Nikohning shartlari

Assalomu alaykum! Nikoh paytida niyat muhimmi? Ya’ni vaqtinchalik, hech kimga bildirmaslik niyatida qilingan.(lekin buni guvohlardan so‘ralmagan). Nikoh sahihmi va nikoh uchun imomsiz ikkita guvoh etarlimi? Guvohlarga qanday shartlar qo‘yilgan. Nikohni qanday amallar yoki niyatlar xabata qilishi mumkin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi. Ularning lafzi «Zavvajtu»«O‘zimni senga nikohladim» va «Tazavvajtu»«Nikohlandim» kabi o‘tgan zamon fe’li yoki «Zavvijnii» – «Meni nikohla», deganda «Nikohladim», deyish kabi buyruq va o‘tgan zamon fe’li ila ifoda etiladi. Ikki taraf buning ma’nosini bilmasalar ham, baribir. (Fors tilidagi) «dol»dan keyin mimsiz «dod» va «Faziruft» va «Fazirufti» (ya’ni topshirdi, qabul qildi), deyish bilan nikoh bog‘lanadi. Bu «Sotdim» – «Oldim» kabi. Guvohlar oldida «Biz er-xotinmiz», deyishlari bilan nikoh bog‘lanmaydi. Nikoh aqdi nikoh, uylanish va bir narsani o‘sha vaqtning o‘zida mulk qilib berishni anglatish uchun ishlatiladigan lafzlar ila to‘g‘ri bo‘ladi. Ikkovlari bir-birining lafzini eshitmoqlari va ikki mukallaf musulmon hur erkak yoki bir hur erkak va ikki hur ayol hozir bo‘lib, birgalikda ikkisining lafzlarini eshitmoqlari shartdir. Nikoh ikki fosiqning huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin ularning guvohligi asari da’vo paytida o‘tmaydi. Nikoh ikki tarafning ikki o‘g‘li yoki bir tarafning ikki o‘g‘li huzurida to‘g‘ri bo‘ladi. Ularning guvohligi o‘zining yaqini foydasiga qabul qilinmaydi. Nikoh ikki zimmiyning guvohligida to‘g‘ri bo‘ladi va ularning guvohligi musulmonning ziddiga o‘tmaydi. Agar vakil qiluvchining o‘zi hozir bo‘lsa, vakil guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga etgan, boshqa odam unga valiy qilingan qiz hozir bo‘lsa, uning valiysi guvoh bo‘la oladi. Quyidagilar harom bo‘ladi: asli, far’i, yaqin aslining far’i, uzoq aslining sulbidan bo‘lgan qizi, xotinining onasi va jinsiy yaqinlik qilgan xotinining qizi, aslining va far’ining xotini. Shularning hammasi emikdoshlik orqali bo‘lganda ham. Shuningdek, o‘zi bilan zino qilgan, o‘zi ushlagan yoki uni ushlagan va ichki farjiga shahvat bilan nazar solingan ayolning far’i ham, asli ham harom bo‘ladi. To‘qqiz yoshdan kichik qizlar ishtaha tortadigan emas. Ikki ayoldan birini erkak deb faraz qilinganda unga ikkinchisi halol bo‘lmaydigan ayollardan birining nikohi va iddasi ikkinchisining nikohini va mulk yuzasidan yaqinlik qilishni harom qiladi. Shuningdek, ulardan biriga mulk yuzasidan jinsiy yaqinlik qilish ikkinchisiga ham mulk yuzasidan, ham nikoh orqali jinsiy yaqinlik qilishni harom qiladi. Nikohini emas. Agar biriga aqdi nikoh qilgan bo‘lsa, to boshqasini harom qilmaguncha unga yaqinlik qilmay turadi. Quyidagilarning nikohi durust bo‘ladi: kitobiya ayolning, hur ayolga uylanishga qodir bo‘la turib cho‘riga uylanish, ehromdagi ayol va erkakning, zinodan homila orttirganning, unga homilasini tuqquncha yaqinlik qilmay turiladi va nikohi harom bo‘lgan ayol bilan birgalikda nikoh qilinganning. Quyidagi nikohlar durust bo‘lmaydi: o‘z cho‘risini nikohiga olish, (qulning) o‘z bekasiga uylanishi, ahli kitob bo‘lmagan kofir ayolga, hur uchun to‘rtinchi, qul uchun ikkinchi ayolining iddasida yana uylanish, hur ayolning ustiga yoki uning iddasida cho‘rini olish, homilasining nasabi sobit bo‘lgan homiladorga uylanish, mut’a va muvaqqat nikohlar. Endi «Muxtasari Viqoya»da kelgan matnlarni sharh qilishga o‘taylik. Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi. «Iyjob» aqdi nikohda ishtirok etadigan ikki tomonning biridan shu masalada avval sodir bo‘ladigan narsa, «qabul» esa ikkinchi o‘rinda sodir bo‘lgan narsadir. Misol uchun, bir erkak ayol kishiga guvohlar huzurida: «Men seni nikohimga oldim», desa, mana shu so‘rashi «iyjob» bo‘ladi. Ayol unga: «Rozi bo‘ldim», deb javob bersa, mana shu javobi «qabul» bo‘ladi. Yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Valiylar yoki vakillar orqali ham «iyjob-qabul» bo‘lishi mumkin. Hanafiy mazhabida faqat iyjob va qabulgina nikohning rukni hisoblanadi. Iyjob va qabulda kelin va kuyov tomonidan ishlatilgan iboralar abadiylikni va o‘tgan zamonni yoki buyruq va o‘tgan zamonni ifoda qilishi shart. Agar iyjob va qabulda kelin va kuyov tomonidan ishlatilgan iboralar so‘rov yoki kelasi zamonni ifoda qilsa, nikoh bog‘lanmaydi. Vaqtinchalikni ifoda qilsa, ya’ni vaqtini tayin qilib, «Falon oyga, falon yilga nikohlandik», deyilsa bo‘lmaydi. Shuning uchun ham muvaqqat nikoh va mut’a nikohi harom bo‘ladi. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 20:20 | Savol-javoblar | 227 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar