Gunohdan ӯzini tӯxtata olmaslik

Assalomu alaykum! Ma’lumki dinimizda ӯzini ӯzi qondirish kabi illat qattiq qoralangan, ularning la’natga qolishi ham aytilgan va yana bir qancha moddiӣ va ma’naviy zararlari ham bor gap. Oxirgi kunlar deyarli tӯliq bir kunim ӯsha illat va keyin kun bӯyi istig‘for aytish bilan ӯtyapti. Har qancha turli saqalanish sabablarini ishga solsam ham baribir ӯshanga rӯbarӯ bӯlyapman. Shariat rӯza tutishga buyurgan ekan. Lekin ruhiy kasalligim bor, asabiӣlashish mumkinmas. Rӯza tutsam asabiӣlashaman. Jufti halol topish yaxshi echim bӯlishi mumkin. Lekin menga hecham tӯg‘ri kelmaydi. Ruhiy kasalligim borligi, olomon oldida ba’zan ӯzimni yӯqotib qӯyaman, shahrimda sharmandam chiqqan odamman, yana ba’zi-ba’zida yurishim ӯzgaradi(ayollarni yurishiga ӯxshab ketadi). Qaysi es-hushi joyida bӯlgan qiz bunday "yigitga" turmushga chiqadi. Siz ham bunday insonga qizingizni ishonib topshirmaysiz-ku. Tӯg‘ri-mi?! Sog‘ligim sabab tayinli ish ham topolmayapman. Otam ham uylanishimga qarshi. Oilaviy mojaro, injiqliklarni kӯtara olmasam kerak. Qiyin ahvolda qolib ketdim. Allohdan ham uzoqlashib ketdim. Jinsiy a’zolarimni tag-tugi bilan oldirib tashlasalar ham mayli edi. Lekin shariatimiz bunga ham ruxsat bermaydi. Izlash xizmatidan foydalandim. Hech narsa ta’sir qilmayapti. Bunaqada borib-borib hayvondan ham farqim qolmaydi. Hayotimning qizig‘i ham qolmadi. Qanday qilib bu holatdan chiqishim mumkin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Barcha gap sizning nafsingizda. Nafsingiz engilmas ekan, sizni turli ko‘ylarga solaveradi. O‘zingizni kasal deb hisoblashingizga ham, xilvatda gunohga qilishingizga ham, ro‘za tutsangiz yoki ishlasangiz asabiylashishingizga ham sababchi shu nafsdir. O‘zingizni qo‘lga oling. Ichingizdagi bu dushmaningizni tanib oling. Uning xohishlari va shariat buyruqlari o‘rtasini ajratib oling. Hargiz uning xohishlariga, vasvasalariga itoat qilmang. “Ruhiy tarbiy” kitobini olib o‘qisangiz, bu borada ko‘proq ma’lumotlar topasiz. Nafs nima uchun yaralgan?Nafs desak, avvalo insonni gunohu ma’siyatga etaklovchi salbiy ma’nodagi hoyu havaslar, shahvatlar, ehtiroslar yodimizga keladi.   «Nafsim mening balodir, yongan o‘tga solodur», «Nafsi yomon hayitda o‘libdi» deydi dono xalqimiz. Qachon bir gunoh haqida gapirsak, «nafsiga ergashib, shu ishni qilibdi», «nafsingni jilovla, gunoh qilmas», deymiz. Shuning uchun xayolimizda nafs bizni doim yomon ishga, gunohga chaqirib turadigan narsa degan tasavvur shakllanib qolgan.
Aslida esa, chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, bizni yo‘ldan urgan narsa nafs emas, shaytondir. Shunda ham shayton bizning qo‘limizdan sudrab borib, gunoh qilishga majbur qilmaydi. Uning ishi gunohga vasvasa qilish, xolos. Gunohni o‘zimiz qilamiz. Shunday ekan, «shayton yo‘ldan urib, gunoh qildim» emas, «shayton vasvasa qilgan edi, uning vasvasasiga uchib, yo‘ldan urilib, gunoh qilib qo‘ydim» desak, to‘g‘riroq bo‘ladi.
Ammo bir o‘ylab ko‘raylik-chi, bizni nafs yo‘ldan uradimi yoki shaytonmi? Agar shayton yo‘ldan ursa, nafsning gunohdagi ishtiroki qanday?
Masalaning yana bir tomoni borki, Alloh taolo Qur’oni Karimda bir o‘rinda nafsni “Albatta , nafs yomonliklarga buyuruvchidir” (Yusuf surasi) desa, boshqa o‘rinda gunoh qilgan odamni malomat qiladigan nafs   haqida ham so‘z yuritib, uni «nafsi lavvoma» deb ataydi. Biz odatda vijdon deb ataydigan nafs ham bor ekanki, u insonni tergab, yomon ish qilsa, tanqid qilib, malomat qilib turar ekan. Yana boshqa bir o‘rinda esa, “Annafsul mutmainnah” deb uni maqtagan ham. Xo‘sh, bu qanday nafs? Agar u bizni gunoh tufayli malomat qilsa, bundan chiqdi, juda unchalik yomon narsa ham emas ekan-da? Yoki nafsning ham yaxshisi va yomoni bo‘larmikin?
Bu jumboqning echimi shu qadar teran ma’noli, shu qadar ulkan ahamiyatli ekanki, u haqda batafsil to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Chunki nafsning asl mohiyatini tushunishga harakat qilsak, nafaqat nafs haqidagi, balki umuman bu dunyodagi hayotimiz, fe’l-atvorimiz haqidagi tasavvurlarimiz ostin-ustin bo‘lib ketishi mumkin ekan. Nafsga lazzat bo‘lsa bo‘ldiUlamolarimizning aytishicha, nafs faqat yomon ishlarga, gunohlarga intiluvchi, insonni ma’siyatga etaklovchi narsa emas ekan. Unga lazzat bo‘lsa kifoya ekan, xolos. U lazzatxo‘r narsa. E’tibor bering, nafs – lazzatga intiluvchi g‘ariza ekan. Unga har qanday bo‘lsa ham, lazzat, huzur-halovat bo‘lsa kifoya ekan. Masalaning eng qiziq joyi ham shu erda. Chunki lazzat deganda hozirgi kunda faqat maishiy, moddiy lazzat tushuniladigan bo‘lib qolgan. Shuning uchun nafs deganda insonni yomon yo‘lga boshlaydigan lazzatlar esimizga keladi. Ammo mo‘min-musulmon inson faqat taomda, ichimlikda, shahvatda emas, balki toat-ibodatdan ham lazzat oladi. Mo‘min odam Alloh taoloning biru borligini, cheksiz qudratini tafakkur qilsa, U Zotga iymon keltirsa, sig‘insa, yukinsa, namoz uchun poklanib, joynamozga tursa, peshonasini sajdaga qo‘yib, o‘zining naqadar ojizu notavonligini, Robbining naqadar azizu ulug‘vorligini, Alloh taolodek panohi, madadkori, himoyachisi borligini his qilsa, U Zotga bandalik qilayotganidan, U Zot rozi bo‘ladigan amallar qilayotganidan qalbi halovat topadi, chinakam lazzat topadi. Bu lazzatning, bu halovatning ta’rifiga til ojiz, qalam notavon.
Demak, nafs faqat eb-ichishdan, shahvatdan, yasan-tusandan, shuhratdan, hukmronlikdan, boylikdan, kuch-qudratdangina emas, balki tavbadan, tazarrudan, toat-ibodatdan ham lazzat olar ekan. Yuqorida aytganimizdek, unga lazzat bo‘lsa bo‘ldi ekan.
Tasavvurimizni, dunyoqarashimizni ostin-ustin qilib yuboradigan nuqta mana shu erda. Modomiki nafs faqat lazzatga intilar ekan, demak, Alloh taolo bu ne’matni bizga uni to‘g‘ri, halol, munosib yo‘l bilan qondirish uchun ato etgan ekan. Demak, nafs aslida yomon narsa emas ekan. Agar biz nafsimizni uni ato etgan Robbimiz ko‘rsatganidek to‘g‘ri tarbiyalasak, uni halol ne’matlardan lazzatlanishga o‘rgata olsak, bu nafs bizni gunoh-ma’siyatga emas, toat-ibodatga, yomonlikka emas, ezgulikka undaydigan go‘zal, zarofatli bir xilqatga aylanar ekan. Alloh asrasin, agar biz uni asl mohiyatini tushunmay, moddiy, maishiy, o‘tkinchi narsalardan lazzatlanishga o‘rgatib qo‘ysak, so‘zimizning boshida aytilgan yomon nafsga, badnafsga aylanib qolar ekan. Aksincha, nafsimizni chinakam, ilohiy lazzatga o‘rgatsak, bu haqiqiy lazzat qarshisida dunyoning o‘tkinchi hoyu havaslari, zebu ziynatlari uning uchun arzimas narsaga aylanib qolar ekan.
Bu tushunchalarni ilk bor his qilar ekanmiz, bugungi kunimizga ming afsus-nadomatlar bilan qaraymiz. Chunki biz bu dunyoda insonni yomon yo‘lga boshlaydigan narsa nafs, deb hisoblar edik. Aslida esa biz insonning nafsini toatdan emas, behuda narsalardan lazzatlanishga o‘rgatib qo‘yib, yana uni o‘zimiz ayblab yurgan ekanmiz.
Ha, qanchalar achchiq bo‘lmasin, tan olishimiz kerakki, biz nafsning asl mohiyatini, uning xususiyatlarini bilmaganimiz, bu borada ma’rifatimiz yo‘qligi bois, uni asl maqsaddan boshqa tomonga burib yuborganmiz.
Aslida nafs tarbiyasini insonning yoshligidan boshlashimiz, uni toat-ibodatdan ham, boshqa halol-pok ne’matlardan ham lazzatlanishga baravar o‘rgatishimiz, biroq ibodatdan lazzat olishga alohida urg‘u berishimiz, bolani bunga rag‘batlantirishimiz lozim ekan. Buning uchun esa bu borada unga o‘zimiz shaxsiy o‘rnak bo‘lishimiz kerak, chunki bola biz nimadan xursand bo‘lib, nimaga xafa bo‘lganimizni hushyorlik bilan kuzatib turadi va tegishli xulosa chiqarib, beixtiyor bizga ergashadi. «Farzandlaringizni tarbiyalab ovora bo‘lmang, ular baribir o‘zingizga o‘xshaydi. Siz o‘zingizni tarbiya qiling» degan hikmatli gap bejiz aytilmagan.‎Ibodatdan lazzatlanish tarbiyasiAslida biz bolani avvalo rostgo‘ylikdan, halollikdan, mardlikdan, saxiylikdan lazzatlanishga o‘rgatishimiz kerak ekan, bir ish buyursak, uni qilgani uchun biror shirinlik yoki buyum emas, ajru savob va’da qilishimiz kerak ekan. Biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysa, uni puldan, shirinlikdan, televizor ko‘rish yoki kompyuter o‘ynashdan, biror tomoshaga borishdan mahrum qilish o‘rniga, bu ishi Alloh taologa xush kelmasligini, bir odamga yoki ko‘pchilikka aziyat etkazishini aytib, uni o‘yindan qolganidan emas, xato ishdan afsus chekishga, aybini yuvishga o‘rgatishimiz kerak ekan.Biz-chi? Biz shunday qilyapmizmi?Afsuski, yo‘q. Aksincha, o‘tkinchi lazzatni, bir buyum yoki bir o‘yin-kulgini farzandimizning asl maqsadiga, eng katta orzusiga o‘zimiz aylantirib qo‘yyapmiz ekan! Bir ish buyursak, hali konfet, hali muzqaymoq va’da qilamiz, oqibatda bola har bir ishni qandaydir lazzat, huzur-halovat ilinjidagina qilishga o‘rganib boradi. Biror xato qilsa, yana o‘sha konfetdan, o‘yinchoqdan mahrum qilamiz. Oqibatda bola o‘sha xatoni qilmaslik emas, lazzatdan mahrum bo‘lmaslik payidan bo‘lib qoladi.
Bundan ham achinarlisi shuki, ba’zan murg‘ak bola nafsi uchun chinakam, asl lazzat boisi bo‘lgan ibodatlarni mana shu arzimas lazzatlarga vosita qilib qo‘yamiz: «mana shu suralarni yodlasang, telefon olib beraman», «harflarni yodlab bo‘lsang, muzqaymoq olib beraman» va hokazo. Har bir insonning, o‘z farzandimizning ikki dunyodagi baxt-saodatiga vosita bo‘ladigan ilmni, ibodatni arzimagan shirinlikka vosita qilib qo‘yar ekanmiz. Oqibatda bola toat-ibodatdan ham qandaydir moddiy natijani, maishiy lazzatni maqsad qiladigan bo‘lib qolmaydimi? Alloh asrasin.
Aslida biz nafs tarbiyasini shunday olib borishimiz kerak ekanki, farzandimiz maktab derazasining oynasini sindirib qo‘ysa, o‘qituvchi bu ishni kim qilganini so‘raganda aybini tan ola olsin. Uyga kelganda esa «Dada, oynani sindirib qo‘ygan edim. Uni hech kim ko‘rmagan edi. O‘qituvchimiz buni kim qilganini so‘raganda indamasam ham bo‘lardi, lekin siz o‘rgatganingizdek, men qilganimni aytdim. Ertaga yangi oyna solish uchun falon so‘m olib borishim kerak ekan» deya olsin. Biz ham uning bu ishini maqtab, «Barakalla, o‘g‘lim. To‘ppa-to‘g‘ri qilibsan, boshingga qilich kelsa ham rost gapir. Bu ishing haqiqiy o‘g‘il bolaning, haqiqiy musulmonning ishi bo‘libdi. O‘qituvchingdan uzr so‘rab, mana bu pulni berib qo‘y» deya olaylik. Ana shunda bolaning nafsi hech kimga ko‘rsatmay ayb ish qilib, uni ustalik bilan yashirganiga emas, xatosini tan olib, rost gapirganiga  xursand bo‘ladi. Uni ko‘rib, boshqa bolalar ham unga o‘xshashga harakat qilishadi. Ana shundagina murg‘ak qalb ibodatdan lazzatlanishga o‘rganadi.
Shu kabi kichik-kichik voqealardan, chizgilardan nafsdan avvalo Alloh taoloning ibodatidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishdan lazzatlanadigan komil inson siymosi shakllanadi. Biz mana shu yuksak maqomga etishishga intilsak, farzandlarimizni shu manhajda tarbiyalay olsak, bugungi kundagi ko‘plab muammolarimiz o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.
Qaniydi o‘z nafsimizni, farzandlarimizning, yosh avlodning nafsini avvalo toat-ibodatdan lazzat olishga o‘rgata olsak! Agar Alloh taolo bu ulug‘ ne’matni nasib qilsa, bu baxtiyor insonlar dunyoning o‘tkinchi hoyu havaslariga aldanmas, azaldan belgilanib, kafolatlangan rizqni deb, toat-ibodatdan chalg‘imas edilar. Bu dunyoning barcha lazzatlari ular uchun oddiy kundalik ehtiyoj, maishiy zarurat darajasidan ortmas edi. Ular ibodatdan ham, taomdan ham, boshqa ne’matlardan ham baravar bahramand bo‘lishar, ammo iymon halovati, ibodat lazzati ular uchun qolgan barcha narsalardan afzal bo‘lar edi. Agar nafsimizni to‘g‘ri yo‘l bilan, asl maqsad yo‘lida qondirishni o‘rgansak, oradan ko‘p o‘tmay, bugungi ummatdan ham imom Buxoriy, imom Termiziylar, Zamaxshariy, Xorazmiy, Beruniylar etishib chiqadi, inshaalloh.
Zero, bu buyuk zotlar nafs tarbiyasida peshqadam bo‘lishgan, ularning nafsi ilm va ibodatdan shunday lazzat olganki, bunday lazzatni boshqa ne’matlardan topa olmagan. Ibodatdan, Alloh taoloni tanishdan, U Zotni zikr qilishdan lazzat olishning eng oliy namunasini esa tasavvuf mashoyixlarimizda ko‘rishimiz mumkin. Vallohu a’lam!

27 Oktabr 2023, 17:33 | Savol-javoblar | 0 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar