Hadisi qudusiy haqida

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Ustoz bilamiz, hadisi qudisiyni payg‘ambarmiz solallohu alayhi vasallam Robbilardan rivoyat qilganlar. Ustoz, shu hadisi qudisiy payg‘ambarmiz solallohu alayhi vasallamga qanday etib kelgan, vahiy orqalimi ya’ni Jabroil alayhissalom aytganlarmi yoki Alloh taolo O‘z payg‘ambari solallohu alayhi vasallam ko‘ngillariga ilhom sifatida solganmi? Uni darajasi haqida ham ma’lumot bersangiz, hadisi qudusiy Qur’on oyatlaridan keyin Payg‘ambarmiz solallohu alayhi vasallam hadislaridan yuqori o‘rinda turadimi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
HADIS, HADISI QUDSIY VA QUR’ON Alloh taolodan Muhammad alayhissalomga kelgan vahiyning uch turi – hadis, hadisi qudsiy va Qur’on orasidagi farqni tushunib etish nihoyatda ahamiyatli ishlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham Ulumi Qur’on olimlari ushbu mavzuga alohida e’tibor qaratadilar. Biz ham Alloh taoloning O‘zidan yordam so‘ragan holda bu farqni bilib olish uchun harakat qilib ko‘ramiz. I. Hadis. «Hadis» so‘zi arab tilida «so‘z» degan ma’noni anglatadi. Demak, hadis deganda Nabiy alahissalomning aytgan gap-so‘zlari ko‘zda tutiladi va tushuniladi. Ulamolar istilohida esa «hadis» quyidagicha ta’riflanadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan osor bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy sifatlar, xulqiy sifatlar hamda tarjimai holga tegishli ma’lumotlar «hadis» deyiladi». Ushbu ta’rif Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan osor bo‘lib qolgan va ishonchli manbalar orqali rivoyat qilingan bir necha xil narsalarni o‘z ichiga olmoqda. Ta’rifda zikri kelgan narsalarga bittadan misol keltiraylik. 1. «Gap». Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning turli holat va munosabatlarda aytgan gaplari kiradi. Misol uchun, «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir». Mana shu muborak gapni eshitgan odamlar omonat tariqasida uni eshitmaganlarga etkazganlar. Shu tarzda avloddan-avlodga o‘tib, muhaddis olimgacha etib kelgan. Muhaddis esa ilmiy yo‘llar bilan tekshirib, uning hadis ekaniga ishonch hosil qilganidan so‘nggina kitobiga kiritgan. Bu «qavliy (gap) sunnat» deyiladi. 2. «Ish». Bunda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qilgan ish-amallari tushuniladi. Aytaylik, tahorat qilishlari, namoz o‘qishlari, haj ibodatini ado etishlari va hokazo. Shunga o‘xshash amallarini ko‘rganlar ko‘rmaganlarga aytib, ko‘rsatib berganlar. Bunday ma’lumotlar shu tariqa hadis olimiga etib kelgan va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari sifatida asar bo‘lib qolgan. Bu «amaliy (ish) sunnat» deyiladi. 3. «Taqrir». Bu so‘z bir narsaga iqror bo‘lish, uning to‘g‘riligini tasdiqlash, ma’qullash ma’nosini anglatadi. Sunnatdagi taqrir esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobai kiromlar tomonidan sodir bo‘lgan ba’zi narsalarni ma’qullashlaridan iborat. Birgina misol: Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalom yuborgan bir to‘p lashkarga bosh edi. Borgan joyida junub bo‘lib qoldi va sovuqdan qo‘rqib, g‘usl qilmasdan, tayammum bilan namoz o‘qidi. Uning sheriklari buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etkazdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning qilgan ishini ma’qulladilar. Ma’qullash «Ma’qul», deb aytish bilan yoki inkor qilmay, indamay qo‘yaqolish bilan ham bo‘ladi. Bu «taqririy sunnat» deyiladi. 4. «Xalqiy sifatlar». Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tana tuzilishlaridagi sifatlari kiradi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan kishilar u zotning bo‘y-bastlari, tana tuzilishlari, sochlari, ko‘zlari va boshqa a’zolarini batafsil vasf qilib berganlar. Bu ma’lumotlar ham rivoyat bo‘lib, muhaddislarga, ular orqali Islom ummatiga etib kelgan. Masalan, imom Termiziyning «Shamoili Muhammadiyya» asari aynan shu masalaga bag‘ishlangan alohida kitobdir. Barcha muhaddislarimiz ham alohida kitob ta’lif qilmasalar-da, bu ma’nodagi hadisi shariflardan o‘zlariga etganlarini rivoyat qilib qoldirganlar. 5. «Xulqiy sifatlar». Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sabrlari, hilmlari, shijoatlari, saxiyliklari kabi barcha axloqiy fazilatlarini ham rivoyat qilib qoldirganlar. Bu haqdagi ma’lumotlar ham sunnatga kiradi. 6. «Tarjimai hol». Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari, u zot tavallud topganlaridan boshlab, to Robblari dargohiga etgunlaricha bo‘lgan tarjimai hollari o‘ta aniqlik va butun tafsilotlari bilan rivoyat qilingan. Bu bobga tegishli rivoyatlar to‘plami «Siyrat» deyiladi. Muhaddis ulamolarimiz mana shu olti bandga tegishli har bitta ma’lumotni atroflicha, chuqur o‘rganib, o‘z kitoblariga kiritganlar. II. Hadisi qudsiy. «Hadis» lafzining lug‘aviy ma’nosini oldin o‘rgandik. «Qudsiy» so‘zi esa «muqaddas» degan ma’noni anglatadi. Ulamolar hadisi qudsiyni quyidagicha ta’riflaydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilgan narsa hadisi qudsiydir». Hadisi qudsiyga misol keltiramiz. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: «يَقُولُ اللهُ تَعَالَى: مَنْ شَغَلَهُ الْقُرْآنُ وَذِكْرِي عَنْ مَسْأَلَتِي أَعْطَيْتُهُ أَفْضَلَ مَا أُعْطِي السَّائِلِينَ، وَفَضْلُ كَلَامِ اللهِ تَعَالَى عَلَى سَائِرِ الْكَلَامِ كَفَضْلِ اللهِ عَلَى خَلْقِهِ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ. Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh taolo aytadi: «Kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (nimalarnidir) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga berganimning afzalini beraman. Allohning kalomining boshqa kalomlardan fazli xuddi Allohning O‘z maxluqotlaridan fazli kabidir». Termiziy rivoyat qilgan. Ushbu hadis hadisi qudsiy hisoblanadi. Chunki unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning aytgan gaplarini o‘z iboralari bilan naql qilmoqdalar. Qur’oni Karim bilan hadisi qudsiy orasidagi farqlar. 1. Agar Jabroil alayhissalom Allohning kalomini Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qalblariga olib kelsa-yu, mo‘’jizaligi bo‘lmasa, hadisi qudsiy sanaladi. Qur’oni Karimning ma’nosi ham, so‘zlari ham Alloh taolo tomonidandir. Alloh taoloning O‘zi arablardan unga o‘xshash kalom keltirishni talab qilgan, ular bunga qodir bo‘lmaganlar va qiyomatgacha ham qodir bo‘lmaydilar. Hadisi qudsiyda esa bu xususiyat yo‘q. Uning mo‘’jizaligi yo‘q va Alloh taolo arablardan unga o‘xshash narsa keltirishni talab qilmagan. 2. Qur’oni Karim tilovatisiz namoz bo‘lmaydi. Alloh taoloning boshqa vahiylarini, misol uchun, hadisi qudsiylarni namozda o‘qib bo‘lmaydi. Namozda o‘qishga faqatgina Qur’oni Karim xos qilingan. Bu ham ilohiy Kitobning o‘ziga xos sifatlaridan biridir. 3. Qur’oni Karim faqatgina Alloh taoloning O‘ziga nisbat beriladi. Hadisi qudsiy esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ham nisbat beriladi. 4. Qur’oni Karimning barchasi, har bir harfigacha tavotur ila rivoyat qilingan. Uning barchasi qat’iy sobit bo‘lgan. Hadisi qudsiylarning ko‘pi mutavotir bo‘lmay, ohod xabarlardir. Ba’zi hadisi qudsiylar sahih, boshqalari hasan, yana boshqasi zaif bo‘lishi mumkin. 5. Qur’oni Karimning lafzi ham, ma’nosi ham Alloh taolodandir. Hadisi qudsiyning ma’nosi Alloh taolodan, lafzi haqida ixtilof qilingan. Ba’zilar hadisi qudsiyning lafzi Allohdan, desalar, boshqalar Allohdan emas, deydilar. «Sharhu Arba’in an-Navaviya» kitobida Qur’oni Karim bilan hadisi qudsiy orasidagi farq borasida quyidagilar aytilgan: «Qur’on hadisi qudsiydan quyidagilar bilan farqlanadi: – Qur’oni Karimni Jabroil alayhissalom keltirishi shart. Hadisi qudsiyda bu shart yo‘q. – Qur’oni Karimning ma’nosini rivoyat qilib bo‘lmaydi. Hadisi qudsiyning ma’nosini rivoyat qilsa bo‘ladi. – Qur’oni Karimning lafzi Alloh taolodandir. Hadisi qudsiyning lafzi Alloh taolodan bo‘lishi shart emas. – Qur’oni Karimni tahorat bilangina ushlash mumkin. Hadisi qudsiyda bu shart yo‘q. – Qur’oni Karim qiroati namozda farzdir. Hadisi qudsiyni namozda o‘qib bo‘lmaydi. Agar qasddan o‘qilsa, namoz buziladi. – Qur’oni Karimning har bir kalimasi tilovatiga o‘n savob beriladi. Hadisi qudsiyda bunday emas. – Qur’oni Karimning bir harfini inkor qilgan odam kofir bo‘ladi. Hadisi qudsiyni inkor qilgan yoki sanadi to‘g‘ri emas, degan odam esa kofir bo‘lmaydi. – Qur’oni Karim tavotur ila sobit bo‘lgan. Hadisi qudsiy unday emas». Qo‘shimcha tarzda aytib o‘tish kerak bo‘lgan narsalardan biri shuki, hadisi qudsiylar oz bo‘lib, ularning soni mingtacha. O‘sha adadning ichida sahihi ham bor, zaifi ham bor. III. Hadisi nabaviy. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari ikkiga bo‘linadi: 1. Alloh taolodan farishta Jabroil alayhissalom orqali vahiy qilinganlari. Jabroil alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karim oyatlaridan boshqa vahiylarni ham keltirib turganlari ma’lum va mashhur. Ana shu qism vahiylar Sunnat sifatida vorid bo‘lgan. Bu xildagi Sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishilarga etkazganlar. U zotning etkazishdan boshqa hech qanday daxllari bo‘lmagan. Bunga misol tariqasida imom Abu Muhammad ibn Qutayba «Ayol kishi o‘z ammasi yoki xolasi ustiga nikohlanmas» degan hadisni keltiradilar. Bu hadis vahiy bo‘lib, uning ma’nosini Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga etkazganlar. U zot ham o‘z navbatlarida musulmon ummatiga etkazganlar va hayotga tatbiq qilganlar. Mazkur hadis vorid bo‘lganidan boshlab hamma musulmonlar uchun amma yoki xola ustiga ularning qiz jiyanini kundosh qilib olish harom bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Bu hukmdan falonchi istisno», deb ayta olmaganlar. 2. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali vahiy qilingan emas, balki u zotning o‘zlari ijtihod etganlari. Bunday narsalarning asosiy qoidalarini va maqsadlarini Alloh taoloning O‘zi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bayon qilib berganidan so‘ng, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ularni o‘z ijtihodlari ila bayon qilganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning bu boradagi ijtihodlari ham vahiy o‘rnida bo‘lgan. Agar xato bo‘lsa, Alloh taolo to‘g‘rilab qo‘ygan. Bu qismdagi Sunnatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ba’zi tasarrufotlar qilishga haqlari bo‘lgan. Misol uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam erkak musulmonlar uchun ipak kiyim kiyish harom ekanini bayon etganlaridan keyin, Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu o‘zlarining xastaliklari ipak kiyishni taqozo etishini aytib, u zotdan izn so‘raganlarida, u kishiga ipak kiyim kiyishga ruxsat berganlar. Agar bu hukm Jabroil alayhissalom keltirgan vahiy bo‘lganida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech qachon o‘zlaricha ruxsat bermagan, balki boshqa holatlardagi kabi, Alloh taolodan biror xabar kelishini kutgan bo‘lar edilar. Hadis kitoblarimizda keltirilgan rivoyatlarning aksariyati ushbu qismga – Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan payg‘ambarlikni etkazish yuzasidan sodir bo‘lgan ikki xil Sunnatga taalluqlidir. Islom shariatining ahkomlariga tegishli barcha narsalar – ibodat, e’tiqod, oxirat, odob-axloq, solih amalga targ‘ib qilish, yomonliklardan qaytarish kabi ishlar shular jumlasiga kiradi. Alloh taolo Qur’oni Karimning Hashr surasi, 7-oyatida: «Rasul sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar», deganda, aynan shu turdagi Sunnatni qasd qilgandir. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarining ma’nosi Alloh tarafidan, lafzi u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridandir. Hadisi qudusiyning ma’nosi ham, so‘zi ham Alloh taolodan. Oddiy hadisning ma’nosi Alloh taolodan, so‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan. Hadisi qudsiy asli Alloh taoloning so‘zi bo‘lsa-da, Payg‘ambarimizga Jabroil (alayhissalom) orqali tushirilmagan, balki, bevosita ilhom qilinganidan keyin e’lon etilgan.

26 May 2022, 19:09 | Savol-javoblar | 354 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar