Tayammum qilgan odam imomlikka o‘tishi

Assalomu alaykum! Barchamizga ma’lumki fiqh kitoblarimizda yozilganidek tayammum qilgan odam tahorat qilganlarga imomlikka o‘tishi mumkun emas. Men Kifoya kitobida bir hadis o‘qib qolgan edim. Unda Amr ibn As roziyallohu anhu tayammum qila turib qolganlarga imomlikka o‘tgan ekan. Shu hadisni qanday tushunishimiz kerak shuni bilmayotgandim va tayammum qilgan odam tahorat qilgan odamlarga imomlikka o‘tishini hukmi qanday? Shunday qilsa jamoatni namozi namoz bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Tayammum qilgan odam tahorat qilganlarga imom bo‘lib namoz o‘qishi joiz. “Kifoya” kitobida bunday deyilgan:
Tahoratli tayammumliga, yuvgan mash qilganga, tik turgan o‘tirganga, imo qiluvchi imo qiluvchiga va nafl o‘quvchi farz o‘quvchiga iqtido qilaveradi.
Tahoratli tayammumliga iqtido qilishi joizligi quyidagi rivoyatga binoandir:عَنْ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ احْتَلَمْتُ فِي لَيْلَةٍ بَارِدَةٍ فِي غَزْوَةِ ذَاتِ السُّلَاسِلِ، فَأَشْفَقْتُ إِنِ اغْتَسَلْتُ أَنْ أَهْلِكَ، فَتَيَمَّمْتُ ثُمَّ صَلَّيْتُ بِأَصْحَابِي الصُّبْحَ، فَذَكَرُوا ذَلِكَ لِلنَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، فَقَالَ يَا عَمْرُو، صَلَّيْتَ بِأَصْحَابِكَ وَأَنْتَ جُنُبٌ؟ فَأَخْبَرْتُهُ بِالَّذِي مَنَعَنِي مِنَ الْاِغْتِسَالِ وَقُلْتُ إِنِّي سَمِعْتُ اللهَ يَقُولُ وَلاَ تَقْتُلُواْ أَنفُسَكُمْ إِنَّ اللّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا، فَضَحِكَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَلَمْ يَقُلْ شَيْئًا رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَAmr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Zotus Salosil g‘azotida sovuq kechada ehtilom bo‘lib qoldim. Fusl qilsam halok bo‘laman, deb qo‘rqib, tayammum qildim. So‘ngra sheriklarimga bomdod namozini o‘qib berdim. Ular buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qildilar. Ul zot:
«Ey Amr, junub bo‘lib turib, sheriklaringga namozga o‘tdingmi?» dedilar.
Men u kishiga o‘zimni g‘usl qilishdan man qilgan narsaning xabarini berdim va:
«Allohning «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga o‘ta rahmlidir», deganini eshitganman», dedim.
Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuldilar va biror narsa demadilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Yuvgan mash qilganga iqtido qilishi joizligi maxsiga yoki javrobga tortilgan mash xuddi yuvilgan kabi ekanligidandir. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

16 Sentabr 2022, 22:20 | Savol-javoblar | 139 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar