Ushbu hadisda nima nazarda tutilgan?

Assalomu alaykum hurmatli Ustozlar! Payg‘ambarimizni yig‘latgan hodisalar nomli bir kitobchani mutolaa qilayotganimda ushbu hadisga duch keldim. "Albatta, bu Qur’on qayg‘u bilan nozil bo‘ldi. Sizlar uni o‘qiganingizda yig‘langiz! Yig‘lay olmasangiz, yig‘lagandek bo‘lingiz" (Ibn Moja, 1337). Ushbu hadisdagi "qayg‘u bilan nozil bo‘ldi" deganda nima nazarda tutilmoqda? Javobingiz uchun tashakkur.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qayg‘u bilan o‘qing, chunki u qayg‘u bilan nozil bo‘lgan" deganlar. Tabaroniy rivoyati. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng go‘zal qiroat qiluvchisi, Qur’onni qiroat qilganda qayg‘uga tushadiganidir". (Tabaroniy rivoyati). Abdulmalik Ibn Umayr rohmatullohi alayhdan mursal holda rivoyat qilinadi : Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Men sizlarga bir surani o‘qib beruvchiman kim (uni eshitib) yig‘lasa, u uchun jannat. Agar yig‘lay olmasalaringiz o‘zlaringizni yig‘laganga soling”. (Bayhaqiy rivoyati). Sa’d ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : Bu Qur’on qayg‘u va mashaqqat ila nozil bo‘ldi. Uni o‘qiganingizda yig‘lang. Agar yig‘lay olmasalaringiz o‘zlaringizni yig‘laganga soling" dedilar. (Bayhaqiy rivoyati).
"Qayg‘u bilan nozil bo‘ldi"ning ma’nosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mashaqqat bilan va undagi tahdid, va’id, qattiq azob, ahd va miysoqlarni tafakkur qiladigan odamni qayg‘uga soluvchi bo‘lib nozil bo‘ldi – deganidir. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:30 | Savol-javoblar | 158 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar