Mukarram farishtalar

Assalomu alaykum! Hurmatlik ustozlar, mukarram farishtalar qanday farishtalar? Ularni farishtalar ichida yuqorilari hisoblanishi joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ularning Alloh taoloning huzurida mukarram ekanliklarini Alloh O‘zi Qur’on karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadis shariflarida zikr qilib o‘tganlar. Alloh taolo “Takvir” surasida Jabroil alayhissalom haqlarida marhamat qiladi: ذِي قُوَّةٍ عِندَ ذِي الْعَرْشِ مَكِينٍ۝ مُطَاعٍ ثَمَّ أَمِينٍ۝ 20. U quvvatli, Arshning egasi huzurida martabasi oliydir. 21. Itoat qilinadigan, omonatlidir. Ya’ni Jabroil alayhissalomga barcha o‘ziga xos farishtalar itoat qiladilar. Ular unga itoat qilishdan zarracha ham bo‘yin tovlamaydilar. U bo‘lsa vahiyni omonat bilan etkazadi, xiyonat qilmaydi. Demak, Jabroil alayhissalomda Qur’onni turli nuqsonlardan saqlash uchun kerak bo‘lgan barcha sifatlar mavjud. Uning o‘ziga itoat qiladigan xizmatchilari – yordamchilari ham bor. O‘sha yordamchilar uning itoatidan hech chiqmaydilar. Ular Qur’onga tegishli xizmatlarni oliymaqom etib ado etadilar. Eng muhimi, Jabroil alayhissalomning o‘zi omonatli, ishonchli. Ul zot «amiynul vahiy» nomini olgan edilar. Alloh taolo Jabroil alayhissalomni O‘z vahiysiga amiyn – ishonchli shaxs qilib olgan. Jabroil alayhissalom Alloh taoloning barcha payg‘ambarlariga vahiyni omonat bilan etkazib kelayotgan farishtadir. Undan hech bir xiyonat sodir bo‘lmagan va bo‘lishi mumkin ham emas. Shuning uchun ham Qur’on haqida zarracha shubha qilishga hech kimning haqqi yo‘q! “Baqara” surasida: مَن كَانَ عَدُوًّا لِّلّهِ وَمَلآئِكَتِهِ وَرُسُلِهِ وَجِبْرِيلَ وَمِيكَالَ فَإِنَّ اللّهَ عَدُوٌّ لِّلْكَافِرِينَ۝ 98. Kim Allohga, Uning farishtalariga, rasullariga, Jabroilga va Mikoilga dushman bo‘lsa, albatta, Alloh kofirlarning dushmanidir. “Abasa” surasida: بِأَيْدِي سَفَرَةٍ۝كِرَامٍ بَرَرَةٍ۝ 15. Elchilarning qo‘llaridadir – 16. hurmatlangan va o‘ta yaxshilarning. Ha, Qur’oni Karim oyatlari «safara» – elchi farishtalar qo‘lidadir. U elchi farishtalarning sifatlari – ular hurmatlangan va o‘ta yaxshidirlar. Ular, avvalo, farishtadirlar. Farishtalar Allohning amridan zarracha ham chetga chiqmaydigan, o‘zlariga berilgan amrni so‘zsiz va bekamu ko‘st bajaradigan zotlardir. Shuning uchun ham Qur’oni Karim oyatlarini naql va muhofaza qilishlarida hech qanday shak-shubha bo‘lishi mumkin emas. Ikkinchidan, mazkur farishtalar oddiy farishta emas, elchi farishtalardir. Elchilik sifatlari ham ularning Qur’oni Karim oyatlarini muhofaza qilishda va naql etishda yana ham aniqlik bilan, yana ham ehtiyotkorlik bilan, yana ham omonat bilan harakat qilishlarini ta’minlaydi. Uchinchidan, mazkur farishtalar Alloh taoloning huzurida alohida «hurmatlangan» farishtalardir. Alloh taolo behudaga bularni ko‘plab farishtalar ichidan alohida hurmatlamagan. Ana o‘sha ilohiy hurmatlash ham ularning Qur’oni Karim oyatlarini muhofaza va naql qilishda alohida aniqlik, ehtiyotkorlik va omonat bilan tasarruf qilishlari uchundir. To‘rtinchidan, Qur’on oyatlari Alloh taolo tomonidan qo‘llariga ishonib topshirilgan farishtalar «o‘ta yaxshi» farishtalardir. Farishtalar hammasi Alloh taoloning eng yaxshi qullari ekaniga hech shubha yo‘q. Ammo Qur’on oyatlariga mas’ul qilingan farishtalar o‘sha eng yaxshi qullar ichida ham «eng yaxshi»lari ekani alohida e’tiborga sazovordir. Demak, Qur’on tufayli, Qur’on oyatlari xizmati tufayli bu xizmatga loyiq topilgan farishtalarning qadr-qiymatlari, obro‘-e’tiborlari va martabayu darajalari ham ortgan. Xuddi shu holat insonlarga nisbatan ham bo‘lgan. Qur’oni Karim bilan Alloh taolo O‘zi xohlagan bandalarining shon-sharafini ko‘targan. Avvalo, Qur’on oyatlarini oliy – samoviy maqomdan, Ruhul Amiyn – Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olish uchun bashariyatning eng afzali bo‘lmish Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni tanlab olgan. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Xuddi shuningdek hadislarda bir necha vazifalarga tayinlangan farishtalarni ham Allohning nazdida juda ham mukarram ekanliklari bayon qilingan. Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 06:20 | Savol-javoblar | 168 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar