Qaynota bilan silai raxmni uzsa bo‘ladimi

Assalomu alaykum! Uylanganimga 5 yildan oshdi, shu vaqt ichida Allohga beadad shukurlar bo‘lsin ikki nafar farzandli bo‘ldim. Lekin afsuski oilamda urush janjallar tez-tez bo‘lib turadi. Tirikchilik maqsadida xar yili rassiyaga borib kelishim sabab safardalik vaqtim xotinimni ota onasinikida yurishiga ruxsat berganman. Balki shu sababdan janjallarga qaynotam bilan qaynonamni aralashishi oddiy xol bo‘lib qolgan. Oxirgi vaqtlar shu darajaga etdiki qaynotam bilan qaynonam mendan xamma narsaga xisob berishimni talab qilishgacha borishdi. Bora-bora ular meni xotinim va bolalarim bilan gaplashtirmaydigan bo‘lishdi. Shu orada qaynotam bilan telefonda qattiq urushdim, shu urushim u bilan yuz ko‘rmas bo‘lishimga sabab bo‘ldi. Oradan 4-oycha vaqt o‘tib rassiyadan uyga keldim. Xotinimga tel qilib chaqirib oldim. Lekin qaytayotganida qaynotam unga borsang senday qizim yo‘q deb aytibdi. Mana oradan ancha vaqt o‘tdiki qaynotam qizi bilan xam gaplashmaydi. Qaynotam va qaynonam bo‘lar bo‘lmasga folchiga yuguradi rassiyadaligimda xam xotinimga jo‘natgan pulimni yo do‘xtirlarga yoki bo‘lar bo‘mas qora momolaru pirlarga deb xar nima chiqarisharga sarflab yuborishar edi. Ikkinchi farzandimga Ibroxim deb payg‘ambar ismini qo‘yganimda xam meni aytganim bo‘ladi deb qarshi chiqqan edi. Xotinimni otasi bilan aloqalarini tiklashini xoxlayman. Lekin men bilan qaynotamni yarashishi qiyin masala. Chunki mening ota onam bilan xam aloqalarini uzishgan. Men oilamni saqlab qolish uchun, ikki bolam otasiz o‘smasligi uchun qo‘limdan kelganini qildim. Bunday vaziyatda qaynotam bilan vaziyatni shundayligicha qoldirsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Yo‘q, silai rahmni uzmang. Musulmon o‘z dindoshi bilan bunday muomalada bo‘lishi mumkin emas. Darhol yarashing. Nima desalar ham chiroyli javob qaytaravering. Noshar’iy ishlarga buyurishsa itoat qilmang, tamom. Gap so‘zni ko‘paytirmang.
Ato ibn Yazid al-Laysiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Biror kishiga o‘z birodari bilan uch kechadan ortiq arazlashish mumkin emas, halol emas, harom. Ikkovlari uchrashib qolsa, biri u yoqqa, biri bu yoqqa qarab, teskari bo‘lmasin. Ikkovidan yaxshisi birinchi salom berganidir», - dedilar
».
Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadisi sharifldarida mo‘min-musulmon bandalar orasiga sovuqchilik tushib arazlashib qolganlaridagi holatni muolaja qilish haqida so‘z yuritilmoqda.
Arazlashib qolganlar ko‘rishganda yuzini o‘girib olmasdan, «Assalomu alaykum» deb birinchi kim salom bersa, o‘sha kishi yaxshi bo‘lar ekan.
Bu arazlashib qolganlarni yarashtirishning juda bir ajoyib uslubi bilan yarashishga targ‘ib qilishdir. Ikki kishi urishib qolgan bo‘lsa, yo‘lda uchrashib qolganda teskari qarab, yuz o‘girib o‘tib ketsa, oradagi nifoq ikki baravar ko‘payadi. Ichida adovat g‘imirlab, «teskari qarab o‘tib ketdi» deydi.
Ikkinchi marta teskari qarab o‘tib ketsa, adovat yanayam kuchayib ketadi. «Falon joyda ko‘rdi, kichkina bo‘lsa ham menga salom bermadi» deb, gap ko‘payadi.
Shuning uchun arazlashib qolgan ikki kishi uchrashib qolsa, shu erda bir tomon savob umidida yaxshilikni bo‘yniga olib, salom berishi kerak ekan. Salom bergan odamning gunohi to‘kiladi. Chunki u Allohning amrini bajargan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan hisoblanib, arazlashganlik gunohidan forig‘ bo‘ladi.
Narigi odam alik olsa, ikkovlari ham bu gunohdan qutuladi. Alik olmay ketgan bo‘lsa, gunoh unga bo‘ladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birinchi bo‘lib salom bergani yaxshisi», - deganlar.
Har birimiz ushbu hadisni yaxshi o‘zlashtirib olishimiz kerak. Hayotda turli holatlar bzaga kelib turadi. Alloh ko‘rsatmasin, mabodo bir bilan arazlashib qoladigan bo‘lsak, arazdan keyingi birinchi uchrashuvdayoq yarashib ketishga odatlanishimiz kerak. Albatta, bu ish arazdan uch kun o‘tmasdan oldin yuz berishi lozim.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Mo‘min-musulmon kishiga o‘z birodari bilan uch kechadan ortiq arazlashish haromligi.
2. Ikki arazlashgan musulmon uchrashib qolsalar, biri u yoqqa, biri bu yoqqa qarab, teskari bo‘lib ketmasliklari kerakligi.
3. Ikki arazlashib qolgan musulmondan yaxshisi birinchi salom bergani ekanligi. Vallohu a’lam!

30 Dekabr 2023, 13:48 | Savol-javoblar | 0 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar