Nomaxram va maxramlar

Assalomu alaykum! Savolimda beodoblik, tushunmovchilik bo‘lsa oldindan uzr so‘rayman! Men xijobdaman ammo maxram va nomaxram kimlar ekanligini anik bilmayman. Shu xaqida malumot bering iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ayol uchun kimlar mahram ekanligi Qur’oni karimda bayon qilib qo‘yilgan. Alloh taolo "Nur" surasida:وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَى جُيُوبِهِنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا لِبُعُولَتِهِنَّ أَوْ آبَائِهِنَّ أَوْ آبَاء بُعُولَتِهِنَّ أَوْ أَبْنَائِهِنَّ أَوْ أَبْنَاء بُعُولَتِهِنَّ أَوْ إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي أَخَوَاتِهِنَّ أَوْ نِسَائِهِنَّ أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُهُنَّ أَوِ التَّابِعِينَ غَيْرِ أُوْلِي الْإِرْبَةِ مِنَ الرِّجَالِ أَوِ الطِّفْلِ الَّذِينَ لَمْ يَظْهَرُوا عَلَى عَوْرَاتِ النِّسَاء«Ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, zohir bo‘lgani mustasno. Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar. Erlaridan, yo otalaridan, yo erlarining otalaridan, yo o‘g‘illaridan, yo erlarining o‘g‘illaridan, yo aka-ukalaridan, yo aka-ukalarining o‘g‘illaridan, yo opa-singillarining o‘g‘illaridan, yo ayollaridan, yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlardan, yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilardan, yo ayollar avratining farqiga bormaydigan yosh bolalardan boshqalarga ziynatlarini ko‘rsatmasinlar», degan (31-oyat).
Mo‘mina ayol qasddan yoki beparvolik bilan ziynatlarini, ya’ni ziynat hisoblanadigan a’zolarini ko‘rsatib yurishi mutlaqo mumkin emas.
Lekin quyidagilarga ko‘rsatsalar, mayli:
1. «Erlari...»
Muslima ayolning ziynatlarini ko‘rishga eng haqli odam uning eridir. Shuningdek, er ayol tanasining hamma joyini ko‘rishga haqlidir.
2. «...yo otalari...»
Mo‘mina-muslima ayolga uning otasi eng bosh mahram bo‘ladi. Shuning uchun unga ziynatini ko‘rsatishi halol. Ota va undan keyin zikr qilinadigan mahramlari uchun ayolning nikohi haromdir, ular unga uylanishni, umuman, shahvat bilan qarashni xayollariga ham keltirmaydilar. Shuning uchun mo‘mina ayol ushbu mahramlarga ziynatini ko‘rsatsa bo‘ladi. Yuzini, qo‘lini, oyog‘ini va uy ichida ochib yurishga majbur bo‘ladigan ba’zi a’zolarini, jumladan, xamir qilayotganda bilagini, uy supurayotganda boldirini ko‘rsatsalar, gunohi yo‘q. Ehtiyoj yuzasidan ruxsat berilgan.
«Otalari» deyilganda katta ota, bobo va bobolarining otalari ham ko‘zda tutiladi.
3. «...erlarining otalari...»
Ya’ni qaynotalari. Bunga qaynotaning otalari va katta qaynotalarning otalari ham kiradi. Ular ham ota o‘rnidadir. Ular ham kelinlariga mahram, o‘rtadagi munosabatda uylanish yoki shahvat nazari degan narsalar bo‘lishi mumkin emas.
4. «...o‘g‘illari...»
Bunga ayolning o‘z o‘g‘illari, o‘g‘illaridan va qizlaridan bo‘lgan o‘g‘il nabira, evara va chevaralar kiradi. Bularning hammasi ham ayol kishi uchun mahram, ular orasida oila qurish yoki shahvat bilan qarash umuman mumkin bo‘lmagan ish, shuning uchun ham muslima ayolga ularga ziynatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilgan.
5. «...erlarining o‘g‘illari...»
Ya’ni erlarining boshqa xotinidan bo‘lgan o‘g‘illari. Bular ham mo‘mina-muslima ayol uchun mahram sanaladi. Oralarida nikoh bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Chunki o‘rtada ona-bolalik aloqasi bor. Shuning uchun zebu ziynat va chiroy o‘rtada shahvatni uyg‘otmaydi.
6. «...aka-ukalari...»
Bunda tug‘ishgan aka-ukalar, ota bir aka-ukalar va ona bir aka-ukalar hammasi barobardirlar. Ularning barchasi mahram hisoblanadilar, opa-singillarining ziynatlarini ko‘rsalar bo‘ladi.
7. «...aka-ukalarining o‘g‘illari...»
Bunda ham tug‘ishgan, ota bir va ona bir aka-ukalarning o‘g‘illari ko‘zda tutilgan. Ayol aka-ukalarning farzandlariga amma bo‘ladi. O‘rtada mahramlik bor, uylanish yoki shahvat bilan qarash umuman bo‘lishi mumkin emas. Boshqa mahramlar qatori, bularning ham hayot taqozosi ila doimo bir-birlari bilan ko‘rishib, aralashib turishga ehtiyojlari bor. Shuning uchun ham jiyanlarga ammalarining ziynatlariga qarashlariga ruxsat berilgan.
8. «...opa-singillarining o‘g‘illari...»
Bu holatda ham tug‘ishgan, ota bir yoki ona bir opa-singillarining o‘g‘illari ko‘zda tutilgan. Ayol ular uchun xola bo‘ladi. O‘rtada mahramlik bor. Shuning uchun mo‘mina ayol ziynatlarini ularga ko‘rsatsa bo‘ladi.
Ammo mo‘mina-muslima ayolning erkak mahramlari bu bilan tugamaydi. Oyatda zikri kelmagan mahramlar ham bor. Misol uchun, amakilar, tog‘alar va kuyovlar. Shuningdek, emikdoshlik orqali mahram bo‘lganlar bor. Ular haqida oyati karimada biror narsa deyilmagan bo‘lsa ham, hadislarda kelgan hukmlardan qiyos qilib, mo‘mina-muslima ayol ularga ziynatini ko‘rsatsa, gunoh yo‘q, deb fatvo berilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoga emikdoshlik orqali amakisi va tog‘asi bo‘lgan erkaklardan qochib, hijob olishga ruxsat bermaganlar. Shunday ekan, nasab orqali bo‘lgan amaki va tog‘alarga, albatta, ziynatini ko‘rsatishga ruxsat bor.عَنْ عَائِشَةَ: رَضِي اللهُ عَنْها جَاءَ أَفْلَحُ أَخُو أَبِي الْقُعَيْسِ يَسْتَأْذِنُ عَلَيْهَا بَعْدَ الْحِجَابِ، وَكَانَ أَبُو الْقُعَيْسِ أَبَا عَائِشَةَ مِنَ الرَّضَاعَةِ، قَالَتْ عَائِشَةُفَقُلْتُوَاللهِ لَا آذَنُ لِأَفْلَحَ حَتَّى أَسْتَأْذِنَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَإِنَّ أَبَا الْقُعَيْسِ لَيْسَ هُوَ الَّذِي أَرْضَعَنِي، وَلَكِنْ أَرْضَعَتْنِي امْرَأَتُهُ، فَلَمَّا دَخَلَ عَلَيَّ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قُلْتُيَا رَسُولَ اللهِ، إنَّ أَفْلَحَ أَخَا أَبِي الْقُعَيْسِ جَاءَ يَسْتَأْذِنُ عَلَيَّ، فَكَرِهْتُ أَنْ آذَنَ حَتَّى أَسْتَأْذِنَكَ، قَالَتْفَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَائْذَنِي لَهُ.Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Abul Qu’aysning ukasi Aflah hijob(oyati)dan keyin kelib, u kishining huzurlariga kirishga izn so‘ragan. Abul Qu’ays Oishaga emikdoshlik orqali ota edi.
Oisha aytadi:
«Allohga qasamki, Rasululloh collallohu alayhi vasallamdan izn so‘ramagunimcha Aflahga ruxsat bermayman. Meni Abul Qu’ays emas, uning xotini emizgan», dedim.
Rasululloh collallohu alayhi vasallam kelganlarida:
«Ey Allohning Rasuli, Abul Qu’aysning ukasi Aflah huzurimga kirishga ruxsat so‘radi. Sizdan izn olmasdan unga ruxsat berishni istamadim», dedim. U zot collallohu alayhi vasallam:
«Unga izn ber», dedilar».عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، قَالَتْدَخَلَ عَلَيَّ أَفْلَحُ بْنُ أَبِي الْقُعَيْسِ، فَاسْتَتَرْتُ مِنْهُ، قَالَتَسْتَتِرِينَ مِنِّي وَأَنَا عَمُّكِ؟قَالَتْقُلْتُمِنْ أَيْنَ؟قَالَأَرْضَعَتْكِ امْرَأَةُ أَخِي، قَالَتْإِنَّمَا أَرْضَعَتْنِي الْمَرْأَةُ، وَلَمْ يُرْضِعْنِي الرَّجُلُ، فَدَخَلَ عَلَيَّ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَحَدَّثْتُهُ فَقَالَإِنَّهُ عَمُّكِ، فَلْيَلِجْ عَلَيْكِرَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ.Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Huzurimga Aflah kelgan edi, undan yashirindim. U:
«Amaking bo‘lsam ham, mendan qochasanmi?!» dedi. Men:
«Qaerdan menga amaki bo‘lasan?!» dedim. U:
«Seni mening akamning xotini emizgan», dedi. Men:
«Meni emizsa, ayol kishi emizgan, erkak kishi emas», dedim. So‘ng oldimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirdilar, men bo‘lgan gapni aytib berdim. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, u amaking bo‘ladi, huzuringga kiraversin», dedilar».
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.
Yuqorida zikr qilingan mahramlarning hammasi abadiy mahram hisoblanadilar. Ya’ni ularning mazkur mo‘mina ayolga uylanishlari abadiy harom qilingandir.
