Hadis ma’nosi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, “Innamal A’malu Bin Niyat” shu hadisning ma’nosini yozib yuborsalaringiz iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! YaXShI NIYaT Alloh taolo iymon ahliga niyat suratida shunday kimyoviy elimentni ato etgan-ki, u yordamida inson ozgina tavajjuh ila tuproqni tillaga aylantira oladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan: عَنْ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّمَا اْلأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ وَإِنَّماَ لِكُلِّ امْرِئٍ مَا نَوَى فَمَنْ كَانَتْ هِجْرَتُهُ إِلَى اللهِ وَرَسُولِهِ فَهِجْرَتُهُ إِلَى اللهِ وَرَسُولِهِ وَمَنْ كَانَتْ هِجْرَتُهُ لِدُنْيَا يُصِيبُهَا أَوِ امْرَأَةٍ يَنْكِحُهَا فَهِجْرَتُهُ إِلَى مَا هَاجَرَ إِلَيْهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishining niyat qilgan narsasi bo‘ladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Uning Rasuli uchun bo‘lsa, uning hijrati Allohga va Uning Rasuliga bo‘ladi. Kimning hijrati dunyo uchun bo‘lsa, unga erishadi. Yoki ayol uchun bo‘lsa, uni nikohlab oladi. Bas, uning hijrati nima uchun qilingan bo‘lsa, o‘shanga bo‘ladi», dedilar”. Beshovlari rivoyat qilishgan. Ba’zilar bu kabi hadislarni noto‘g‘ri talqin qilib, niyat bilan yomon ishlar xayrli amallarga, gunohlar esa, savobga aylanadi deydilar. Bu gap mutloq noto‘g‘ridir. Gunoh ish har qanday holatda ham gunoh hisoblanadi. Nechog‘lik gunoh ishni yaxshi niyat bilan qilinmasin, baribir u gunohligicha qoladi. Masalan, bir kishi sadaqa qilib yuborish niyatida birovning uyiga o‘g‘irlikka kirdi va o‘g‘irlangan narsalarni sadaqa qilib yubordi. Qilingan niyat bilan o‘g‘rilikning gunohi afv bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqorida kelgan irshodlarini quyidagi tarzda tushunish lozim: 1. Qilgan yaxshi ishga to‘g‘ri niyat bilan savob olinadi, ya’ni Allohni rozi qilish niyatida o‘qilgan namozga savob olinadi. Agar insonlarni ko‘zi uchun namoz o‘qilsa, savob o‘rniga gunoh bo‘ladi; 2. Niyat bilan qilingan yaxshi ishga ajr olish muboh amallarda o‘z isbotini topadi. Chunki, muboh va joiz ishlarga na savob va na gunoh bo‘ladi. Lekin, muboh amallar yaxshi niyat bilan savobli, ajrli ibodatga aylanadi va niyat bilan qilingan ishga ajr beriladi. Masalan, ovqatlanish muboh amallardandir. Agar biror kishi: “Ovqat vositasida tanmda Alloh taolo buyurgan amallarni qilishga kuch paydo bo‘ladi” degan niyatda ovqatlansa, egan ovqati ham savobga aylanadi yoki bir kishi: “Alloh taolo meni zimmamga nafsimni haqqini yuklagan. Men uni ado qilishim lozim” degan niyat ila ovqatlansa yoki “Ovqatlangandan keyin tanam yayraydi va qalbim bilan Alloh taologa hamd aytaman” degan niyat ila ovqatlansa, bas egan ovqatiga savob beriladi. Bilinki, biror muboh ish yo‘q-ki, yaxshi niyat bilan ibodatga aylanib, uni qilgan kishiga savob ololmasa! Ha, albatta barcha yaxshi niyat ila qilingan muboh ishlar ibodatga aylanib, uni qilgan kishiga savob beriladi. Masalan, kundalik qiladigan barcha muboh ishlarimiz yaxshi niyat bilan ibodatga aylanib, ularga savob beriladi. Ularning ba’zisi bilan quyida tanishib chiqamiz: 1. Kundalik ishlar xoh u tijorat bo‘lsin, xoh  davlat ishi bo‘lsin, xoh dehqonchilik, agar inson u ishlarga: “Alloh taolo nafsimni va bola-chaqalarimni haqlarini ado etishni meni zimmamga yuklagan” degan niyat ila kirishsa, zimmasiga yuklangan haqlarni ado etish bilan bir qatorda qilgan ishlari ibodatga aylanib, ularga savob beriladi. Agar u kishi: “Qilgan mehnatidan chiqqan foydani o‘z ahlimga sarf qilib, oshaganini boshqa muhtojlarga va boshqa xayrli ishlarga xarj qilaman” degan niyat bilan ishga otlansa, qilgan niyati tufayli ziyoda savobga ega bo‘ladi; 2. Bir kishi xalqqa xizmat qilish niyati ila ilm olsa, masalan, xalqqa dinni etkazish maqsadida diniy ilmni olsa yoki doktor bo‘lib, kasallarga xizmat qilish maqsadida tibbiyot sohasini o‘rgansa yoki davlatga, xalqqa xizmat qilish maqsadida mashinasozlik sohasini o‘rgansa yoki insonlar hojatini chiqarish niyatida biror bir hunar o‘rgansa, inshaa Alloh qancha vaqt ularni o‘rganishga sarf qilsa, qilgan xayrli niyati sababli o‘shancha vaqt unga savob yozilib turadi; 3. Bir kishi bir kasbni tanladi. Shunda buni fikr qildi-ki, rizq Alloh taoloning zimmasida, qanday bo‘lmasin u o‘z egasiga etadi. Rizqni qo‘lga kiritishni juda ko‘p yo‘llari bor. Lekin, men falon yo‘lni tanladim va uning vositasida Alloh taoloning maxluqlariga xizmat qilaman deb niyat qilsa, o‘sha tanlagan kasbi ajru-savobga sabab bo‘ladi. Masalan, bir kishi tabib bo‘lib: “Rizqni juda ko‘p yo‘llari bor. Men bu tanlagan kasbim bilan kasallikdan tinkasi qurigan insonlarga yordam beraman” deb niyat qilsa, garchi bemorlar tomonidan tabibga mukofot yoki haq berilsa ham, tabib qilgan niyatiga in shaa Alloh ajr oladi. Shunday niyatli inson ba’zan hech qanday evazsiz muolaja qilsa va ba’zan katta haq evaziga davolaydi va u qilgan niyatiga savob olaveradi (13 bet); 4. Bir kishi kiyim-kechak sotishni xohlab: “Har bir kishiga shar’an kiyim kiyishi vojib. Ko‘p xunarlar ichidan kiyim-kechak sotish tijoratini insonlar zimmasidagi vojib amalni ado etishga ko‘maklashish uchun tanladim” degan niyat bilan ishga kirishsa, in shaa Alloh bu xunarga ajr oladi; 5. Bir kishi rasmiy ishda ishlaydi. U o‘z ishiga: “Ushbu vazifam orqali insonlarni hojatlarini chiqaraman” degan niyatda kirishsa, in shaa Alloh niyatiga savob bo‘ladi. Bilinki, biror kasb-xunar yo‘qki, yaxshi niyat qilib bo‘lmasa, ya’ni barcha kasbni boshlashda yaxshi niyat qilish mumkin; 6. Bir kishi chiroyli kiyimni: “Alloh taolo menga bu ne’matni ato etdi. Unga qarovchilar hursand bo‘ladilar” degan niyatda kiysa, niyatiga ajr oladi. Lekin, kiyimimga qarab kim ekanimni bilib oladilar yoki insonlarga ko‘z-ko‘z qilaman degan niyatda kiysa, in shaa Alloh ajrdan bebahra qoladi; 7. Kishi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnati bolalarni suyishlik” degan niyatda farzandlarini erkalasa, in shaa Alloh niyatiga savob oladi; 8. Kishi uy ishlarini: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uylariga qachon kelsalar uydagilarni uy ishlariga ko‘maklashar edilar” degan niyatda qilsa, in shaa Alloh niyatiga ajr oladi; 9. Ayol: “Yaxshi muomala qilish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnati va U zot muomalani yaxshi qilishga amr qilganlar” degan niyatda yaxshi bolalari bilan muomala qilsa, in shaa Alloh niyatiga ajr oladi; 10. Bir kishi: “Mehmonlarga ikrom ko‘rsatish sunnat va qolaversa mo‘minning haqqi” degan niyatda mehmonlarni ochiq chehra bilan kutib olsa, in shaa Alloh qilgan niyatiga ajr oladi; 11. Bir kishi uyiga: “Insonlar yoki hayvonlarga foyda bo‘ladi va qolaversa, qarovchilarni ko‘zini quvontiradi” degan niyatda ko‘chat o‘tqazsa, in shaa Alloh niyatiga ajr oladi; 12. Bir kishi yozuvini: “O‘quvchilarga engil bo‘ladi” degan niyatda chiroyli qilsa, in shaa Alloh niyatiga ajr oladi. 13. Ayol erini mamnun qilish niyatida uy ichida ruxsat berilgan zeb-ziynatlar bilan ziynatlansa, er esa ayolim xursand va mamnun bo‘ladi deb pokiza bo‘lsa, inshaa Alloh qilgan niyatlariga ajr oladilar; 14. Bir kishi: “Zimmadagi farzlarni ado etishga kuch-quvvat paydo qiladi” degan niyatda ruxsat berilgan o‘yin-kulgini qilsa, inshaa Alloh niyatga ajr olinadi; 15. Bir kishi: “Namoz vaqtlarini bilish, vaqtni qadriga etib, yaxshi ishlarga uni sarflash maqsadida” qo‘liga soat taqsa, in shaa Alloh qilgan niyatiga savob bo‘ladi. Imom G‘azzoliy o‘zlarining “Ihyoul ulum” kitoblarida niyat to‘g‘risida quyidagi o‘rinli iborani keltirganlar: “Inson hayotida biror muboh amal yo‘q-ki, niyat bilan savobli ishga aylanmasa!! Er-xotin o‘zaro bir-birlari bilan: “Biri ikkinchisini haqini ado etish yoki iffatni saqlash” niyatida yaqinlik qilsalar, qilgan ishlariga savob oladilar”. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 09:30 | Savol-javoblar | 262 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar