Shu kunga qadar tutilgan ro‘za

Assalomu alaykum! Allergik kasallikka chalingandim. Shifokor nafas yo‘llari va burunga sprey dori yozib bergan edi. Bu dorini soatini saotiga moslab sepishni buyurdi. Ramazonning boshida ikkilanib ikki kun tutmadim. Ikkinchi kun kechda kanal orqali «Ro‘zani ochib yuboruvchi zamonaviy omillar» maqolasini o‘qib qoldim va ikkilanish tarqaldi. Ro‘zani tutib dorilarni ham sepib yurdim. Chunki mantiqan olib qaraganda ham maqolani to‘g‘ri deb hisobladim. Sababi sprey nafas yo‘llari uchun xolos, ta’mi seziladi, biroq halqumdan o‘tmaydi. Bugun 2166-savol javobni o‘qidim. Demak, bu bilan men shuncha kun shunchaki och yurdim xolosmi? Hammasi niyatga bog‘liq emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu masala tibbiyotga tegishli bo‘lib, hozirgi kundagi ulamolar siz kabi kasallar iste’mol qiladigan sprey haqida ijtihod qilishgan. Ular bu ijtihodlarida avvalgi o‘tgan ulamolarning keltirgan masalalariga qiyoslab hukm chiqarganlar. Bu sizning holatingizni qadimgi fuqaholar og‘izlarini bug‘ga tutish hamda qasddan tutun, isiriqlarni yutishga qiyoslab, “ularni qilgan kishining ro‘zasi ochiladi” deganlar. Atir hidlashda ro‘za ochilmaydi, shuningdek o‘tkir hidli bo‘lib, nafas yo‘llarini ochilishiga sabab bo‘ladigan maz kabi dorini burun atrofiga surtilsa va o‘sha hidning ta’sirida nafas yo‘li ochilsa ro‘za ochilmaydi. Ko‘rib turganingizdek bu masala ijtihodiydir. Zamonamizning ba’zi olimlari sprey bilan ro‘za ochilmasligini aytishmoqda. Lekin yuqoridagilarning gaplari bizning ulamolarimiz nazdlarida quvvatliroqdir. Agar siz ochilmasligiga ko‘nglingiz taskin topsa, ro‘zani tuting, savobidan noumid bo‘lmang va ehtiyot yuzasidan har bir kuningiz evaziga ikki kilo bug‘doyning qiymatini fidya sifatida biror faqirga sadaqa qiling. O‘tgan ro‘zalaringiz haqida ikki kilo bug‘doyning qiymatidan fidya to‘lab qo‘ysangiz qazosini tutmaysiz. Agar yuqorida aytib o‘tganimizdek o‘tkir hidli nafas yo‘llarini ochadigan mazdan foydalanib dimog‘ingizni ochib ro‘za tutolsangiz fidyaga ham hojat yo‘q. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:25 | Savol-javoblar | 149 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar