Poytaxt axolisi viloyatdan kelganlarni mensimasligi

Assalomu alaykum! Poytaxt axolisi viloyatdan kelgan axoliga mensimay muomila qilishlari. Ya’ni viloyatlilar orqasidan xarp, yantoq, indeys, ketmon va hokazolar shunga o‘xshash masxara qilishlari xukmi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh taolo “Humazah” surasida marhamat qiladi: وَيْلٌ لِّكُلِّ هُمَزَةٍ لُّمَزَةٍ۝ 1. Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin.
Odamlarning obro‘sini g‘iybat yo‘llari bilan ko‘p to‘kuvchi odam arab tilida «humaza» deyiladi. Odamlarning aybini, kamchiliklarini imo-ishora ila masxara qiluvchi «lumaza» deyiladi. «Vayl» jahannamdagi bir vodiyning nomi yoki «holiga voy», «halok bo‘lsin» degan ma’nodagi so‘z ekanini oldin ham o‘rganganmiz.
Ushbu ikki sifatga ega bo‘lganlarning barchasi do‘zaxga tushadi va ularning ahvoliga voy bo‘ladi, deydi Alloh taolo. Chunki mo‘min kishining qonini to‘kish qanchalik gunoh bo‘lsa, obro‘sini to‘kish ham shunchalik gunoh. Odam o‘ldirib – qon to‘kib gunoh qilganlar jahannamga tushganlaridek, g‘iybat qilib – obro‘ to‘kib, kishilarni xafa qilganlar ham jahannamga tushadi.
“Hujurot” surasida: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا يَسْخَرْ قَومٌ مِّن قَوْمٍ عَسَى أَن يَكُونُوا خَيْرًا مِّنْهُمْ وَلَا نِسَاء مِّن نِّسَاء عَسَى أَن يَكُنَّ خَيْرًا مِّنْهُنَّ وَلَا تَلْمِزُوا أَنفُسَكُمْ وَلَا تَنَابَزُوا بِالْأَلْقَابِ بِئْسَ الاِسْمُ الْفُسُوقُ بَعْدَ الْإِيمَانِ وَمَن لَّمْ يَتُبْ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ۝ 11. Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir. Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasinlar), ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir. Va o‘zingizni o‘zingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qo‘ymang. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon! Va kim tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar zolimlardir.
Albatta, o‘zgalarni masxara qilish yomon odat bo‘lib, jamiyat a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Bir odam ikkinchisini masxara qilsa, kamsitsa, ustidan kulsa, albatta, masxara qilingan odamning achchig‘i chiqadi, u ham masxara qiluvchiga o‘ziga yarasha javob berishga urinadi. Orada nizo-janjal chiqadi, ijtimoiy aloqalar buziladi va jamiyat zaiflashadi. Islom esa doimo musulmonlar jamiyatining mustahkam bo‘lishi uchun qayg‘uradi. Shuning uchun ham ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarni bir-birini masxara qilishdan qaytarmoqda.
«Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir».
E’tibor beradigan bo‘lsak, Alloh taolo ushbu oyatni yana
«Ey iymon keltirganlar!» nidosi ila boshlamoqda. Bu mazkur surai sharifaning avvalidan buyon ushbu shakldagi to‘rtinchi nidodir. Shuning o‘zi ham nidodan keyin keladigan masala o‘ta muhimligidan darak beradi.
Ojiz inson har narsani o‘z o‘lchovi bilan o‘lchashga harakat qiladi. Shuningdek, masxara qiluvchilar ham odamlarning qadrini o‘z qarichlari bilan o‘lchab, boy kambag‘aldan, kuchli kuchsizdan, amaldor amali yo‘qdan, farzandi ko‘p farzandsizdan kulishi mumkin. Lekin Allohning o‘lchovi boshqa. Ehtimol, hech kim ko‘zga ilmaydigan bir inson Allohning huzurida minglab boy, zodagon, uddaburolardan chandon-chandon yaxshi martabadadir.
Odatda, ko‘pgina ishlar haqidagi hukmlar erkaklarga xitoban aytilsa-da, o‘z-o‘zidan, ayollarni ham ichiga olib ketaveradi. Ammo bir-birini masxara qilishdan man qiluvchi xitobda erkaklardan keyin ayollar alohida zikr qilingan.
«Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasinlar), ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir».
Nimaga? Chunki bir-birini masxara qilib, ustidan kulish, turli ishlar bilan faxrlanib, o‘zgalarni kamsitish ayollarda ko‘proq uchraydi. Chiroyli ayol xunugini, boyi kambag‘alini, yoshi qarisini, mohirasi no‘nog‘ini masxara qilib, ustidan kuladi. Lekin Allohning o‘lchovi boshqa-ku! Ehtimol, hayotda xunuk, kambag‘al, no‘noq bo‘lgan ayol Allohning huzurida minglab chiroyli, boy va mohira ayollardan ko‘ra yaxshiroqdir.
Ha, kishilar qadrini o‘lchashda Allohning tarozisi haqiqiy tarozi hisoblanadi.
So‘ngra oyatda mo‘minlar yana bir yuksak odobga chaqiriladilar:
«Va o‘zingizni o‘zingiz mazax qilmang…»
Oyati karimadagi ushbu jumla kim biror mo‘minni mazax qilsa, o‘zini mazax qilgan bilan barobar ekanini aytmoqda. Chunki ular bir oilaning farzandlari, bir jismning a’zolari, shuning uchun kim biror birodarini mazax qilsa, o‘zini mazax qilgan bo‘ladi. Biz «mazax qilish» deb tarjima qilayotgan so‘z oyatda «La talmizu» lafzi bilan kelgan. Bu so‘z «lamz» so‘zidan olingan bo‘lib, biror kishining nuqsonlarini til bilan zikr qilib, ayblashga nisbatan ishlatiladi. Misol uchun, «Falonchi ko‘r», «Pismadonchi cho‘loq» yoki «Anavi mana bunday qilib gapiradi» kabilar. Albatta, bir-birini mazax qilish orqasidan jamiyat a’zolari orasida o‘zaro kelishmovchiliklar, noroziliklar kelib chiqadi. Natijada ijtimoiy aloqalar buziladi, jamiyatga katta zarar etadi. Islom jamiyatida esa buning aksi bo‘lishi kerak.
Oyati karimada da’vat qilinayotgan uchinchi yuksak odob Allohning
«…bir-biringizga laqab qo‘ymang», degan so‘zida namoyon bo‘lgan.
Odatda, laqab qo‘yish orqali bir kishini kamsitish, masxara qilish maqsadi bo‘ladi. Umuman, laqab yomon sifatlarni zikr qilishdan iborat. Demak, bu ish aslida yaxshi emas. Islom go‘zal din, go‘zallikni targ‘ib qiluvchi din, «Alloh go‘zaldir, Alloh go‘zallikni yaxshi ko‘radi», deyiladi asarlarda.
Shuning uchun ham Nabiy alayhissalom johiliyat paytidan qolgan xunuk ism va laqablarni chiroylisiga almashtirganlari hammaga ma’lum.
Imom Ahmad qilgan rivoyatda Abu Jubayra ibn Zahhok deganlarki: «Bir qavm boshqasini masxara qilmasin…» oyati bizning Banu Salama qabilamiz haqida nozil bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, bizning har birimizning ikki yoki uch xil ismlarimiz bor edi. Agar u kishi birortamizni o‘sha ismlardan birini aytib, chaqirsalar, kishilar: «Ey Allohning Rasuli, u bu ismni eshitsa, g‘azabi chiqadi», – deyishardi».
Keyingi davrlarda ham bu g‘ayri odobiy ishga qarshi qattiq kurash olib borilgan. Laqab qo‘yish orqali insonni kamsitish katta gunoh hisoblanadi. Ayniqsa, u inson mo‘min bo‘lsa. Shuning uchun ham oyatda:
«Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon!» – deyilmoqda.
Agar ba’zi kishilar bir-birlariga laqab qo‘yishib yurgan bo‘lsalar, avval hukmni bilmagan bo‘lsalar, endi bilib, tushunib etib, tavba qilsinlar, astoydil nadomat chekib, keyin bu ishni takrorlamasinlar. Shunda Alloh taolo ularning avvalgi gunohlarini kechiradi. Tavba qilmaganlar-chi? Bu savolga javob oyatning o‘zida kelgan:
«Va kim tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar zolimlardir». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:28 | Савол-жавоблар | 182 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar