Salomlashishning hukmi

Assalomu alaykum! Salomga alik olish qanday amal dalillar bilan keltirib o‘ta olasizmi? Bir kishi sunnat desa bir kishi farz deydi, aslida alik olish qanday amal?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Hadis va Hayot” kitobidan: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: خَمْسٌ تَجِبُ عَلَى الْمُسْلِمِ لِأَخِيهِ: رَدُّ السَّلَامِ، وَتَشْمِيتُ الْعَاطِسِ، وَإِجَابَةُ الدَّعْوَةِ، وَعِيَادَةُ الْمَرِيضِ، وَاتِّبَاعُ الْجَنَائِزِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Musulmonning zimmasiga o‘z birodari uchun besh narsa vojib bo‘ladi: salomga alik olish, aksa urganga sog‘lik tilash, taklifni qabul qilish, bemorni ko‘rish va janozaga ergashish», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda zikr qilingan narsalardan hozir biz uchun keragi salomga alik olishdir. Qolganlari o‘z o‘rnida kelgan.
Bir musulmon salom bersa, ikkinchi musulmonga uning salomiga alik olish vojib bo‘lar ekan. Salomga alik olmagan kishi vojib amalni tark qilgan shaxs sifatida gunohkor bo‘ladi. Salom berish sunnat, alik olish vojibdir. Chunki salomga alik olinmasa, orada adovat, urush-janjal va musulmonlar o‘rtasida turli kelishmovchiliklar chiqadi. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 13:42 | Savol-javoblar | 247 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar