Ona bo‘lish savobi

Assalomu alaykum! Bilamizki ayol kishi ona bo‘lish arafasida ya’ni farzandni dunyoga keltirish paytida qattiq og‘riqlarni boshidan o‘tkazadi. Shu yo‘l bilan uning ba’zi gunohlariga kafforat bo‘larkan deb aytishadi. Agar ma’lum sabablar bilan keser ya’ni kesish (keserva) yo‘li bilan ona bo‘lgan ayollarga qanday hukm bo‘ladi? Ular ham savobga erisha oladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يُصِيبُ الْمُؤْمِنَ شَوْكَةٌ فَمَا فَوْقَهَا إِلَّا رَفَعَهُ اللهُ بِهَا دَرَجَةً وَحَطَّ عَنْهُ بِهَا خَطِيئَةً. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَمُسْلِمٌ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘minga tikan kirsa va undan-da kattaroq musibat etsa ham, albatta, Alloh o‘sha tufayli uning darajasini ko‘taradi va gunohini yuvadi», dedilar». Termiziy va Muslim rivoyat qilganlar. Sharh: Tikan kirishi ham musibat hisoblanadi. Unga ham sabr qilish kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Agar birortangizning kavushining ipi uzilib ketsa ham istirjo’ aytsin», deganlar. Istirjo’ «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» deyishdir. Boshqa bir rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uyda chiroq o‘chib qolganida istirjo’ aytgan ekanlar. Shunda Oisha onamiz «Chiroqqa ham istirjo’ aytasizmi?» deganlarida «Mo‘minga yomonlik bo‘lgan har bir narsa musibatdir», degan ekanlar. Ana shunday musibatlar etgan paytda sabr qilgan mo‘minning darajasi ko‘tarilib, xatolari o‘chirilar ekan. Shuning uchun kattayu kichik musibat qarshisida o‘zimizni komil musulmondek tutmog‘imiz lozimdir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 12:41 | Savol-javoblar | 162 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar