Do‘stim juma namozini o‘qimaydi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, do‘stim 5 vaqt namoz o‘qiydi, lekin juma namoziga bormaydi. Buning hukmi qanday bo‘ladi? Javob uchun tashakkur.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Vojibni tark qilgan bo‘ladi. عَنْ أَبِي الْجَعْدِ الضَّمْرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَرَكَ ثَلَاثَ جُمَعٍ تَهَاوُنًا بِهَا طَبَعَ اللهُ عَلَى قَلْبِهِ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ وَالْحاَكِمُ Abu Ja’d az-Zomriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim pisand qilmay, uch Jum’ani tark etsa, Alloh uning qalbiga muhr bosgay», dedilar». «Sunan» egalari va Hokim rivoyat qilganlar. Sharh: Avvalo ushbu hadisning roviysi bilan tanishib olaylik. Bu sahoba Abu Ja’d az-Zomriy kunyasi bilan mashhur bo‘lganlar. U kishining asl ismlari Amr ibn Bakr edi. Bu zot Makkani fath etish va Tabuk g‘azotlarida ishtirok etdilar. Jamal voqeasida esa Oisha roziyallohu anho onamiz bilan qatnashib, mana shu urushda vafot etdilar. Hadislarni Salmon Forsiydan rivoyat qildilar. Bu kishidan Ubayda ibn Sufyon al-Hazramiy va boshqalar rivoyat qilganlar. Ushbu hadisi sharifda Jum’a namoziga e’tiborsizlik bilan qarab bo‘lmasligi haqida so‘z bormoqda. E’tiborsizlik ila uch Jum’a namozini uzrsiz tark qilgan odamning qalbiga Alloh muhr bosib, yaxshilik kirmaydigan qilib qo‘yishi o‘sha odamning o‘zi uchun, oilasi uchun, jamiyati uchun katta baxtsizlikdir. Chunki Alloh muhrlab qo‘ygan qalbdan hech qachon yaxshilik chiqmaydi. Bundan ortiq baxtsizlik bo‘lishi mumkin emas. Demak, Jum’a namozi o‘qiydigan namozxonlari ko‘p bo‘lgan jamiyatda yaxshilik ham ko‘p bo‘ladi. Aksincha, jamiyatning bu namozni o‘qimaydiganlari qancha ko‘paysa, o‘sha jamiyatning yomonlari ham, musibatlari va mushkulotlari ham shunchalik ko‘payib boraveradi. Ichimizda Jum’aga chiqmaydiganlarimiz bor bo‘lganidan keyin jamiyatimizning yaxshilikka erisha olmayotganidan ajablanmasak ham bo‘laveradi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 09:07 | Savol-javoblar | 174 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar