Imomi A’zamning namozi

Assalomu alaykum! “Durrul muxtor”ning sharxida Abu Hanifa No‘mon ibn Sobitning nomozlari to‘g‘risida shunday yozilgan: 40 yil bir tahorat bilan besh vaqt namoz o‘qidilar.
Bu gap haqiqatmi? Axir u shaxs Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sunatlarini mukammal bilgan shaxs bo‘lganku.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shunday bo‘lgan taqdirda ham bir tahorat bilan besh vaqt namozni o‘qish sunnatga xilof emas. عمرو بن عامر الأنصاري ، سمعت أنس بن مالك يقول : كان النبي صلى الله عليه وسلم يتوضأ عند كل صلاة ، قال قلت فأنتم كيف كنتم تصنعون؟ قال : كنا نصلي الصلوات بوضوء واحد ما لم نحدث Amr ibn Omir Ansoriydan rivoyat qilinadi: Men Anas ibn Molikning: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har namozga tahorat olar edilar” deganini eshitdim. Shunda “Sizlar qanday qilar edingiz” dedim. “Biz tahoratimiz ketmasa besh vaqt namozni bir tahorat bilan o‘qir edik” dedi. Imom Ahmad rivoyati. عن سليمان بن بريدة عن أبيه قال : كان النبي صلى الله عليه وسلم يتوضأ عند كل صلاة ، فلما كان يوم الفتح توضأ ومسح على خفيه ، وصلى الصلوات بوضوء واحد . فقال له عمر : يا رسول الله، إنك فعلت شيئا لم تكن تفعله؟ قال : إني عمدا فعلته يا عمر Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har namozga tahorat olar edilar. Fath kuni bo‘lganida tahorat qildilar va ikki mahsisiga mash tortdilar. So‘ng bir necha namozni bir tahorat bilan o‘qidilar. Shunda Umar: “Ey Allohning rasuli oldin qilmaydigan ishingizni qildingizmi(bir tahorat bilan bir necha namozni o‘qidingizmi)” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Ey Umar men buni qasddan qildim” dedilar”. Imom Ahmad rivoyati. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 12:44 | Savol-javoblar | 177 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar