Qurbonlik va zakot

Assalomu alaykum! Ramazon paytida 2000$pulim (5oy to‘lgan edi pulimmi yig‘ishni boshlaganimga) va 700$ qarzim (qarzzi berish muddati kelmagan edi) bor edi. Zakot beraman deb yurib, xar xil malumotlarni ko‘rgandan keyin zakot manga farz bo‘lmagan degan xulosaga kelgandim. Savolim quyidagicha: 1. Manga zakot farz bo‘lganmidi? 2. Qurbon xayitta qurbonlik qilishim kerakmi? 3. Agar zakot farz bo‘lsa, o‘sha ro‘za paytida zakotti niyat qilib 400 ming so‘m bergan edim, uni minus qilib zakot beramanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shariatimiz kishi zakot berishi farz bo‘lishi uchun, zakot olishi uchun, qurbonlik qilishi vojib bo‘lishi va tilanchilik qilishi harom qiladigan nisoblar bor. Quyida bu nisoblarning tafsiloti keltiramiz:Nisob uch xil bo‘ladi. 1. Zakot berish vojib bo‘lishi uchun nisob;
2. Zakot olmaslik uchun belgilanadigan nisob.
3. Tilanishni harom qiladigan nisob.
Birinchi nisobni belgilashda hojati asliydan tashqari nomiy (o‘sib turuvchi) mollari hisoblanadi. Masalan: tillo, kumush, naqd pullar, tijorat mollari va zakoti berilishi shariatda belgilangan chorva hayvonlari.
Ikkinchi nisobni belgilashda esa, ham nomiy, ham nomiy bo‘lmagan mollarni hisob qilinadi. O‘sib turuvchilari yuqoridagilardan ma’lum. Nomiy bo‘lmaganlari esa, tijorat maqsadida bo‘lmay o‘g‘illar uchun sotib olingan quruq erlar, (o‘zi o‘tirgan uyining yonidagi xonalardan tashqari) ijaraga berilmay bo‘sh turgan uylar, o‘g‘il-qizga berish maqsadida olib qo‘yilib, ularga mulk qilib berilmagan sep-sidirig‘lar(agar ularga mulk qilib berilgan bo‘lsa, olgan o‘g‘il qizlarning nisobiga hisob qilinadi), hech vaqt iste’mol qilinmaydigan suvenir va idishlar, televizor ham hojati asliydan tashqari mol hisoblanadi. Bu narsalar garchi zakot berishda hisobga olinmasada, zakot olishda hisobga olinadi. Kimning hojati asliysidan tashqari yuqorida zikr qilingan narsalari bor bo‘lib, zakot nisobiga etsa, unday kishilarga zakot olish joiz emas. Lekin, zimmasiga qurbonlik qilish, hamda fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Birinchi nisobni bilish, zakot beruvchilar uchun zarur. Ikkinchi nisobni bilish esa, ham beruvchi(o‘z o‘rniga berishi uchun), ham oluvchi uchun zarurdir. Chunki bu nisobga ham ko‘p hukmlar taalluqlidir. Masalan, sadaqai fitr berish va qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Sadaqa olmaslik (hadya bo‘lsa joiz), nazr qilingan go‘shtni emaslik, nazr qilingan narsalarni olmaslik kerak bo‘ladi.
Uchinchi nisob bir kunlik eguligi bo‘laturib, tilanchilik qilishi harom bo‘lgan nisobdir. (Umdatul fiqh).1). Yuqoridagiga ko‘ra, qarzingizni chiqarib yuborsangiz 27.200.000 so‘mga teng pul mablag‘ingiz, tillo va ko‘mush buyumlaringiz bo‘lsa, nisob egasi bo‘lasiz. Nisob egasi bo‘lgan kuningizga bir yil to‘lib, zimmangizga zakot farz bo‘ladi. Undan oz bo‘lsa zakot farz emas. Shunga ko‘ra sizning pul mablag‘ingizdan tashqari tillo va kumushingiz bo‘lmasa, nisobga etmaganligi tufayli zakot sizga farz bo‘lmaydi.
2) Qurbonlik uchun ham yuqoridagi tafsilotga ko‘ra mol-mulkingizni hisob qilishingiz kerak. Nisobga etgan bo‘lsa, qurbonlik qilishingiz vojib bo‘ladi.
3) Kelajakda beriladigan zakot hisobidan niyat qilib bergan mablag‘ingizni zakotning umumiy summasidan ayrib tashlasangiz bo‘ladi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 00:01 | Savol-javoblar | 134 | Zakot
|
Boshqa savol-javoblar