Ammo mahramligi vaqtinchalik shaxslar ham bo‘ladi. Misol uchun, opa-singillarning erlari vaqtinchalik mahram sanaladi, ya’ni opa bilan nikohda turgan erkakka uning singlisiga uylanishi harom sanaladi. Opa bilan ajrashgandan keyingina singilni nikohiga olish halol bo‘ladi.
Ularga nisbatan qanday muomalada bo‘lish kerak? Bu hukm shariatda chegaralab qo‘yilmagan. Ulamolarimizning aytishlaricha, buni chegaralashning imkoni ham yo‘q. Chunki bunday qarindoshlik aloqalari turlicha bo‘ladi. Shuning uchun ularning hukmi ham turlicha. Bunda qarindoshlik nisbati, yoshdagi farqlar, turli holatlar, bir joyda yashaydilarmi yoki alohidami va boshqa omillar ham e’tiborga olinadi.
Misol uchun, Oisha onamizning opalari Asmo binti Abu Bakr roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qaynsingillari bo‘ladi. Asmo roziyallohu anho u zotdan qochmaganlar. Uylariga bemalol kirib yurganlar. Holbuki, ikkovlari orasidagi nikohning haromligi vaqtinchalik bo‘lgan.
Shuningdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilarining qizlari Ummu Honi’ roziyallohu anho ham u zot sollallohu alayhi vasallamdan qochmaganlar. Holbuki, ikkovlarining oralarida nikoh durust bo‘lgan.
Shu bilan birga, Zaynab binti Jahsh onamiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida Fazl ibn Abbosdan qochganlar. Holbuki, Zaynab binti Jahsh onamiz Fazl ibn Abbosning ammalarining qizi bo‘lgan. Shunga o‘xshash holatlarni o‘rgangan ulamolarimiz, yuqorida aytilganidek, «Bunday ishlarda sharoitga qarab hukm chiqariladi», deganlar.
Yuqoridagi misollar qochish-qochmaslik haqida edi. Ammo ularning nazar solish joiz bo‘lgan a’zolaridan boshqa joylarga nazar solish qat’iy mumkin emas. Masalan, bir xonadonda yashovchi aka-ukalarning xotinlari – akaniki ukaga, ukaniki akaga nomahram hisoblanadi. Shuning uchun begonalardan to‘singan kabi to‘sinishlari kerak bo‘ladi».
Shuningdek, qarindoshligida shubha bo‘lgan erkaklardan ham mo‘mina ayollar o‘zlarini hijobda tutganlari yaxshi, deyiladi.
Endi mahram hisoblanmasa ham, mo‘mina ayol ziynatini ko‘rsatsa bo‘ladigan shaxslarning zikri keladi:
9. «...yo ayollari...»
Ya’ni mo‘mina ayollar ayollarga ziynatlarini ko‘rsatsalar bo‘ladi. Ulamolarimiz bu haqda turli fikrlarni aytganlar. Ba’zilari, «ayollari»dan murod hamma xotinlar, deganlar. Ba’zilari, musulmon ayollar nazarda tutilgan, deganlar, boshqa birlari esa, o‘zlariga tegishli xotinlar, deb aytganlar. Chunki fosiqa, fojira ayollar muslima ayolning avratini, ziynatini ko‘rsa, unga yaqinlashsa, fisqu fujurga boshlashi, fitna chiqarishi mumkin, deyishgan.
10. «...yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlar...»
Ya’ni o‘z cho‘rilari, erkak qullar bundan mustasno.عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رَضِي اللهُ عَنْها، قَالَتْقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا كَانَ عِنْدَ مُكَاتَبِ إِحْدَاكُنَّ مَا يُؤَدِّي، فَلْتَحْتَجِبْ مِنْهُرَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ayollariga: «Agar sizlardan birortangizning mukotabi (bahosini to‘lab, ozod bo‘lishga kelishgan quli) bo‘lsa va u (o‘z bahosini) ado etishga imkoni bo‘lsa, undan hijoblansin», deganlar».
Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Ya’ni bu odamning ozod bo‘ladigan vaqti juda yaqinlashib qoldi. Endi u qul bo‘lmaydi, shuning uchun undan qochish lozim.
11. «...yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilar...»
Bular tabiiy, jismoniy jihatdan erkakliklari o‘lgan kimsalar bo‘lib, qorinlarini to‘ydirish uchun odamlarning xizmatini qilib yuradilar. Ularda umuman shahvat, ayollarga qiziqish degan narsaning o‘zi bo‘lmaydi. Muslima ayol ana shunday odamlarga ham ziynatini ko‘rsatsa bo‘ladi.
12. «...yo ayollar avratining farqiga bormagan yosh bolalar...»
Chunki kichkina bolalar avrat nima, shahvat nima, bilmaydilar.
 Ushbu oyati karimadan olingan qoidaga binoan, mo‘mina-muslima ayollarga begona erkaklarning shahvatini qo‘zg‘atib, fitnaga sabab bo‘lmasliklari uchun nafaqat hirsni qo‘zg‘atadigan ovoz berish, balki shunga vosita bo‘lib qoladigan boshqa narsalar ham joiz emas. Vallohu a’lam!

13 Dekabr 2023, 13:16 | Savol-javoblar | 0 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar