Sizdan ilm olmoqchiman

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Hurmatli ustoz, mening ismim Jahongir, men Buxoro viloyatidanman. 2008-yilning kuzida Alloh mening qalbimga hidoyat nurini sochdi. Birinchi namozimni juma kuni ado etdim. O‘sha vaqtlardan buyon mening qalbimni diniy ilmlarni mukammal egallash ishtiyoqi egallab olgan. Hozirda Toshkentda oliygohda magistraturada tahsil olmoqdaman. Sizdan katta iltimosim shuki, menga diniy ilmlarni o‘rgating, yoningizga borib ilm olsam deyman, meni ham sizdek katta ulamo bo‘lgim keladi, Alloh yo‘lida ilm olib uni odamlarga, qarindoshlarimga, o‘g‘il qizlarimga inshaalloh o‘rgatsam deyman. Mustaqil ilm olishdan qo‘rqaman adashib ketmaygin deb. Bugungi kunda o‘zim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganmoqdaman. Shaxsiy savol berganim uchun meni ma’zur tutgaysiz ustoz, ko‘pchilik oldida sizni xijolatga qo‘ymaslik uchun shunday qildim. Agar bu gaplarim bilan sizning qimmatli vaqtingizni olgan bo‘lsam meni kechiring.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
O‘zingiz oliy ta’lim ko‘rgan kishi sifatida o‘ylab ko‘ring. Men sizga qanday qilib shaxsiy ta’lim berishim mumkin? Meni bo‘sh o‘tiribdi deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Meni sizga arab harflarini, tajvidni o‘rgatishim kerakligini da’o qilsangiz, xato qilgan bo‘lasiz. Mening ishlarim ko‘p. Jumladan haftada besh kun katta imomlar va mudarrislar uchun katta ilmlar va kitoblardan darsim bor. Ularni qo‘yib sizga boshlang‘ich ta’lim berishim qanday bo‘ladi? Savolni yoki taklifni berishdan avval o‘ylash kerak. Men bu so‘zlarni yozishimi kerak emasdi. Ammo sizga o‘xshaganlar ko‘payib borayotgani uchun hamma bilib qo‘ysin, deya yozdim.

26 May 2022, 18:16 | Savol-javoblar | 139 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar