G‘ayridinlarni yomon ko‘rishimiz kerakmi?

Assalomu alaykum! Biz musulmonlar g‘ayridinlarni yomon ko‘rishimiz kerakmi? Menga ko‘rinishidan islom dinidan chuqur bir ilmga ega bir odam, “biz musulmon bo‘lib g‘ayridinlarni yomon ko‘rishimiz kerak” deb aytdilar. Lekin men bu fikrga qarshiman, shuning uchun silardan so‘rashga axd qildim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Urush holati bo‘lganida ular bilan yomon muomalada bo‘lish aniq. Lekin tinchlik holatida ularga yomon muomalada bo‘lishi kerak emas. Hatto ahli kitoblardan sevgan qizlaringizga uylanishingiz ham joiz deyilgan. Endi inson sevgan xotiniga qanday muomala qilishini bilsangiz kerak. Alloh taolo "Mumtahana" surasida marhamat qiladi:   لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ أَن تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ۝ 8. Alloh sizlar bilan din borasida urush qilmagan va sizlarni diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadir.
Alloh taolo bu oyati karimada mo‘min-musulmonlarni boshqa millat va diyonat vakillari bilan, agar ular musulmonlarga diniy adovat ila urush qilmasa va ularni siquvga olib, o‘z diyorlaridan chiqarib yuborishga urinmasa, yaxshi aloqada bo‘lishga buyurmoqda va ularga nisbatan adolatli bo‘lishni ta’kidlamoqda.
«Ha, ey musulmonlar,
«Alloh sizlar bilan din borasida urush qilmagan va sizlarni diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan sizlarni qaytarmas».
Ushbu hukm Islom dinining naqadar insonparvar va kengbag‘ir din ekanining yorqin dalilidir. Bu din boshqa dindagilarga yaxshilik va adolat qilishdan hech kimni man qilmaydi.
«Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadir».
Bunday ulug‘vor hukmni o‘zga tuzum va dinlar joriy eta olmaganlar. إِنَّمَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ قَاتَلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَأَخْرَجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ وَظَاهَرُوا عَلَى إِخْرَاجِكُمْ أَن تَوَلَّوْهُمْ وَمَن يَتَوَلَّهُمْ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ۝ 9. Albatta, Alloh sizlar bilan din borasida urush qilganlar, sizlarni diyorlaringizdan quvib chiqarganlar va chiqarilishingizga yordam berganlarni do‘st tutishdan qaytaradi, xolos. Kim ularni do‘st tutsa, ana o‘shalar – o‘zlari zolimlardir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 09:45 | Savol-javoblar | 150 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar