Paxta almashtirish, ribo

Assalomu alaykum! Biz uyda eski ko‘rpalarni paxtasini olib qo‘ygandik, uni titib, tozalab kelib keyin yana qayta ishlatishga. Bugun paxta almashtiradiganlar keldi. Ularda yangi toza ko‘rpalar uchun paxta bor ekan, ular bu yangi paxtalarni biznikiga o‘xshagan eski ishlatilgan paxtalarga almashtirishar ekan, 10kg eski paxtaga 6.5 kg tozza yangi paxta berarkan. Uydagilar almashtirishyapti, men ikkilanib qoldim bu ish ribo emasmi deb, chunki bir xil jinsdagi narsani almashtirayotganda bir tomon ziyodaroq olayapti. Shu ish joizmi? Yana ba’zida eski paxtalarni olib yangi paxtalarni berishadi va biz ustiga mo‘l beramiz, chunki bizning eski paxtalar o‘rniga yangisini berishayapti. 2). Bu ish joizmi? 3). Agar ribo bo‘lsa shunaka xolatlarda ribo bo‘lmasligi uchun qanday yo‘l tutish kerakligini o‘rgatsangiz, biz sotuvchilarga tushintirardik.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Paxtani paxtaga sotganda birini boshqasidan ziyoda qilish ribo hisoblanadi. Sizlar navi past paxtani pulga sotib, so‘ngra navi yuqorisini pulga sotib olinglar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ اسْتَعْمَلَ رَجُلًا عَلَى خَيْبَرَ، فَجَاءَهُمْ بِتَمْرٍ جَنِيبٍ، فَقَالَ: أَكُلُّ تَمْرِ خَيْبَرَ هَكَذَا؟ فَقَالَ: إِنَّا لَنَأْخُذُ الصَّاعَ مِنْ هَذَا بِالصَّاعَيْنِ، وَالصَّاعَيْنِ بِالثَّلَاثَةِ، فَقَالَ: لَا تَفْعَلْ، بِعِ الْجَمْعَ بِالدَّرَاهِمِ ثُمَّ ابْتَعْ بِالدَّرَاهِمِ جَنِيبًا
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishini Xaybarga vakil etib tayinladilar. Bas, u yaxshi xurmo keltirdi.
«Xaybarning hamma xurmosi shundaymi?» deb so‘radilar.
«Biz bundan bir so’sini ikki so’ga va ikki so’sini uch so’ga olamiz», dedi vakil.
«Unday qilma! Yomonini dirhamga sotib, yaxshisini dirhamga sotib ol», dedilar u zot».
Sharh: 
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xurmoni xurmoga almashtirish ribo bo‘lganligi uchun bir navini sotib, uning puliga boshqa navdan sotib olish kerakligini vakilga uqdirmoqdalar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

5 Dekabr 2023, 15:08 | Savol-javoblar | 0 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar