Nima qilishni bilmay qoldim?

Assalomu alaykum! Azizlar! Xayrli ishlaringizni Alloh munosib taqdirlasin! Maslahatingizga muhtojman! Onam 3-4 yil oldin bir otasiz qizni qaramog‘iga olgandilar. U qizni onasi, opasi, qarindoshlari bor. Unchalik faqir emas, uy-joyi bor. Gap shundaki bu qizni qo‘li egri chiqib qoldi va bu isbot ham qilindi. Bu hol ko‘p takrorlanayapti. Buning ustiga tili egri, oramizga nifoq solayapti. Amakimning o‘g‘li bilan orasidagi ishlar haqida ham gap chiqdi. Biz onamga "javobini berib yuboring, uyiga borsin" desak, onam ko‘nmayaptilar. Qattiqroq talab qilsak bo‘ladimi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! To bola o‘zi eb-ichadigan va istinjo qiladigan bo‘lgunicha onasi va momosi unga haqlidir. Qiz bolaga to hayz ko‘rgunicha. Imom Muhammad: «Shahvatni qo‘zg‘aydigan bo‘lgunicha», degan. Zamonning fasodi tufayli shu gap mo‘’tabardir. Ikkovlaridan boshqalar to shahvatni qo‘zg‘aydigan bo‘lgunicha.
Kichik bolani otasi va onasi talashib qolsa, onasiga beriladi. Bunga quyidagi hadis eng kuchli dalildir:

Ibn Abu Shayba o‘zining «Musannaf» nomli kitobida Sa’id ibn Musayyabdan rivoyat qiladi:
«Umar Ummu Osimni taloq qildi. Keyin uning oldiga bordi. Osim uning quchog‘ida turgan edi. Bolani undan tortib olmoqchi bo‘ldi. Ikkovlari uni tortishib ketishdi. Bola yig‘lab yubordi. Ikkovlari Abu Bakrning huzuriga borishdi. Bas, Abu Bakr unga: «Ayolning silashi, quchog‘i va hidi uning uchun sendan ko‘ra yaxshiroq. Bola ulg‘aysa, o‘zi tanlab oladi», dedi».
O‘zi eb-ichadigan va istinjo qiladigan bo‘lgan o‘g‘il bola otasiga beriladi. Chunki u erkaklarga xos narsalarni otasidan o‘rganishi lozim.
Qiz bolalar esa hayz ko‘radigan bo‘lgunicha onalari bilan qoladilar. Chunki ular ayollarga xos narsalarni onalaridan o‘rganishlari lozim. Qizlar balog‘atga etganlaridan keyin ularni asrashga va turmushga chiqarishga otalar qodir bo‘lganlari uchun vaqti etganda ular otalarining qaramog‘iga o‘tadilar.(“Kifoya” kitobidan).
Agar otasi bo‘lmasa, oilaning sha’nini muhim deb biluvchi bobo, amaki, tog‘alar qo‘liga topshirish kerak. Onangiz u qizga rahm qilaman deb, xulqini buzilishiga sababchi bo‘lmasin. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:20 | Savol-javoblar | 163 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar