir», deganlar.
Kafaviy: «Afv qudrati etib turib, zarar etkazmaslikdir. Kim uqubat berishga haqdor bo‘la turib, uni tark qilsa, afv qilgan bo‘ladi», deganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:00 | Savol-javoblar | 162 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar