Safardagi ro‘za

Assalomu alaykum! Ramazon oyi muborak bo‘lsin. Alloh ramazondan gunohlarimizdan pok holda chiqishligimizni siz azizlarimizga va barcha musulmonlarga nasib etsin. Savol: Ramazon oyida safar qilishimizga to‘g‘ri kelib qolsa ro‘za tutishga qodir bo‘lsak ro‘za tutsak karohiyati yo‘qmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Albatta, agar imkon bo‘lsa tutgani yaxshi. Ramazondan keyin qazosini tutgan odamdan ro‘za soqit bo‘ladi, lekin Ramazon oyining fazilati topilmaydi. Agar o‘sha kunning ro‘zasini tutishni niyat qilmagan va hech narsa emagan bo‘lsa, bu yurtga quyosh tikkaga (qiyomga) kelmasidan oldin kirib kelib, ro‘zani niyat qilsa, o‘sha kungi ro‘zasi joizdir. Mabodo quyosh qiyomdan o‘tganidan keyin kirib kelsa yoki muqimlikni niyat qilsa, unda o‘sha kuni ro‘za tutmay, keyin qazosini tutib beradi. Chunki quyosh qiyomga kelguniga qadar ovqat emagan odam niyat qilsa, niyati joiz va ro‘zasi ro‘za bo‘ladi. Kun tikkaga kelgandan keyin esa, joiz emas. وَلَوْ نَوَى مُسَافِرٌ الْفِطْرَ أَوْ لَمْ يَنْوِ فَأَقَامَ وَنَوَى الصَّوْمَ فِي وَقْتِهَا قَبْلَ الزَّوَالِ صَحَّ مُطْلَقًا وَيَجِبُ عَلَيْهِ الصَّوْمُ لَوْ كَانَ فِي رَمَضَانَ لِزَوَالِ الْمُرَخِّصِ «Musofir ro‘za tutmaslikni niyat qildi yoki niyat qilmadi. So‘ng muqim bo‘lib, zavoldan oldin ro‘za tutishni niyat qilsa, ro‘zasi durust bo‘ladi. Agar shu holat ramazonda bo‘lsa, zimmasiga ro‘za vojib bo‘ladi. Musofirlikdagi ruxsat bekor bo‘lgani uchun». (Roddul muhtor). Musofir safardan qaytganidan keyin ro‘za tutishga quvvati bo‘la turib, ro‘zaning o‘rniga fidya (ya’ni 1 kilogramm 700 gramm bug‘doyning puli) berishi kifoya qilmaydi. Qazosini tutish zimmasiga vojib bo‘ladi. Agar doimiy kasalligi tufayli ro‘zasini tuta olmasa, fidya beradi. أَيَّامًا مَّعْدُودَاتٍ فَمَن كَانَ مِنكُم مَّرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِّنْ أَيَّامٍ أُخَرَ وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ فَمَن تَطَوَّعَ خَيْرًا فَهُوَ خَيْرٌ لَّهُ وَأَن تَصُومُواْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ «Sanoqli kunlar. Sizlardan kim bemor yoki musofir bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi. Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya lozimdir. Kim yaxshilikni o‘z ixtiyori ila qilsa, o‘zi uchun yaxshidir. Agar bilsangiz, ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir». (Baqara 184 oyat). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:42 | Savol-javoblar | 160 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar