Realizatsiya

Assalomu alaykum! Ma’lum miqdordagi savdo molini olib sotilganidan so‘ng, pulini berish yoki sotilmasa molni qaytarib berish mumkinmi? Albatta kelishilgan holda.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shariatimizda siz so‘ragan savolga tegishli ikki xil usul bor.
1-birovning molini vakil bo‘lib sotib berish. Ya’ni mol egasi, biror kishini ma’lum bir haq evaziga molini sotib berishga ijaraga oladi. Bunda vakilning qo‘lida turgan mol omonat hisoblanib, mabodo tabiy ofat yoki uning ixtiyoridan tashqari holda biror zarar etsa, vakil to‘lab bermaydi. Jumladan agar mol sotilmay qolsa ham vakil mol egasiga molni qaytarib berishi mumkin. Bunda vakil sotib bergani uchun muayyan xizmat haqini ham tayin qilib olishi shart. Masalan “Bu molni 110.000 ga sotib, 100.000 meniki 10.000 sening xizmat haqing” deyiladi. Yana “Agar110.000 dan ortig‘iga sotsang, ortgani ham senga”desa ham bo‘ladi. Molni vakilga berib, “menga 100.000 berasan” deb xizmat haqini tayin qilmasa, ijarai fosida bo‘ladi. Bunda sotuvchi shu molni sotib berayotganlarning xizmat haqi miqdorichasiga ega bo‘lib, ortganini mol egasiga qaytarib berishi shart.
2-molni naqd yoki nasiyaga sotib oladi. Nasiyaga sotib olganda pulini qachon berishi muddatini tayin qilishi shart. Agar tayin qilmasa bay’ fosid bo‘ladi. Molni sotib olayotganda naqd yoki nasiyaligini aytmasa va kelishuv tugaganidan keyin “sotilishi bilan beraman” desa, bu savdo naqd savdo hisoblanadi. Sotuvchi xohlagan vaqtida pulini olish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu suratda molga tabiy ofat yoki uning ixtiyoridan tashqari biror zarar etsa haridorning zarariga bo‘ladi. Molning egasi rozi bo‘lmasa, molni qaytarib berishga haqqi yo‘q. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:03 | Savol-javoblar | 134 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar