Qarindoshning mevasi

Assalomu alaykum! Men qarindoshimizning uyiga ziyoratga bordim. U kishi uyda yo‘q ekanlar. Uydagi bog‘lari, uzumlarini tomosha qilib o‘tirgandim, qo‘shni uyda yashaydigan jiyanlari “bir bosh uzib, olib e" deb aytaverdi. Bu bola eyishga ruxsat olgan bo‘lsa kerak deb olib edim(o‘zidan so‘rasam, baribir, ruhsat olganman deydi). Eganimdan keyin ko‘nglim hijil bo‘lib, o‘zlariga olganim haqida aytdim. Yoqdimi deb yana bir bosh olib berdilar. Aytingchi men harom ozuqa eb qo‘ydimmi? Agar shunday bo‘lsa, 40 kun namoz qabul bo‘lmasa, shu kunlar nima qilishni maslahat berasizlar? Rahmat
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh taolo “Nur” surasida marhamat qiladi:  لَيْسَ عَلَى الْأَعْمَى حَرَجٌ وَلَا عَلَى الْأَعْرَجِ حَرَجٌ وَلَا عَلَى الْمَرِيضِ حَرَجٌ وَلَا عَلَى أَنفُسِكُمْ أَن تَأْكُلُوا مِن بُيُوتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ آبَائِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أُمَّهَاتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ إِخْوَانِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أَخَوَاتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أَعْمَامِكُمْ أَوْ بُيُوتِ عَمَّاتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أَخْوَالِكُمْ أَوْ بُيُوتِ خَالَاتِكُمْ أَوْ مَا مَلَكْتُم مَّفَاتِحَهُ أَوْ صَدِيقِكُمْ لَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَن تَأْكُلُوا جَمِيعًا أَوْ أَشْتَاتًا فَإِذَا دَخَلْتُم بُيُوتًا فَسَلِّمُوا عَلَى أَنفُسِكُمْ تَحِيَّةً مِّنْ عِندِ اللَّهِ مُبَارَكَةً طَيِّبَةً كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الْآيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُون۝ 61. Ko‘zi ojizga tanglik yo‘q. Va cho‘loqqa ham tanglik yo‘q. Va bemorga ham tanglik yo‘q. Va sizning o‘zingizga ham o‘z uyingizdan, yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo tog‘alaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan, yo siz kalitiga molik bo‘lgan yoki do‘stingiz (uyidan) emog‘ingizda (tanglik) yo‘q. Sizlarga jamlangan yoki tarqoq holda emoqda ham tanglik yo‘q. Uylarga kirgan chog‘ingizda o‘zlaringizga Allohdan bo‘lgan pokiza va muborak tabrik ila salom beringlar. Alloh sizlarga oyatlarni ana shunday bayon qilur. Shoyadki, aql yuritsangiz.
Ushbu oyati karimaning avvalida ko‘zi ojiz, cho‘loq va bemor kishilarga nimada gunoh bo‘lmasligi, tanglik yo‘qligi bayon qilingani haqida mufassir ulamolarimiz ixtilof qilganlar. Bir guruhlari «Ularning jihodga chiqmay qolishlarida gunoh va tanglik yo‘q», – deydilar. Boshqalari «Uzrli kishilarning jihodga chiqmay qolishlari gunoh emasligi, bunda ularga hech qanday tanglik yo‘qligi «Fath» va «Baroat» («Tavba») suralarida bayon etilgan, bu erda esa so‘z jihod haqida emas, balki aynan taom emoq haqida ketmoqda. Shuning uchun ham mazkur jumlani «taom eyishda ularga gunoh va tanglik yo‘q» deb tushunmoq kerak», – deydilar va bu fikrlarini tasdiqlovchi rivoyatlarni keltiradilar. Ikkinchi toifa mufassirlarning fikrlari kuchliroqdir.
«Ko‘zi ojizga tanglik yo‘q. Va cho‘loqqa ham tanglik yo‘q. Va bemorga ham tanglik yo‘q».
Qur’oni Karim ta’limotlari kishilar ongida ulkan inqilob yasadi. Ular har bir narsada o‘ta aniqlik bilan ish tutib, halol-harom, joiz-nojoiz degan masalalarda o‘ta hassos bo‘lib qolgan edilar.
Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo «Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan emang» oyatini nozil qilganidan so‘ng, musulmonlar «Alloh taolo bizni mollarimizni o‘zaro botil yo‘l bilan eyishdan qaytardi, taom eng afzal mol hisoblanadi, birovning uyiga chaqirilsa, borib bo‘lmas ekan, o‘zi ochiq ko‘ngil bilan bermasa, taomini eb bo‘lmas ekan», deb tortinib qoldilar. Shuningdek, «Ko‘zi ojiz, cho‘loq va bemor kishilar bilan birga taom esak, zaifliklari tufayli biz ulardan ko‘p eb qo‘yib, gunoh orttirib olmaylik», deb, u zaif kishilar bilan birga taom emoqdan ham o‘zlarini tiyib qoldilar. Avvallari ba’zi kishilar uylarida taom bo‘lmasa, hojatmand kishilarni, jumladan, ko‘zi ojiz, cho‘loq va bemorlarni qarindosh-urug‘lari va yoru do‘stlarining uyiga olib borar edilar. Endi esa bundan ham tortinib qoldilar. Oyatda mazkur ishlar qilinsa, gunoh, tanglik yo‘qligi bayon qilindi.
Oyati karimada:
«…sizning o‘zingizga ham o‘z uyingizdan…. Emog‘ingizda (tanglik) yo‘q», – deyilmoqda. Bundan «Odam o‘z uyida ham izn so‘rab eyishi kerakmi?» degan savol tug‘ilmaydi. Balki qarindosh-urug‘ va yoru do‘stlarning uyida taom emoq ham xuddi o‘z uyidan taom emoq bilan barobar ekani bildirilyapti.
«...yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo tog‘alaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan… emog‘ingizda (tanglik) yo‘q».
Demak, oyatda zikr qilingan toifadagi kishilarning dasturxonidan alohida iznsiz, taklifsiz ham taom esa bo‘laveradi.
Ulamolarimiz «Oyatda o‘g‘illar zikr qilinmagani otaning uyi – bolasining uyi ekani e’tiboridandir», – deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bir kishiga: «Sen ham, molu mulking ham otangnikidir», – deganlar.
Oyatda zikr qilingan qarindoshlardan tashqari,
«…siz kalitiga molik bo‘lgan yoki do‘stingiz (uyidan) emog‘ingizda (tanglik) yo‘q», – deyilmoqda.
«Kalitga molik bo‘lish» uy egasining kalitni ishonib, topshirib qo‘yishidir. Ana shunday kishilar insof bilan, qorinlari to‘yguncha esalar bo‘laveradi.
Oisha onamizdan Imom Zuhriy qilgan rivoyatda aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jihodga jo‘nab ketayotgan musulmonlar uylarining kalitlarini o‘zlari bilgan kishilarga topshirib, «Hojatingiz tushganda emoqni sizga halol qildik», – deb ketar ekanlar. Ammo kalitni olib qolganlar, bu gap quruq manzirat uchun aytilgan bo‘lsa kerak, deb, o‘zlarini tiyishar ekan. Ushbu oyat bilan Alloh ham ularga izn bergan.
«Do‘st» deganda, ishonchli do‘st, birodari uning uyidan iznsiz taom esa, xursand bo‘ladigan do‘st ko‘zda tutilgandir.
Shuningdek, oyati karimada:
«Sizlarga jamlangan yoki tarqoq holda emoqda ham tanglik yo‘q», – deyilmoqda.
Chunki qadimgi arablar to‘planib taom eyishni yomon ko‘rar edilar. Kinona qabilasi esa taomni yolg‘iz emoqni gunoh hisoblar edi. Shuningdek, ansoriylarda ham mehmoni bor odam mehmonsiz taom emas edi. Ushbu oyatda Alloh taolo har kim o‘z xohishicha eyaverishi mumkinligini bayon qildi. Ya’ni yakka yoki jam bo‘lib eganda gunoh yo‘qligini bildirdi.
Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarida jam bo‘lib taom eyish fazilat ekani aytilgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga:
– Biz taom eymiz-u, qornimiz to‘ymaydi, – dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
– Ehtimol, yakka-yakka bo‘lib ersizlar. Taomni jam bo‘lib va Allohning ismini zikr qilib englar, o‘shanda barakali bo‘ladi, – dedilar».
Imom ibn Moja hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jam bo‘lib englar, tarqoq bo‘lmanglar, jamoatda barakot bordir», – deganlar.
Keyin taom eyish uchun yoki boshqa holatlarda uyga kirish odobi bayon qilinmoqda.
«Uylarga kirgan chog‘ingizda o‘zlaringizga Allohdan bo‘lgan pokiza va muborak tabrik ila salom beringlar».
Jumladagi «o‘zlaringizga» so‘zini bir-biringizga va o‘zingizga o‘zingiz, deb tushunmoq lozim. Chunki buning bayonida kelgan rivoyatlarda «Birov bir uyga kirganda o‘sha erda bor kishilarga salom beradi, agar u erda hech kim bo‘lmasa, «Assalomu alayna va ala ibadillahis-solihiyn», deb, o‘ziga va solihlarga salom beradi», – deyilgan.
«Alloh sizlarga oyatlarni ana shunday bayon qilur. Shoyadki, aql yuritsangiz».
Ha, Alloh har bir kattayu kichik narsani mana shunday bayon qilib qo‘ygan. Bandalar uchun esa faqat ushbu amrlarga amal qilib, saodatga erishmoq qolgan, xolos. Ammo buni faqat aql yuritganlargina anglab etadilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

3 May 2022, 00:54 | Savol-javoblar | 152 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar