Botildagi haq

Assalomu alaykum! Ba’zida odam o‘zi botil ustida turgan bo‘ladi, lekin Islomdan dalil topib uni o‘zi uchun ishlatadi va men haqdaman deb o‘ylaydi. Bunga misol IShID jamoasi. Yoki oddiy oilada ham er va ayol ikkalasi ham o‘zini haqman deb o‘ylaydi aslida ikkisi ham botil ustida turgan bo‘ladi. Men ba’zida qo‘rqib ketaman, o‘zimni nafsimni ko‘rolmasdan o‘zimni haqdaman deb o‘ylab qolishdan. Bu xolat ko‘pincha odamlar bilan munosabatda sodir bo‘ladi. Buning muolajasi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Mashoyixlar, “Ikki insonni muolajasi qiyin bo‘ladi. Ulardan biri hind tilida “chalak” ya’ni bir narsada sobit turmay har tomonga yo‘rg‘alaydigan kishi” deganlar. Bunday kishi agar yolg‘on foyda bersa, yolg‘on gapiradi, fosiqlar davrasiga qo‘shilsa fosiqlik qiladi. Solihlar davrasiga qo‘shilsa obidlik qiladi. MO‘MINNING O‘ZI SEZMAGAN HOLDA AMALI HABATA BO‘LIShIDAN QO‘RQIShI HAQIDA وَقَالَ إِبْرَاهِيمُ التَّيْمِيُّ: مَا عَرَضْتُ قَوْلِي عَلَى عَمَلِي إِلَّا خَشِيتُ أَنْ أَكُونَ مُكَذِّبًا. وَقَالَ ابْنُ أَبِي مُلَيْكَةَ: أَدْرَكْتُ ثَلَاثِينَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كُلُّهُمْ يَخَافُ النِّفَاقَ عَلَى نَفْسِهِ، مَا مِنْهُمْ أَحَدٌ يَقُولُ إِنَّهُ عَلَى إِيمَانِ جِبْرِيلَ وَمِيكَائِيلَ. وَيُذْكَرُ عَنِ الْحَسَنِ: مَا خَافَهُ إِلَّا مُؤْمِنٌ، وَلَا أَمِنَهُ إِلَّا مُنَافِقٌ. وَمَا يُحْذَرُ مِنَ الْإِصْرَارِ عَلَى النِّفَاقِ وَالْعِصْيَانِ مِنْ غَيْرِ تَوْبَةٍ لِقَوْلِ اللهِ تَعَالَى: وَلَمْ يُصِرُّواْ عَلَى مَا فَعَلُواْ وَهُمْ يَعْلَمُونَ Ibrohim Taymiy aytadi: «So‘zimni amalimga qiyos qilganimda yolg‘onchi bo‘lishdan qo‘rqib ketaman». Ibn Abu Mulayka aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan o‘ttiz nafarini ko‘rdim. Ularning har biri o‘zida munofiqlik bo‘lishidan qo‘rqar edi. Hech biri o‘zini iymonda Jabroil va Mikoil darajasidaman, demas edi». Hasandan zikr qilinadi: «Undan (munofiqlikdan) mo‘mindan boshqasi qo‘rqmaydi, undan munofiqdan boshqasi xotirjam bo‘lmaydi». Alloh taoloning «Va qilgan ishlarida bilib turib bardavom bo‘lmaslar»( Oli Imron surasi, 135-oyat) degan so‘ziga binoan munofiqlik va gunohda tavbasiz bardavom bo‘lishdan hazir bo‘linadi. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Buning muolajasi bir solih odamni oldiga borib, bir chekadan xulqini isloh qilish bilan bo‘ladi. Birinchisi tili bilan dilini bir qilib, yolg‘on gapirmaslik. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:04 | Savol-javoblar | 141 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar