Mazammat qilish

Assalomu alaykum! Hurmatli Ustozlar, bir kishini mazammat qilish qanday bo‘ladi? Buning hukmi qanday? Iltimos hadislardan keltirib o‘tsangiz.
2). Menda bir odat bo‘lib, bir hodisa bo‘lsa yoki taajjubli narsa eshitsam “subhaanollooh, maashaallooh, astag‘firulloh” yomon gap haqida bo‘lsa “laa qoddarollooh” kabi iboralarni aytaman. Albatta Allohni zikri niyatida. Shu aytishim kibr emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Alloh taolo “Humaza” surasida marhamat qiladi : وَيْلٌ لِّكُلِّ هُمَزَةٍ لُّمَزَةٍ۝ 1. Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin. Odamlarning obro‘sini g‘iybat yo‘llari bilan ko‘p to‘kuvchi odam arab tilida «humaza» deyiladi. Odamlarning aybini, kamchiliklarini imo-ishora ila masxara qiluvchi «lumaza» deyiladi. «Vayl» jahannamdagi bir vodiyning nomi yoki «holiga voy», «halok bo‘lsin» degan ma’nodagi so‘z ekanini oldin ham o‘rganganmiz. Ushbu ikki sifatga ega bo‘lganlarning barchasi do‘zaxga tushadi va ularning ahvoliga voy bo‘ladi, deydi Alloh taolo. Chunki mo‘min kishining qonini to‘kish qanchalik gunoh bo‘lsa, obro‘sini to‘kish ham shunchalik gunoh. Odam o‘ldirib – qon to‘kib gunoh qilganlar jahannamga tushganlaridek, g‘iybat qilib – obro‘ to‘kib, kishilarni xafa qilganlar ham jahannamga tushadi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). عن معاذ بن جبل قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من عير أخاه بذنب لم يمت حتى يعمله. رواه الترمذي Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Kim birodarining qilgan bir aybi tufayli ayblab sharmanda qilsa, o‘sha ishni qilmagunicha vafot topmaydi” deganlar". Imom Termiziy rivoyati. 2). Niyatga bog‘liq. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:02 | Savol-javoblar | 162 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar