Nazr ro‘zasi

Assalomu alaykum! Men necha yillardan beri nafl ro‘zalarni tutib kelardim. Xususan Sha’bon, Shavvol, Zulxija ro‘zalarini. Lekin xar oyda 3 kun tutadigan ro‘za nazr ro‘zasi edi. Hozirda kasalligim sabab Ramazon ro‘zasidan keyin tutolmadim. Davleniyam tushib ketyapdi. Bu xolatda jonimga zulm qilib qo‘yishim mumkin. Savolim: Nazr qilingan ro‘zam niyatida Allohni jamolini ko‘rish, oliy jannatlarda bo‘lish va qiyomatda yoziladigan dasturxon sohibasi bo‘lishni niyat qilgan edim. Hozirda tutolmayman. Nima qilishni bilmayapman. Qanday yul tutay? Xar bir tutmagan oylarim uchun faqat 3 kun kafforoti bo‘lsa kasalik shiddati ko‘tarilgandan keyin tutib berishim mumkin. Lekin har oyiga 3 kundan bo‘lsa bunga qurbim etmaydi. Miskinga sadaqa beradigan holatida ham emasman. Nima qilay? Izlash xizmatida «Hadis va hayot» kitobini Nazrlar bobini o‘qing deyilgan ekan. Lekin bizni Andijonda faqat 2 erda dini kitoblar sotiladi. U erlarda bu kitob yo‘q ekan. «Xadis va xayot» kitobini Nazrlar bobi yo‘q. Iltimos maslaxat beringlar. Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! QODIR BO‘LMAYDIGAN NARSADA VA MA’SIYaTDA NAZR YO‘Q عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: بَيْنَمَا النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْطُبُ إِذَا هُوَ بِرَجُلٍ قَائِمٍ فِي الشَّمْسِ فَسَأَلَ عَنْهُ، فَقَالُوا: أَبُو إِسْرَائِيلَ نَذَرَ أَنْ يَقُومَ وَلَا يَقْعُدَ وَلَا يَسْتَظِلَّ وَلَا يَتَكَلَّمَ وَيَصُومَ، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مُرْهُ فَلْيَتَكَلَّمْ وَلْيَسْتَظِلَّ وَلْيَقْعُدْ وَلْيُتِمَّ صَوْمَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam xutba qilayotgan edilar, birdan oftobda tik turgan odamni ko‘rib qoldilar va u haqida so‘radilar. «Bu Abu Isroil. U tik turishni, o‘tirmaslikni, soyalanmaslikni, gapirmaslikni va ro‘za tutishni nazr qilgan», deyishdi. «Unga aytinglar, gapiraversin, soyalanaversin, o‘tiraversin va ro‘zasini tugal qilsin», dedilar». Beshovlari rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu rivoyatning qahramoni Abu Isroil Quraysh qabilasining Bani Omir ibn Luay urug‘idan bo‘lib, hadisi sharifda zikri kelgan narsalarni nazr qilgan edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘rab-surishtirib, uning masalasidan xabardor bo‘ldilar. Keyin esa bu ish bo‘yicha shariat hukmini bayon qildilar. Abu Isroilning nazrida ham toat, ham ma’siyat mavjud edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga ma’siyat bo‘lgan – gapirmaslik, soyada turmaslik, o‘tirmaslik haqidagi nazrlar behuda ekanligi, ularni darhol to‘xtatish lozimligini bayon etdilar. Aslida Alloh taologa toatdan iborat bo‘lgan ro‘za ibodatini esa davom ettirishga amr qildilar. Demak, Alloh taologa ma’siyat bo‘lgan ishlarda nazr yo‘q. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَدْرَكَ شَيْخًا يَمْشِي بَيْنَ ابْنَيْهِ يَتَوَكَّأُ عَلَيْهِمَا، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا شَأْنُ هَذَا؟ قَالَ ابْنَاهُ: يَا رَسُولَ اللهِ، كَانَ عَلَيْهِ نَذْرُ الْمَشْيِ إِلَى بَيْتِ اللهِ، فَقَالَ: ارْكَبْ أَيُّهَا الشَّيْخُ، فَإِنَّ اللهَ غَنِيٌّ عَنْكَ وَعَنْ نَذْرِكَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki o‘g‘lining o‘rtasida, ularga suyanib yurib ketayotgan bir cholni ko‘rib qolib: «Bunga nima bo‘ldi?» deb so‘radilar. «Ey Allohning Rasuli, u Baytullohga piyoda yurib borishni nazr qilgan edi», dedi o‘g‘illari. «Ey shayx, (ulovingni) minib ol, albatta, Alloh sendan ham, sening nazringdan ham behojatdir», dedilar». Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Ba’zi kishilarda o‘zini qiynash orqali Alloh taoloni rozi qilish istagi bo‘ladi. Ular o‘zlaricha «Biz Alloh taolo uchun o‘zimizni qancha qiynasak, U zot bizdan shunchalik rozi bo‘ladi», deb o‘ylaydilar. Aslida esa ushbu hadisi sharifda aytilayotganidek, Alloh taolo bandalarning o‘zlaridan ham, ularning nazrlaridan ham behojatdir. Alloh taologa bandalarning qiynalishlari kerak emas. Balki, bandalarga Alloh taologa ibodat qilish ila o‘zlari uchun turli foydalar topish zarurati bor. Shuning uchun ham ular Alloh taologa qurbat hosil qilish maqsadida U Zot uchun nazr ataydilar. Binobarin, mazkur nazrlar banda behudaga qiynaladigan ishlar emas, Alloh taolo rozi bo‘ladigan ishlardan iborat bo‘lmog‘i lozim. Ushbu hadisi sharifdan musulmon inson toqati etmaydigan, o‘z imkonidan tashqari ishlarni nazr qilmasligi, mabodo tushunmovchilik tufayli ba’zi kishilar mazkur noto‘g‘ri nazrni qilib qo‘ysalar, uni buzishlari lozimligi anglashiladi. Bu hukmda Islom dinining engillik dini ekanligi yana bir bor yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Islomda nafaqat banda uchun engil amallar taklif qilingan, balki insonning o‘ziga ham og‘ir ishlarni nafl ibodat sifatida ixtiyor qilib olishga ijozat berilmaydi. وَقَالَ عُقْبَةُ بْنُ عَامِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: نَذَرَتْ أُخْتِي أَنْ تَمْشِيَ إِلَى بَيْتِ اللهِ حَافِيَةً، فَأَمَرَتْنِي أَنْ أَسْتَفْتِيَ لَهَا رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَاسْتَفْتَيْتُهُ، فَقَالَ: لِتَمْشِ وَلْتَرْكَبْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Uqba ibn Omir roziyallohu anhu: «Singlim Baytullohga yalangoyoq borishni nazr qildi va mendan o‘zi uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan fatvo so‘rab berishni iltimos qildi. Bas, men u zotdan fatvo so‘radim. U zot: «Piyoda ham yursin, ulovga ham minsin», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Sharh: Uqba ibn Omir roziyallohu anhuning singillari o‘z toqatidan tashqari ishni nazr qilgani uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni nazriga vafo qilmaslikka amr etdilar. Bunday paytlarda nazrni buzish va kafforot berish lozim bo‘ladi. Kafforot berish qanday bo‘lishini esa, inshaalloh, kelajakda o‘rganamiz. عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا وَفَاءَ لِنَذْرٍ فِي مَعْصِيَةٍ وَلَا فِيمَا لَا يَمْلِكُ الْعَبْدُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ فِي حَدِيثٍ طَوِيلٍ Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ma’siyatda va banda molik bo‘lmagan narsada nazr yo‘q», dedilar». Beshovlari uzun hadisda rivoyat qilganlar. Sharh: Bir ayol kishi o‘zining tuyasi yo‘q bo‘lsa ham, birovning tuyasini so‘yishni nazr qilgan ekan. Shunaqasi ham bo‘lib turadi. Kishilar ana shu masala bo‘yicha fatvo so‘rab kelganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi sharifni aytgan ekanlar. Bu hadisdan ikkita hukm chiqadi: 1. Gunoh ishlarni nazr qilib bo‘lmasligi. Chunki aslida nazr savob ishlarni ko‘proq qilish uchun shariatga kiritilgan. Savob topish uchun joriy qilingan nazr atashdek ishda shariat man qilgan ishlar – gunoh ishlarni mutlaqo qo‘llab bo‘lmaydi. 2. Banda o‘zi molik bo‘lmagan narsani nazr qilib bo‘lmasligi. Molu mulkni nazr qilishi uchun uni tasarruf qila bilishi kerak. Molu mulkni tasarruf qilish uchun esa unga molik bo‘lish lozim. Shuning uchun ham o‘zi molik bo‘lmagan narsani nazr qilish mumkin emas. عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيِّبِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ أَخَوَيْنِ كَانَ بَيْنَهُمَا مِيرَاثٌ، فَسَأَلَ أَحَدُهُمَا صَاحِبَهُ الْقِسْمَةَ، فَقَالَ: إِنْ عُدْتَ سَأَلْتَنِي عَنِ الْقِسْمَةِ، فَكُلُّ مَالِي فِي رِتَاجِ الْكَعْبَةِ، فَقَالَ لَهُ عُمَرُ رَضِي اللهُ عَنْهُ: إِنَّ الْكَعْبَةَ غَنِيَّةٌ عَنْ مَالِكَ، كَفِّرْ عَنْ يَمِينِكَ وَكَلِّمْ أَخَاكَ، سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: لَا يَمِينَ عَلَيْكَ وَلَا نَذْرَ فِي مَعْصِيَةِ الرَّبِّ، وَلَا فِي قَطِيعَةِ الرَّحِمِ، وَلَا فِيمَا لَا تَمْلِكُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Sa’iyd ibn Musayyib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Aka-uka orasida meros bor edi. Bas, ulardan biri o‘z sohibidan taqsimlashni so‘radi. Shunda nargisi: «Agar mendan yana taqsimlashni so‘rasang, molimning hammasi Ka’ba foydasiga bo‘lsin», dedi. Bas, Umar roziyallohu anhu unga: «Albatta, Ka’ba sening molingdan behojatdir, qasaming uchun kafforot ber va ukangga gapiraver. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Robbning ma’siyatida, qarindoshlik aloqasini uzishda, sen molik bo‘lmagan narsada sening zimmangda qasam ham, nazr ham yo‘q», deganlarini eshitganman», dedi». Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar. Sharh: Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida ansoriylardan bo‘lgan aka-uka o‘rtasida ko‘chmas mulk va xurmozor to‘g‘risida kelishmovchilik chiqqan. Ulardan biri merosni o‘zida tutib turgan, ikkinchisi esa merosni taqsimlab berishni talab qilgan. Merosni qo‘lida tutib turgani bu haqli talabdan achchiqlangan va «Agar yana bir marta merosni taqsimlashni talab qilsang, hamma molni Ka’baning foydasiga o‘tkazib yuboraman», deb qasam ichib, do‘q urgan. Aka-ukaning o‘rtasidagi bu tortishuvli masala oxiri xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga etib borgan. Shunda u kishi akaga: «Albatta, Ka’ba sening molingdan behojatdir, qasaming uchun kafforot ber va ukangga gapiraver. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Robbning ma’siyatida, qarindoshlik aloqasini uzishda, sen molik bo‘lmagan narsada sening zimmangda qasam ham, nazr ham yo‘q», deganlarini eshitganman», dedilar. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Noto‘g‘ri narsa uchun qasam ichgan odam qasamini buzishi va o‘sha buzgan qasami uchun kafforot berishi lozimligi. Ushbu rivoyatdagi aka ham noto‘g‘ri ish uchun, ya’ni ukasi yana merosni bo‘lib berishni so‘rasa, bor molni Ka’ba foydasiga berib yuborishga qasam ichgan edi. Holbuki, ukasining merosni bo‘lib berishni talab qilishga to‘liq haqqi bor edi. Akaning merosni bo‘lib bermay yurishi esa nohaqlik edi. 2. Musulmon kishilarning, ayniqsa, aka-ukalarning bir-birlariga gapirmay yurishlari shariatga to‘g‘ri kelmasligi. Shuning uchun ham Hazrati Umar roziyallohu anhu akani o‘z ukasiga gapirishga amr etdilar. 3. Alloh taologa ma’siyat bo‘lgan narsalarda qasam ham, nazr ham o‘tmasligi. Mazkur aka gunoh narsaga qasam ichib, gunoh nazr qilgani uchun ushbu hadisga binoan, uning qasami ham, nazri ham qaytarildi. 4. Qarindoshlik aloqalarini uzish uchun xizmat qiladigan qasam ham, nazr ham o‘tmasligi. Haligi aka o‘z ukasiga gapirmaslikni, u bilan qarindoshlik aloqasini uzishni qasd qildi hamda o‘zaro aloqalarini buzishga xizmat qiladigan etib, merosdagi o‘z haqqini ham, ukasining haqqini ham Ka’baga nazr qilgani uchun ushbu hadisi sharifga amal qilib, Umar roziyallohu anhu uning qasamini ham, nazrini ham bekor qildilar. 5. O‘zi molik bo‘lmagan narsaga qasam ichish mumkin emasligi, o‘ziniki bo‘lmagan narsani nazr qilib bo‘lmasligi. Mazkur aka merosdagi ukasining haqqi haqida qasam ichib, o‘sha haqni o‘z haqqiga qo‘shib, Ka’ba foydasiga nazr qilib yuboraman, degani uchun Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislariga amal qilib, uning qasamini ham, nazrini ham bekor qildilar. Barchamiz o‘z hayotimizda mazkur ta’limotlarga og‘ishmay amal qilmog‘imiz kerak. وَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ نَذَرَ نَذْرًا لَمْ يُسَمِّهِ فَكَفَّارَتُهُ كَفَّارَةُ يَمِينٍ، وَمَنْ نَذَرَ نَذْرًا فِي مَعْصِيَةٍ فَكَفَّارَتُهُ كَفَّارَةُ يَمِينٍ، وَمَنْ نَذَرَ نَذْرًا لَا يُطِيقُهُ فَكَفَّارَتُهُ كَفَّارَةُ يَمِينٍ، وَمَنْ نَذَرَ نَذْرًا أَطَاقَهُ فَلْيَفِ بِهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُ: كَفَّارَةُ النَّذْرِ إِذَا لَمْ يُسَمَّ كَفَّارَةُ يَمِينٍ «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim aniq nomini aytmay, nazr qilsa, uning kafforoti qasamning kafforoti (kabi)dir. Kim ma’siyatga nazr qilsa, uning kafforoti qasamning kafforoti (kabi)dir. Kim o‘zining toqati etmaydigan nazr atasa, uning kafforoti qasamning kafforoti (kabi)dir. Kim o‘z toqati etadigan narsani nazr qilsa, unga vafo qilsin», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziyning lafzida: «Nomi aytilmagan nazrning kafforoti qasamning kafforoti (kabi)dir», deyilgan. Sharh: «Nomi aytilmagan nazr» deganda, umumiy ravishda «Alloh taolo uchun nazr atadim» deb, nazr qiladigan narsaning aniq nomini aytmaslik tushuniladi. Ushbu hadisi sharifga binoan, kim ana shunday nomini aytmay, nazr atasa-yu, keyin hech narsa nazr qilmasa, qasam ichib, uni ado eta olmay, qasamxo‘r bo‘lgan odam beradigan kafforotni berishi vojib bo‘ladi. Alloh taologa ma’siyat bo‘lgan ishni nazr qilgan odam u ishni qilish haqida o‘ylab ham ko‘rishi mumkin emas. Balki, u noto‘g‘ri atagan nazrining kafforotini o‘tashni o‘ylashi lozim. Ushbu hadisi sharifning hukmiga binoan, unday kishi qasamiga vafo qila olmagan odam to‘laydigan kafforotni to‘laydi. Shuningdek, kim o‘z toqatidan tashqari narsani nazr qilsa ham, unga baribir vafo qila olmasligi yuzasidan va tilni tiyib yurmaganining jazosiga xuddi qasamining ustidan chiqa olmagan odam to‘laydigan kafforotni to‘lashi vojib bo‘ladi. Shariat ko‘rsatmasiga muvofiq, o‘zining toqatidagi narsani nazr qilgan inson esa o‘zining qilgan nazriga albatta vafo qilishi lozim. وَلِلنَّسَائِيِّ: النَّذْرُ نَذْرَانِ: فَمَا كَانَ مِنْ نَذْرٍ فِي طَاعَةِ اللهِ فَذَلِكَ ِللهِ وَفِيهِ الْوَفَاءُ، وَمَا كَانَ مِنْ نَذْرٍ فِي مَعْصِيَةِ اللهِ فَذَلِكَ لِلشَّيْطَانِ وَلَا وَفَاءَ فِيهِ، وَيُكَفِّرُهُ مَا يُكَفِّرُ الْيَمِينَ Nasaiyning rivoyatida: «Nazr ikki xil bo‘ladi: Bir nazr Allohning toatida bo‘lsa, bas, u Alloh uchun bo‘ladi va unga vafo qilmoq kerak. Bir nazr Allohning ma’siyatida bo‘lsa, bas, u shayton uchun bo‘ladi va unga vafo qilish yo‘q. Uni qasamni kafforot qilgan narsa kafforot qiladi», deyilgan. Sharh: Bu hadisi sharif ham o‘zidan oldingi hadislarning ma’nosi va hukmini ta’kidlab kelmoqda. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 05:19 | Savol-javoblar | 209 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar