mushriklar najas

Assalomu alaykum shayx xazratlari ollox sizni islom dini uchun kilayotgan ishshingizdan robbimni uzi rozi bulsin, sixattingiz ziyoda bulsin bu kilayotgan ishshingizda bardavom aylasin, savolim kuyidagicha mushriklar najas degan oyatga muofik biz islom diniga davat kilamiz lekin ochikdan ochik rad javobini olamiz yani mushriklar isusga siginamiz deb javob kilishadi birok paygambar s.a.w ni bizlarga kelganlaridan keyin barcha dinlar botil deb etikod kilganmiz iymonimizni asosi xam shu deb bilamiz shuni bilib turib xam biz bular bilan axillikda yashashimiz yoki bularni bazi bir zulumlariga chidab yashashimiz kerakmi bular bizni paygambarni suksa bizni dinni mazax kilishsa bular oyatga muofi mushrik , kofirku sizni bizga nasixatingiz nixoyatda xam zarur yoki ollox buyurgan buyurug ostida ish kurishimiz kerak bulayapti. Oldindan raxmat javobingizga ollox sizdan rozi bulsin sizni xakkingizga doimo duodamiz biz ojizlarni xam duo kiling iltimos
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ushbu yozganlaringiz uchun tashakkur. Bizning diynimiz haq bo‘lgani uchun boshqa diyndagilar bilan bo‘ladigan aloqalarimizni batafsil bayon qilib bergan. O‘sha ta’limotlarga amal qilib yashaymiz.ISLOM VA BOShQA DIN VAKILLARIInsoniyat tarixida insonlar orasidagi teng huquqlikning buzilishiga sabab bo‘lgan omillardan biri ma’lum din vakillarining boshqa bir din vakillariga diniy ayrimchilik asosida qarashidir. O‘z diniga bo‘lgan tarafkashlik tuyg‘usi o‘zga dindagi kishilarga boshqacha nazar bilan qarashga olib borgan. Bu omildan esa siyosatchilar doimo o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib kelganlar. Qaysi bir urushni olib ko‘rsak ham, uning kelib chiqishida asosiy ayb siyosatchilarda bo‘lib, o‘sha siyosatchilar, kim bo‘lishidan qat’i nazar, hatto o‘zi dinsiz bo‘lsa ham, o‘z maqsadiga erishish uchun kishilardagi diniy omilni yaxshilab ishga solish payidan bo‘lganlar. Sirtdan esa, bir din bilan ikkinchi din urushgan, diniy urush deb nomlangan urushlar bo‘lib ko‘ringan.Hozirgi kunimizda esa, insonlar dinlari qandoq bo‘lishidan qat’inazar teng huquqli ekanliklari shiori oldinga surilmoqda.O‘z-o‘zidan, Islom bu masalaga qandoq qaragan, degan savol paydo bo‘ladi. Ba’zi kishilar, savolga o‘rin yo‘q, hamma narsa ma’lum-ku, deyishi mumkin. Nima ma’lum?–desangiz, Islom musulmonlarga g‘ayri dinlarni o‘ldirishni farz qilgan, jihod farz, musulmon odam qaerda g‘ayri dinni ko‘rsa, o‘ldirishi kerak, hozirgi tinch-totuv yashash haqidagi gaplar zamonning zayli bilan aytilayotgan gaplar, xolos, deyishadi.Haqiqatan shundoqmi? Keling, bir xolisona o‘rganib chiqaylik. Insoniyat tarixida «Boshqa din vakillari bilan qandoq qilib tinch-totuv yashash mumkin?» degan savol Islomgacha tashlangan emas. Tarixda birinchi bo‘lib Islom dini turli dinga e’tiqod va amal qiluvchilar birgalikda, bir jamiyatda yashashlari mumkinligi fikrini oldinga surdi va bu fikrni hayotda tatbiq qildi. Agar Islomdan oldin bu masalani ko‘targan, unga amal qilgan din yoki tuzum bo‘lsa, uning isboti bo‘lsa, biladigan kishilar raddiya qilsinlar, marhamat!Islom esa samoviy dinlarning barchasining asli bir, hammasi Allohdan, deb e’lon qildi. Alloh taolo «Sho‘ro» surasida:«U sizga dindan Nuhga tavsiya qilgan narsani shariat qildi. Senga (ey Muhammad) vahiy qilgan narsamizni, Ibrohimga, Muso va Iysoga tavsiya qilgan narsalarimizni shariat qilib: «Dinni barpo qilinglar va unda tafriqaga tushmanglar», dedik», deydi (13-oyat).Demak, Nuh, Ibrohim, Muso va Iyso alayhissalomlarga din yuborgan Alloh Muhammad alayhissalomga ham din yuborgan. Ularni payg‘ambar qilib tanlab olgan. Shu bilan birga, Alloh tomonidan yuborilgan mazkur payg‘ambarlarga Alloh tomonidan bir xil farmon ham bo‘lgan. U farmon «Dinni barpo qilinglar, unda tafriqaga tushmanglar» degan amri ilohiydan iborat bo‘lgan. Albatta, bu e’lon dunyo dinlari tarixida yangi sahifa edi. Bu ma’noni Islomgacha biror din yoki tuzum e’lon qila olmagan edi. Ushbu qoidaga binoan musulmonlarga barcha asl samoviy dinlarga Islomga iymon keltirgandek iymon keltirish farz qilingan. Agar musulmon kishi mazkur asl samoviy dinlardan birortasini inkor qilsa, ularga hurmatsizlik nazari bilan qarasa, dindan chiqadi.Shuningdek, musulmon inson Alloh taolo tomonidan yuborilgan payg‘ambarlarning barchasiga, ularga nozil qilingan kitob va sahifalarning asliga birdek iymon keltirmog‘i, ulardan birortasini farqlab chetga chiqarib qo‘ymasligi lozimligi qattiq ta’yinlangan. Alloh taolo bu haqda musulmonlarga xitob qilib «Baqara» surasida:«Allohga iymon keltirdik. Va bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Yoqub, Asbotlarga tushirilgan narsaga, Muso va Iysoga berilgan narsaga va payg‘ambarlarga Robbilaridan berilgan narsaga ham. Ularning orasidan birontasini farqlamaymiz va biz unga musulmonlarmiz», deb aytinglar» (136-oyat).Ushbu oyati karimaga binoan har bir musulmon shaxs Alloh tomonidan yuborilgan hamma payg‘ambarlarga Muhammad sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirgandek iymon keltirishi, Alloh tomonidan tushirilgan barcha kitoblarga Qur’oni Karimga iymon keltirgandek iymon keltirishi lozim. Agar ulardan birortasiga iymon keltirmasa yoki ularni behurmat qilsa, musulmonligi qolmaydi. Bu ham dunyo dinlari va tuzumlari tarixida ulkan yangilik edi.Lekin Islom mazkur masalada faqat aqiyda masalasidagi kengbag‘irlik bilan kifoyalanib qolmadi. Balki, hayotning barcha sohalarida ham turli din vakillari bir jamiyatda, birgalikda yashashlari uchun kerak bo‘lgan qonun-qoidalarini yo‘lga qo‘ydi. Misol uchun, eng nozik masalalardan bo‘lmish oila va oziq-ovqat masalasini olib ko‘raylik. Hamma dinlar, hamma tuzumlar bu ikki masalaga alohida e’tibor beradilar. Islom esa, bu ikki narsaga hammasidan ham ko‘ra nozik ish sifatida qaraydi. Shundoq bo‘lsa ham, turli din vakillari birga yashashlari, bir-birlariga ko‘ngil qo‘yishlari, bir-birlarini mehmon qilishlarini hisobga olib, musulmonlarga boshqa dindagi ayollar bilan turmush qurish va ular so‘ygan halol hayvonlar go‘shtini tanovul qilishni halol qildi. Alloh taolo bu haqda «Moida» surasida:«Bugungi kunda sizga pok narsalar halol qi-lindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Afiyfa mo‘minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lmish afiyfa ayollar ham (haloldir)» (5-oyat).Ushbu oyati karima hukmiga binoan, musulmon shaxs samoviy kitobga ega din ahllarining taomini tanovul qilsa va ularga o‘zi taom bersa, shuningdek, ularning ayollariga uylansa, bo‘ladi.Islom davlati soyasida yashashni xohlagan bosh-qa din vakillari «Ahli zimma» deb nomlanadilar. Ya’ni, musulmon jamiyati kafolatidagi kishilar, deganidir. Ahli zimma uchun shaxsiy hurriyat, fikr erkinligi, aqiyda erkinligi, jon, mol, obro‘ va boshqa narsalar daxilsizligi to‘liq kafolatlanadi. Bu ma’nodagi umumiy qoida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning:«Ularga bizga bo‘lgan imtiyozlar bor va ularga bizga qo‘yilgan majburiyatlar bor», deganlaridir. Demak, Islom davlati soyasida boshqa din vakillari ham xuddi musulmonlar ega bo‘lgan imtiyozlarga ega bo‘ladi va ularga yuklatilgan majburiyatlar oldida mas’ul ham bo‘ladi. Faqat, Arabiston yarim orolida yashovchi arab mushriklarigina ahli zimma bo‘la olmaydilar. Ulardan Islomdan boshqa narsa qabul qilinmaydi. Bu o‘zi alohida bir masala. Lekin shu masalani Islom dushmanlari noto‘g‘ri talqin qilib umumlashtirib yuborganlarini aytib o‘tishimiz lozim. Boshqa mushriklar, ya’ni, ahli kitob bo‘lmaganlar haqida esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:«Ularga ahli kitobga qilingan sunnatni qi-linglar. Faqat, ayollariga uylanmang va so‘yishlarini emagan holda», deganlar.Demak, samoviy bo‘lmagan, kishilar o‘zlaricha e’tiqod qilib yurgan din vakillari ham to‘liq haq-huquqlarga egadirlar. Ushbu ma’nolarni Islom o‘n to‘rt asr ilgari, dunyoda birinchi bo‘lib joriy qilgan. Qandoq qilib joriy qilganini esa, quyida o‘rganamiz, inshoalloh.Islom dini dunyo tarixida ilk bor o‘z dini va e’tiqodidan o‘zga din va e’tiqodlarga qarshi mutaassibchilikdan xoli bo‘lgan jamiyat qurdi. Bu jamiyat o‘z a’zolarining barchasiga barobar nazar bilan qarab, ularga teng sharoit yaratib berdi. Bu ma’nolar musulmonlar o‘z dinlariga to‘liq amal qilgan chog‘larida butun go‘zalligi ila namoyon bo‘ldi.Islom dini musulmonlarga boshqa samoviy dinlarga, ularning payg‘ambarlariga, muqaddas kitob-lariga iymon keltirishni farz qilish bilan birga, o‘sha dinlarga e’tiqod qiluvchi kishilarga yomonlik qilmaslik, ular bilan yaxshi muomalada bo‘lish, yaxshi qo‘shnichilik qilish, ziyofatga chaqirish, oilaviy aloqalar o‘rnatishga ham ijozat berdi. Shuningdek, Islom dini musulmon davlatga boshqa din vakillarining ibodatxonalarini hi-moya qilishni, ularning diniy-aqiydaviy masalalariga aralashmaslikni, hukmda ularga jabr qilmaslikni, ommaviy huquq va mas’uliyatlarda ularni musulmonlar bilan teng ko‘rishni, ularning barcha insoniy haq-huquqlarini muhofaza qilishni vojib qildi.Bu ma’noda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning:«Kim ahli zimmadan bir kishini o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlamaydi. Albatta, uning hidi etmish yillik masofadan kelib turar», degan (Nasaiy rivoyat qilgan) va«Kim bir ahdlashgan (g‘ayridin) kishiga zulm qilsa yoki uning haqqini poymol etsa yoxud uni toqati etmaydigan narsaga majbur qilsa yoki undan o‘z roziligisiz bir narsa olsa, qiyomat kuni men o‘sha odamning xusumatchisi bo‘laman», degan (Abu Dovud rivoyat qilgan) hadislarining o‘zi kifoya qiladi.Islom davlati soyasida yashayotgan g‘ayridin kishi uchun bundan ham ortiq kafolat bo‘lishi mumkinmi?Aytilayotgan ma’nolar quruq gap emasligi isboti tarzida voqelikdagi hujjat-dalil va misollarga nazar solaylik. Payg‘ambar alayhissalom Madiynaga hijrat qilganlaridan so‘ng u erdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaati uchun hamkorlikda yashash asoslarini belgilab, unga amal qilib yashadilar. Muhammad alayhissalom boshqa din vakillari bilan shaxsan yaxshi aloqada bo‘lar, ularga go‘zal muomala qilar edilar. Jumladan, ularga hadyalar berib, ular tomonidan qilingan hadyalarni qabul qilib ham olar edilar.Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari ma’lum va mashhur. Bu kengbag‘irlik ba’zi o‘zini bilmagan kishilar tomonidan suiiste’mol qilingani ham ma’lum. U zot sollallohu alayhi vasallam bir yahudiy ayol zahar solib bergan qo‘y go‘shtini eb zaharlanganlari hech kim uchun sir emas.Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o‘z masjidlariga tushirganlar va «Ular bizning sohiblarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni o‘zim ikrom qilishni xush ko‘raman» deb, shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlar.Shuningdek, U zot sollallohu alayhi vasallam Najron nasorolari guruhini ham o‘z masjidlariga tushirganlar va u erda ibodatlarini qilishga ruxsat berganlar.Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin Islom davlatiga boshliq bo‘lgan shaxslar ham boshqa dinlar vakillariga nisbatan bag‘ri-kenglik siyosatini davom ettirganlar. Hazrati Umar Baytul Maqdisga kelganlarida u erdagi masiyhiy dinidagi aholining shartlarini qabul qilgan holda ahdnoma tuzganlar. G‘ayridinlarga berilgan kenglik, omonlik va hurriyat borasida zarbulmasal bo‘lgan mazkur ahdnomaning matni quyidagicha:«Bismillahir rohmanir rohiym. Ushbu, Allohning bandasi, amirul mo‘miniyn Umar tomonidan Iliyo ahliga berilgan omondir. Ularning jonlariga va mollariga, kanisalari va butlariga, shaharning bemoru sog‘ barcha millatiga omonlik berur. Ularning kanisalarida birov istiqomat qilmas va ularni buzilmas. Ularga va ularga tegishli joylarga, shuningdek, ularning butlariga va molu-mulklaridan hech bir narsaga nuqson etkazilmas. Ularning birortasiga hech kim qasddan zarar etkazmas. Iliyoda ular bilan birorta ham yahudiy birga yashamas. Ahli Iliyo ham, Ahli Madoin kabi, jizya o‘tarlar. Ular u erdan rumliklar va o‘g‘rilarni chiqarishlari kerak. Ulardan kim boshqa tomon chiqsa, tinch joyiga etib olguncha joni ham, moli ham omonda bo‘lur. Kim turib qolsa, omonlikdadir. U ham Ahli Iliyo mislicha jizya o‘taydi. Iliyo ahlidan jonini va molini olib, ibodatxonasi va butlarini qoldirib rumliklar bilan ketmoqchi bo‘lganlarning o‘zlariga, ibodatxonalari va butlariga tinch joylariga etib olgunlaricha omonlik berilur. Falonchining o‘ldirilishigacha er egasi bo‘lganlardan kim o‘tirib qolishni xohlasa, qolib, ahli Iliyo kabi jizya o‘tasin. Xohlaganlar rumliklar bilan ketsin. Kim xohlab o‘z ahliga qaytib kelsa, hosilni yig‘ib olgunlaricha, ulardan hech narsa olinmaydi. Ushbu yozilganlarga Allohning ahdi, Uning Rasulining, xalifalarining va mo‘’minlarning zimmasi bo‘lur. Agar Ahli Iliyo o‘zlariga belgilangan jizyani o‘tasalar.Ushbuga Xolid ibn Valid, Amr ibn Oss, Abdurrohman ibn Avf, Muoviya ibn Abu Sufyon guvoh bo‘ldilar. O‘n beshinchi sanada yozib, tahrir qilindi».Hazrati Umarga nasorolarning Patriarxi o‘sha erning bosh kanisasida Asr namozini o‘qib olish mumkinligini aytgan. Ammo, hazrati Umar roziyallohu anhu: «Men bu erda namoz o‘qisam, keyin boshqa musulmonlar ham, «Umar namoz o‘qigan joyda namoz o‘qiymiz» deya sizlarni bezovta qiladilar», deb u erda namoz o‘qimaganlar.Misrlik bir masiyhiy ayol Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga Misr voliysi Amr ibn Oss uning hovlisini masjidga qo‘shib olgani haqida shikoyat qiladi. Surishtirilganda, ayolning hovlisining puli ortiqcha narxi ila Baytul molda turgani ma’lum bo‘ladi. Shundoq bo‘lsa ham, hazrati Umar yangi masjidni buzib, masiyhiy ayolga hovli-joyini tiklab berishga amr qiladilar.Boshqa tomonlarga kishilarni Islomga da’vat qilish uchun borgan fotihlar ham mazkur qoidalarga og‘ishmay amal qilar edilar. Misr, Suriya, Iordaniya, Eron kabi davlatlarda Islom 14 asrdan ko‘p muddat hukm surayotgan bo‘lsa ham tub aholining Islomni qabul qilishni xohlamagan qismi hozirgacha o‘z dinida turganligi Islom dinining boshqa dinlarga nisbatan bag‘ri kengligidandir. Hindiston va Livan kabi yurtlarda musulmonlar uzoq vaqt hukm yuritganlariga qaramay ozchilikni tashkil qilishlari esa, fikrimizni yana ham quvvatlaydi.Shariatni yaxshi tushungan Islom davlatlarida turli vazifalar kishining diniga yoki mazhabiga qarab emas, shaxsiy qobiliyatiga, vazifani bajarish saviyasiga qarab berilar edi. Mashhur xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning shaxsiy tabibi Ibn Assol ismli nasroniy tabib bo‘lgan. Xalifaning kotibi esa Sahnun ismli masiyhiy bo‘lgan. Xalifa Marvon ibn Hakam Atanasiyus ismli nasroniy kishiga Misrda davlat mansablarini bergan va u, oxiri kelib, davlat devonlari raisi mansabiga ega bo‘lgan.Bu haqiqatni ko‘plab ajnabiy tarixchilar ham tan olib, kitoblariga havas bilan yozganlar. Misol uchun, Mark Says Horun ar-Rashid davridagi Islom davlati vasfida quyidagilarni yozadi: «Masiyhiylar, butparastlar, yahudiylar va musulmonlar bab-barobar hukumat xizmatida ishlar edilar».Ilmiy bahslar, izlanishlar va mansablar haqida ham xuddi yuqoridagi fikrni aytish mumkin. Islom davlati soyasida kishilar dini va maz-habidan qat’inazar teng sharoitda yashab, ijod qilishar edilar. Xalifa Ma’mun o‘z akademiyasiga turli din va mazhab sohiblari bo‘lgan olimlarni to‘plagan hamda: «Ilmdan nimani xohlasangiz, bahs qilaveringlar, faqat toifachilik mushkuloti kelib chiqmasligi uchun, biringiz o‘z diniy kitobidan dalil keltirmasa, bo‘ldi», degan edi.Islomdagi bundoq ilmiy kengbag‘irlikning vasfida Amerikalik mashhur olim mister Draber quyidagilarni yozgan edi: «Xulafolar davridagi avvalgi musulmonlar Nestoriy nasorolari va yahudiylardan bo‘lgan olimlarni ehtirom qilish bilan kifoyalanib qolmaganlar. Balki, ularga ulkan ishlarni ishonib topshirganlar. Ularni davlat mansablariga ko‘targanlar. Hattoki, Horun ar-Rashid barcha madrasalarni tekshirib turishni nasroniy Halno ibn Mosavayhga topshirgan. Olimning yashagan yurtiga, uning diniga qaralmas edi. Faqatgina uning ilm va ma’rifatdagi makonatiga qaralar edi».Bu ma’noda har qancha gapirsak, shuncha oz. Lekin, yana bir narsaga ishora qilmog‘imiz lozim. Islomning boshqa dinlarga nisbatan bag‘rikenglik siyosati, nafaqat boshqa dinlarning bir-birlariga nisbatan, balki bir dinning turli mazhablari orasidagi munosabatlaridan ham yaxshi edi. Antokiya patriarxi Mixail, arablarning bizning diyorimizga kelishi Allohning inoyatidir, degan ma’nodagi so‘zlarni aytib, Gerakl ko‘rsatgan zulm va quvg‘inlarni aytib o‘tgandan so‘ng, quyidagilarni yozgan: «Shu sababdan quvvatli intiqom xudosiki, davlatni kimga xohlasa, shunga beradi, pastlarni yuqoriga ko‘taradi, mana shu rimliklarning sharrini, ularning quvvat ishlatib kanisa va monastirlarimizni talab, bizga shafqatsiz ravishda azoblar berganini ko‘rib, bizni Rim changalidan xalos qilish uchun janubiy diyorlardan Ismoilning farzandlarini yubordi. Shahar arablar qo‘liga o‘tgandan so‘ng, ular har bir toifaga o‘z kanisasini qaytarib berdilar (o‘sha vaqtda bizdan Xiles va Harron kanisalari tortib olingan edi). Shu bilan birga, rimliklarning zulmi, ozori, bizga qarshi hiqdu-hasadidan qutulib, o‘zimizni tinchlikda ko‘rish hazil gap emas».Mashhur tarixchi Belazuriy esa, o‘zining «Futuhul Buldon» kitobida Abu Hafs Dimashqiy Sa’id ibn Abdulazizdan rivoyat qilgan quyidagi gaplarni keltiradi:«Gerakl musulmonlarga qarshi ko‘plab askar to‘plab, Yarmuk tomon bostirib kelayotganidan xabardor bo‘lgan musulmonlar Hims ahliga ulardan olingan xarojni qaytarib berdilar va: «Sizlarni himoya qilishdan mashg‘ul bo‘lib qoldik, o‘zingiz bir ish ko‘rarsizlar», deyishdi. Hims ahli esa:–Albatta, sizlarning voliyligingiz va adolatingiz biz uchun o‘zimiz yashab turgan zulm va istibdoddan yaxshidir. Sizga qo‘shilib shaharni Gerakl lashkarlaridan mudofaa qilamiz», dedilar.Shunda yahudiylar ham turib:–Tavrotga qasamki, Geraklning omili faqat biz mag‘lub bo‘lib, tugamagunimizcha, Hims shahriga kirmas», deyishdi. Darvozalarni yopib, qo‘riqlasha boshlashdi. Musulmonlar bilan sulh tuzgan boshqa shaharlarning nasoro va yahudiylari ham shundoq qilishdi. Ular, agar rumliklar musulmonlardan g‘olib kelsa, avvalgi hol boshimizga yana keladi. Shuning uchun, modomiki, musulmonlarning dushmani bor ekan, ushbu ishda mahkam turamiz, deyishdi.Alloh kofirlarni mag‘lub, musulmonlarni g‘olib qilgandan so‘ng, ular shaharlarining darvozalarini ochishib, xarojni o‘tadilar».Ha, Islomga amal qilmaslik faqat musulmonlarga emas, balki butun dunyoga zarar keltirishini shu mavzudan fahmlab olsak ham bo‘ladi. Bu haqiqatni esa, avvalo, musulmonlar tushunib etmoqliklari lozim.

27 May 2022, 04:36 | Savol-javoblar | 247 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar