Kechirish va kechirilish

Assalomu alaykum! Savolim shuki, men opam bilan necha yildan buyon gaplashmay kelaman. Lekin ko‘nglimda opamga nisbatan yomonlik yo‘q. Nima bo‘lganda xam jigarim, men bir necha marotaba yarashish ilinjida gapirmoqchi, kechirim so‘ramoqchi bo‘ldim, lekin opam meni eshitishni xam gapirishimni xam xoxlamadi. Menga nisbatan ko‘nglida kuchli adovat bor, mendan vos kechib senday jigarim yo‘q deb menga va boshqalarga aytib keladi. Men xamisha Allohdan opamga insof so‘rab kelajakda oqibatimiz tiklanishni so‘rayman, lekin meni qiynayotgan narsa biz shu axvolda omonatimizni topshirsak u dunyoda axvolimi nima bo‘ldi?! Meni xech qachon opamga xusumatim bo‘lmagan bo‘lmaydi ham. Tez kunlarda yarashib onamizni ko‘zlarini quvnatish va Allohning  roziligini olishni xoxlayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Aliy roziyallohu anhu doim Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga yo‘liqqanlarida birinchi bo‘lib salom berar edilar. Bir bor yo‘liqqanida salom bermay kutib turdi. Abu Bakr birinchi bo‘lib salom berdi Aliy roziyallohu anhu unga alik oldi. Bu holatdan ajablangan Abu Bakr holatni Umar roziyallohu anhuga bayon qildi. Aliyning qalbida biror holat kechdimikin degan xayolga bordi. Sahobalar aslo bir-birlariga nisbatan qalblarida kudurat bo‘lishini xohlamas, hamma narsani ochiq-oydin bayon qilib tushunmovchilikni bartaraf qilishga, gap o‘tib qolsa rozi-rizochilik olib yarashishga harakat qilar edilar. Ikkisi Aliy roziyallohu anhuning oldiga kelishda va nega odatdan tashqari ishni qilganini so‘rashdi. Aliy “Bugun tunda tushimda jannatni ko‘rdim. Unda bir uyni ko‘rdim, go‘zalligiga ta’rif ojiz. Shunda bu kimga atalgan deb so‘radim. G‘oyibdan bir ovoz bu birinchi bo‘lib salom beruvchiga dedi. Men o‘sha narsani Abu Bakrga ilindim. Aslida qalbimda u zotga nisbatan dilxiralik yo‘q” dedi. Siz ham salom bering, yalinib yolboring va Alloh taoloning quyidagi oyatini o‘qib duo qiling. وَالَّذِينَ جَاؤُوا مِن بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِّلَّذِينَ آمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَؤُوفٌ رَّحِيمٌ۝ 10. Ulardan keyin kelganlar: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», – derlar. Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 09:56 | Savol-javoblar | 151 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar