MAXR BERILMAGAN

Assalomalekum ustoz! Ilmiz bundanda ziyoda bolsin! Alloh yo‘lida qivotgan ishlariz uchun sizdan juda juda minnatdormiz... Nikoh o‘qilganda hojeyinimga maxr beriladi dib tushuntirganla domla, ula hop diganla. Lekin mana to‘yimizga 5 yil bo‘votti,o‘g‘limiz yaqinda Xudo xohlasa 4ga kiradi,lekin haligacha maxr berilmadi,ulaga shu haqida etsam yo yo keyin db paysalga soladila. maxrga nima berish kere? erimga nima diyishni bilmyamman. bermasalayam bo‘vuradimi yoki berishlari shartmi? Shu paytgacham kiyim keche eb ichish hamma narsa bilan ta‘minlaganla,ta‘minlab kevottila Allohga shukur,lekin maxr db hech nima bermaganla... Maslaxatizga muhtojman.Sizni javoblarizni ulaga o‘qitaman,Inshaalloh. Umriz uzoq bolsin,iloyim.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
MAHR HAQIDA MULOHAZAAlloh taoloning erlarga nikohda mahr berishni farz qilgani va ayollarga mahr olishni haq qilgani bejiz emas. Bu amalning to‘rt oyat va bir necha hadislar bilan shariatga kiritilishi ham uning ahamiyati qanchalik katta ekanligini ko‘rsatadi. Barcha narsalarni hikmat bilan qiladigan Zot – Alloh taoloning bu ishi ham, albatta, behikmat emas.Alloh azza va jalla mahrni ayol-qizlarning qadrlarini oshirish, ularning o‘z ota-onalari, tug‘ilib o‘sgan oilalarini tashlab, yolg‘iz o‘zi boshqa tarafga borib, yangi oila qurishga ko‘rsatgan jasoratlariini taqdirlab joriy qilgan. O‘ziga turmush yo‘ldoshi bo‘layotgan shaxsdan, hali birga bo‘lmasdan turib, ma’lum miqdorda mulkni qabul qilib olgan kelinda o‘ziga bo‘lgan ehtirom tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Ham kelinda, ham uning yaqinlarida kuyovga nisbatan ishonch kuchayadi. Kelajakda kelinning moliyaviy ta’minoti o‘z joyida bo‘lishiga nikohda ko‘zlari etadi. Shu boisdan ham, kuyov tarafdan himmatsizlikka yo‘l qo‘yilmasligi uchun mahrning ozi belgilab qo‘yilgan. O‘ta oz mahr ila kelinning izzat nafsiga tegmaslik uchun o‘n dirhamdan oz mahr bo‘lmasligi shariatda ta’kidlangan.Shu bilan birga, mahr berayotgan er ham o‘zining erligini, oilaning og‘irligini zimmasiga olishi lozimligini, kelinga mehr-muruvvat ko‘rsatishi kerakligini, oila qurish o‘z-o‘zidan bo‘laveradigan narsa emasligini anglab etadi. Aslini olganda, kelinga mahr berish orqali kuyovga – bo‘lajak oila rahbariga o‘zining yaxshi niyatini, oilasi va ayoliga molu dunyo sarflashdagi himmatini namoyish qilishga yo‘l ochiladi. Shuning uchun ham, mahrning ko‘pi chegaralanmagan va uni chegaralashga birovning haqqi ham yo‘q bo‘lgan.Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi:«Va ularning biriga haddan ziyod mahr bergan bo‘lsangiz ham, undan hech narsani qaytarib olmang!» (20-oyat)Faqihlar xuddi shu oyati karimani dalil qilib, mahrga har qancha ko‘p mol bersa bo‘ladi, deydilar.Ulamolarimiz bu mavzuda so‘z ketganda hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning mashhur qissalarini eslatadilar. Hofiz Abu Ya’lo Sha’biydan, u kishi Masruqdan rivoyat qiladilar:«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifalik davrlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarlariga chiqib:«Ey odamlar! Ayollarning mahrini juda oshirib yubordingiz-ku! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishining sahobalari to‘rt yuz dirhamdan oshirmas edilar. Undan ham oz bo‘lar edi. Agar mahrni ziyoda qilish Allohga taqvo yoki karamli ish bo‘lganida, ulardan o‘tib keta olmas edingiz. Hech kimning bir ayolning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilganini bilmayin!» – dedi-da, minbardan tushdi. Qurayshlik bir ayol uning yo‘liga ko‘ndalang chiqib:«Ey mo‘minlarning amiri, odamlarni ayollarning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilishdan qaytardingmi?» – dedi. Umar:«Ha», – dedi. Ayol:«Alloh Qur’onda tushirgan hukmni eshitmaganmiding?!» – dedi. Umar:«U qanday hukm ekan?» – deb so‘radi. Shunda ayol:«Allohning: «...va ularning biriga haddan ziyod mahr bergan bo‘lsangiz ham..» degan oyatini eshitmaganmisan?!» – dedi. Umar:«Robbim, O‘zing kechir! Odamlar Umardan ko‘ra faqihroqdirlar», – dedi-da, qaytib borib, yana minbarga chiqdi va:«Ey odamlar, men sizlarga ayollarning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilmaslikka amr qilgan edim. Endi kim o‘z molidan qancha xohlasa, beraversin. Umar xato qildi, ayol to‘g‘ri aytdi», – dedi».Uylanayotgan vaqtida ozmi, ko‘pmi mahrini berib qo‘yib, ajrashayotganda uni qaytarib olishga urinish musulmon insonga hech to‘g‘ri kelmaydigan ish. Ushbu oyatda bu ishni ochiq man’ etish bilan birga, uning hikmati ham bayon qilinib, erkaklar vijdonida nozik hissiyotlar qo‘zg‘atilmoqda. Qur’oniy ta’birga e’tibor bering-a, qanday ham hassos, qanday ham ta’sirli!«Va qanday ham olursiz?! Axir, bir-biringizga qovushdingiz va ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!»Nikoh tufayli er-xotin nafaqat jisman, balki ruhan ham qo‘shiladi. Ularning his-tuyg‘ulari, orzu-umidlari, vijdon¬lari, sir-asrorlari, dardu g‘amlari, baxtu saodatlari – barcha-barcha narsa qo‘shiladi, qovushadi. Islomda nikoh va oila Alloh taoloning ismi ila va uning Rasulining sunnatlari ila quriladigan muqaddas robita va oshyondir. Ana o‘sha qudsiyat hurmati, birga o‘tkazgan hayot hurmati, qovushib ketgan narsalar hurmati, ajrashganda ham yaxshilik bilan ajralmoq kerak. Bir vaqtlar rozi bo‘lib bergan mahrni o‘zi bilan bir yostiqqa bosh qo‘yib yashagan ayoldan qaytarib olishga urinish musulmon odamga, qolaversa, erkak zotiga hech yarashmaydi.Oyati karimada kelgan: «...ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!» jumlasidagi «ahdu paymon»ning ma’nosi haqida Sufyon Savriy: «Yaxshilik bilan tutib turish yoki yaxshilik bilan ajrashish haqidagi ahd», – deganlar.Rabiy’ ibn Anas esa: «Bu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam¬ning:«Siz ularni Allohning omonati ila oldingiz va farjlarini Allohning kalimasi ila o‘zingizga halol etdingiz» degan hadislaridan iboratdir», – degan.Demak, mahr, avvalo, nikohning hurmati, qolaversa, erkaklarning ayollarga bergan mustahkam ahdu paymonlari belgisidir.Shuning uchun ham, bu ishga alohida e’tibor berish kerak. Mahr masalasida shariat ko‘rsatmasiga amal qilmaslik, unda haddan oshish yoki unga nisbatan beparvo bo‘lish yaxshi oqibatga olib bormasligini tajriba ko‘rsatgan.Bir vaqtlar odamlar mahrni «qalin» deb atab olib, qizlari uchun katta miqdorda molu dunyo talab qilishgan. O‘zlari talab qilgan miqdordan kam molga ko‘nmaganlar. Bechora qizlarning bunga daxli ham bo‘lmagan. Ularning qo‘liga bu narsadan hech qanday ulush berilmagan.Shariatning mahr borasidagi ko‘rsatmasini buzib, haddan oshish oqibatida oila qurish ko‘pchilik uchun og‘ir mashaqqatga aylangan. Voyaga etgan yigit-qizlarning oila qurishlari qiyinlashgan. Jamiyatda qariqiz va qariyigitlarning soni ortib boravergan. Buning oqibatida jamiyatlar ham, yakka shaxslar ham zarar ko‘rgan. O‘sha vaqtdagi bu noxush holatni yoqtirmaganlar «qizini sigirni sotgandek sotmoqchi bo‘lyapti» degan iboralarni ishlatishgan. Ushbu noshar’iy holatni muolaja qilmoqchi bo‘lgan ulamolar «Mahrning ozi yaxshi» shiori ostida ma’ruzalar qilganlar, tushuntirishlar olib borganlar va boshqa choralar ko‘rilgan.Hozirga kelib, yuqoridagiga teskari holat vujudga keldi. Odamlarning ko‘pchiligi mahrni bilmaydi yoki unga ahamiyat bermaydi. Bilgani, ahamiyat bergani ham bu ishga oxirgi o‘rindagi ishlar kabi nazarda bo‘ladi. Imom domla yarim soat mahrning ahamiyati haqida ma’ruza qilib bo‘lganidan keyin bo‘lg‘usi kuyovdan: «Kelinning mahriga nima ataysiz», deb so‘rasa, «Uzuk», degan javobni eshitadi. Ba’zida bizlarga boshqa millatlardan meros bo‘lib o‘tgan o‘sha «uzuk»ning qimmati eng oz mahrning miqdoridan ham kam bo‘ladi. Hatto, ba’zi tushunmagan shaxslarda «mahr» degani nikoh uzugi bo‘lsa kerak» degan tasavvur paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Kelinlar esa mahr so‘rash Alloh taolo bergan shar’iy haqlari ekanligini tushunmaydilar. Tushunsalar ham, so‘rash ular uchun beodoblikka o‘xshab tuyuladi. Onda-sonda mahr so‘raganlaridan esa kuyov taraf xafa ham bo‘ladi.Shariatning mahr borasidagi ko‘rsatmasini buzib, farz bo‘lgan bu muhim narsaga beparvo bo‘lish oqibatida ko‘pgina muammolar paydo bo‘lmoqda. Eng yomoni, er tarafning oilaning moliyaviy og‘irligini ko‘tarish va boshqa javobgarliklar borasidagi mas’uliyat hissi yo‘qolmoqda. Nari borsa, bir dona nikoh uzugini berib, birovning 17-20 yil boqib, katta qilgan guldek qizini xotin qilib olgan shaxs bo‘lgan-bo‘lmagan narsa uchun uni haydab, yangi uylanish payidan bo‘lmoqda. «Jazosi bir dona nikoh uzugi-da», deydiganlar yo‘q emas.Oqibatda, bitta-ikkita bolasi bilan taloq qilingan yosh ayol otasinikiga qaytib borishga majbur bo‘lmoqda. U erda esa, yana yangi muammolar paydo bo‘lishi turgan gap. Agar o‘sha noinsof erkak tuzukroq mahr berib uylanganida edi, yana qayta uylanish uchun etarli miqdorda mahr berish kerakligini his qilganida edi, taloq qilishdan oldin o‘ylab ko‘rar, hisob-kitob qilar, natijada o‘zini tiyib olar edi.Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, vatanimizning avvalgi faqihlari nikoh qilishayotganda birovdan so‘ramay-netmay, kuyovga qarata: «Mahriga bir uy, bir dahliz, oldida ayvoni bilan va bir sigir buzog‘i bilan berish sharti ila Falonchini tan mahramlikka qabul qildingizmi?» deyishga o‘tishgan. Ular o‘z vaqtlaridagi sharoitni yaxshi o‘rganishgan, mabodo ayol kishi taloq qilinadigan bo‘lsa, ko‘chada qolishining, tirikchilik o‘tkaza olmaydigan darajaga tushib qolishining oldini olishgan. Mana shu omil erkaklarni ham jilovlab turgan. Ular xotinlarini taloq qilishdan oldin xotinining mahriga atalgan narsalar – oldida ayvoni bilan bir uy, bir dahlizni va buzog‘i bilan bir sigirning hisobini qilishgan. Biz ham bu masalani, bizning dinimiz barcha narsada mo‘’tadil din ekanligini hisobga olib, mahrning ham mo‘’tadil ravishda joriy bo‘lishini o‘ylab ko‘rmog‘imiz zarur. Shariatda mahrning eng ozi qancha ekanligi ko‘rsatilgani bilan birga, ko‘pining chegarasi yo‘qligi ham ma’lum. Ammo kelin tarafga mahrning ozi yaxshiligini uqtirish bilan birga, kuyov tarafga himmatni baland qilish aytiladi. Hech kim, hech qachon kelinga: «Mahr so‘rasang, uyat bo‘ladi», demagan. Shuningdek, kuyovga: «Boshqa millatlarning «nikoh uzugi»dan ortiqcha mahr bersang, gunohkor bo‘lasan», deyilgan ham emas.

30 Aprel 2022, 08:46 | Savol-javoblar | 168 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar