O‘quv markazlaridagi holat

Assalomu alaykum! Ayrim o‘quv markazlarida dars jarayonlarini yaxshi o‘zlashtirolmagan hamda uy vazifalarini bajarib kelmagan o‘quvchilarga ma’lum miqdorda moliyaviy jarima qo‘llaniladi. Yakunida esa o‘quvchilar belgilangan bosqich imtixonidan kim a’lo natijada o‘tsa yig‘ilgan pul ushbu o‘quvchiga mukofot sifatida beriladi. Shu qilinayotgan ish va rag‘batlantirish puli halol bo‘ladimi? 2. Ayrim o‘quv markazlari imtixonlar tashkillashtirib, imtixonda qatnashish istagidagilardan pul yig‘ib yig‘ilgan pulni ma’lum miqdorini tashkiliy xarajatlarga sarflab, ortgan pulni imtixonda yaxshi natija qayd etgan g‘olibga sovg‘a olib beriladi. Shu holat ham to‘g‘ri bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ikkala holat ham to‘g‘ri emas. Ikki yoki undan ko‘p tomon pul tikib, oqibatda birining foydasiga bo‘ladigan har bir holat qimordir. Shu qoidaga tushgani uchun joiz emas. Turli o‘yinlardagi yutqazgan pulini to‘lash ham qimordir. Qimor ikki ishdan iboratdir. Bir tarafdan pul to‘lanishi aniq, nariga tarafdan to‘lanishi aniq emas. Ikkinchisi pul tikkan kishining holati ikki qismga bo‘linadi. Tikkan puli to‘laligicha botib yo‘q bo‘ladi yoki narigi tarafning molini to‘laligicha tortib keladi. Vallohu a’lam!

5 Oktabr 2023, 23:59 | Savol-javoblar | 0 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar