Turli masalalarda savollar

Assalomu alaykum! Turli masalalarda savollar bermoqchiman va ularga berilgan javoblar tushunarli bo‘lishi uchun savollarimni raqamlar bilan belgilamoqchiman. 1. Ayol kishi o‘qituvchi bo‘lib ishlasa, ingliz tilidan repetitorlik qilsa va u qizlik davrida namoz o‘qisa ham hijob o‘ramagan bo‘lsa (ota-onasi qat’iy talab qo‘ygani uchun-oq qilish sharti bilan) va turmushga chiqqanidan so‘ng hijob o‘rasa va u o‘qish yillaridan boshlab repetitorlik qilish davrida you tubeda kanal ochib darslarini video shaklida tayyorlagan bo‘lsa ya’ni kanalida ham hijobsiz ham hijobli holatli videolari bo‘lsa bunday holatda u qanday yo‘l tutishi kerak. Bu yo‘l bilan topilgan pul o‘sha ayolga halol bo‘ladimi? 2. Bu videolarini hukmi qanday ya’ni hijobli, yoki hijobsiz holatini hukmi qanday? 3. Hijob o‘ramagan holatdagi videolarini o‘chirib tashlashi kerakmi nomahramlar ko‘zi tushsada u faqat ilm olishga qaratilgan video bo‘lgani uchun hukmi qanday? 4. Biz taraflarda qiz bola chaqaloq tug‘ilsa chillasini ichida chumoli inidan chiqqan tuproq yoki tandirdan olingan tuproq olinib suvga solib chaqaloq cho‘miltirilsa irimi shu bo‘lsin deb unga avrat joylariga ortiqcha tuklar chiqmas ekan. Bu to‘g‘rimi? 5. Ba’zan odam kasal bo‘lsa qaldirg‘och inini olib o‘sha inni suvga solib cho‘miltirsa yaxshi bo‘lib ketarmish. Bu to‘g‘rimi? 6. Ikki dugona do‘stlashmoqchi bo‘lsa aytaylik Alloh yo‘lida deb qasam ichishi kerakmi? 7. Ayol kishini topgan puli zakot, qurbonlikka etsa bu uchun eridan ruxsat so‘rashi yoki eriga bildirishi kerakmi? Biz taraflarda qurbonlik qilish uchun Xudoyli qilinadi. Shuni ayol kishi qilishi mumkinmi? 8. O‘quv markazlarda ishchi o‘qituvchilar foizga pul oladi. Ya’ni aytaylik bitta kurs oyiga odam boshiga 200 ming so‘m. Shu pulni o‘quvchi markazga to‘laydi. O‘qituvchiga odam boshiga shu puldan 40% pul beriladi. Bu pul o‘qituvchiga halolmi? O‘quv markazlar o‘qituvchiga aynan davlat ishidek maosh to‘lay olmaydi. Chunki abiturientlar doimiy o‘quvchilar emas va ular o‘qishga kirgani sari odam soni kamayib boradi markazga. Shu uchun ham oylik foiz hisobida to‘lanadi? Bu pul halolmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Hijobsiz holatda dars bergani yoki video dars tarqatgani uchun topayotgan oyligi harom bo‘lib qolmaydi.2). Nomahramlar ko‘zi tushadigan joyga taqdim qilib qo‘ygan bo‘lsa gunohkordir.3). Yaxshi niyat gunoh amalni joiz qilib qo‘ymaydi. O‘sha videolarni nomahram erkaklarning nazari tushadigan joylardan o‘chirib tashlang.4-5). Dinimizda bunday hukmlar yo‘q.6). Qasam shart qilinmagan. Xolis Alloh uchun do‘st tutinishni niyat qilishi va shunga ko‘ra muomala qilishi kifoya.7). Xotinning o‘z shaxsiy mulki uchun o‘zi javobgardir. Nisobga etsa o‘zi zakotini berishi, qurbonlik so‘yishi zimmasidagi vojibdir. Bunga erining yoki boshqa insonlarning ruxsati kerak emas.8). Halol. Vallohu a’lam!

4 Sentabr 2022, 12:49 | Savol-javoblar | 165 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar