Ayolim xoxlamayapti

Assalomu alaykum! Uylanganman bitta qizim bor sal injiq kechasi bilan uxlamaydi biz ayolim bilan 5 vaxt nomoz o‘qiymiz qizim yosh 5 oyli kechasi bilan ayolim qizimga qarab to‘g‘ri dam ololmaydi ertalab bomdodga uygataman erinib uyganadi ayrim payt yok okimayman boring oziz okiy vering deydi majburlagan kunlarimxam bolgan oldin unaka mas edi nima kilay maslaxat bering iltimos oldindan raxmat javob
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz hikmat bilan chaqirishda davomli bo‘ling. Alloh taolo "Tahrim" surasida marhamat qiladi:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ۝ 6. «Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahlu ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan olovdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar».
Bu oyati karimada Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini o‘zlarini va ahli ayollarini oxirat otashidan saqlashga buyurmoqda.
«Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan olovdan saqlang».
Mazkur do‘zax olovidan saqlash gunohlarni tark etish va toat-ibodat qilish bilan bo‘ladi. Oxirat otash-olovi bu dunyoning olovidan farq qiladi. Uning yoqilg‘isi odamlardan va toshdan iborat bo‘ladi. Ya’ni bu dunyoda iymonga kelmay, gunoh qilib, Allohning amriga bo‘ysunmay, osiy o‘tgan bandalarning jasadi o‘sha o‘tga yoqilg‘i bo‘ladi. Faqat inson tanasining o‘zi kuysa, uncha qizimay qolmasin, deb tosh ham qo‘shimcha yoqilg‘i qilinadi. Ehtimol, ushbu oyatlar nozil bo‘lgan davrda toshning yoqilg‘i bo‘lishi kishilarning tasavvuriga kelmagandir. Ammo toshko‘mir chiqqandan keyin tosh qanchalik yuqori issiqlik beruvchi yoqilg‘i ekani hammaga ma’lum bo‘ldi.
Do‘zaxning yana bir dahshatli tomoni – uning qo‘riqchilari qo‘pol va shafqatsiz farishtalardir.
«Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar». 
Ulardan hech kim qochib, qutula olmaydi. Shu bilan birga, mazkur farishtalar Alloh taologa mutlaq itoatdadirlar, nimaga amr qilsa, o‘shanga og‘ishmay amal qiladilar.
Ahli ayolini, farzandlarini dindor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Alloh taoloning oldidagi burchi ekaniga ushbu oyati karima yorqin dalildir. Odamlar orasida «O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y» degan noma’qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha, er xotin uchun, ota farzandlari uchun ham mas’uldir. Qiyomatda Alloh taoloning huzurida javob beradi. Ushbu oyat ma’nosidagi hadisi shariflar ham bor.
Hazrati Umar ushbu oyati karima nozil bo‘lgandan so‘ng:
«Ey Allohning Rasuli, o‘z nafsimizniku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?» deb so‘ragan ekanlar. Shunda Nabiy alayhissalom:
«Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar. Ana o‘sha ularni o‘tdan saqlash bo‘ladi», deb javob berganlar.
Hazrati Ali: «O‘zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta’lim beringlar va ularni odobli qilinglar», deb aytganlar.
Hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: «Ey ahlim, namoz o‘qing, ro‘za tuting, zakot bering, miskinlarga, etimlarga, qo‘shnilarga yaxshilik qiling, shoyadki, Alloh sizlarni jannatda birga qilsa», degan odamga Allohning rahmati bo‘lsin», deganlar.
Demak, har birimiz xotinimiz, o‘g‘limiz, qizimizni, oila a’zolarimizning barchalarini dinga da’vat qilishimiz, diniy ahkomlarni doimo o‘z vaqtida bajarishlarini qat’iyat bilan talab qilib turishimiz kerak. Vallohu a’lam!

7 May 2022, 20:50 | Savol-javoblar | 147 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar