Shu holda it boqsak

Assalomu alaykum! Uyda onam, ayolim, qizimiz 4 kishi yashaymiz. Men kech keladigan vaqtlarim bo‘ladi. Shunda it boqsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Jiddiy xavf vaqtida qo‘riqchi it boqish joiz. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَمَنِ اقْتَنَى كَلْبًا لَيْسَ بِكَلْبِ صَيْدٍ وَلَا مَاشِيَةٍ وَلَا أَرْضٍ فَإِنَّهُ يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِهِ قِيرَاطَانِ كُلَّ يَوْمٍرَوَاهُ مُسْلِمٌ والْبُخَارِيُّوَلَفْظُهُمَنْ أَمْسَكَ كَلْبًا فَإِنَّهُ يَنْقُصُ كُلَّ يَوْمٍ مِنْ عَمَلِهِ قِيرَاطٌ إِلَّا كَلْبَ غَنَمٍ أَوْ حَرْثٍ أَوْ صَيْدٍAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ov iti, chorva iti va ziroat iti bo‘lmagan itni saqlasa, albatta, uning ajridan har kuni ikki qiyrot noqis bo‘ladi», dedilar».
Muslim va Buxoriy rivoyat qilganlar.
Buxoriyning lafzida:
«Kim it saqlasa, albatta, uning amalidan har kuni bir qiyrot noqis bo‘ladi. Chorva yoki ziroat yoki ov iti mustasno», deyilgan.
Sharh: Islomda it boqishga uchta sabab tufayli ruxsat berilgan:
1. Ov uchun it boqsa bo‘ladi.
2. Ekinzorlarni qo‘rish uchun it boqsa bo‘ladi.
3. Qo‘y va boshqa hayvonlarni qo‘rish uchun it boqsa bo‘ladi.
Umumiy qilib aytganda, qo‘riqchi itlarni boqsa bo‘ladi.
Hozirgi paytlarda ba’zi izquvarlik yoki narsalarni hidlab, bilish uchun ishlatilayotgan itlar ham qo‘riqchilik uchun ushlab turiladigan itlar qatoriga kiradi.
Boshqa maqsadlar uchun it ushlab turish shariatga xilof sanaladi. Chunki it najas narsa. Yalagan, hidlagan narsalarini ham najasga aylantiradi. U najas narsalarni egani uchun og‘zida o‘ta zaharli mikroblar ko‘p bo‘ladi. Buning ustiga, it vaqti-bemahal hurib, kishilarni bezovta qiladi, ularga ozor beradi. Bo‘shalib ketgan itlar esa kishilarni qopib olishi, turli jarohatlarga, kasalliklarga va hatto quturib qolishga sabab bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda turli jamiyatda tez-tez itlarni qirib tashlash ishlari olib borib turilishi ham buning isbotidir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!
16 Sentabr 2022, 19:00 | Savol-javoblar | 8 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar